O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyul kuni kam ta’minlangan oilalar hamda mehribonlik uylarida istiqomat qiluvchi bolalarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari so‘zi avvalida bugungi yig‘ilishda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olish zarurligini qayd etdi.

«Albatta, har bir go‘dak bu yorug‘ dunyoga kelar ekan, unga hamma ota-onasi bag‘rida yayrab o‘ssin, baxtli-saodatli bo‘lsin, deb tilak bildiradi. Lekin, taqdir taqozosi bilan ularning ayrimlari ota-ona mehridan benasib qoladi. Bunday holatda bu norasida bolalarning aslo aybi yo‘q ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz, albatta», — dedi u.

Hozirgi kunda:

  • 13 ta «Bolalar uyi»da 560 nafar bolalar (3−4 yoshgacha);
  • 16 ta «Mehribonlik uyi» va 4 ta «Bolalar shaharchasi»da 1,8 ming nafar bolalar (3 yoshdan 18 yoshgacha);
  • 86 ta maxsus internatda 21 ming nafar bolalar (7 yoshdan 18 yoshgacha);
  • homiylik, vasiylik, oila patronati asosida 79 ming nafar bolalar tarbiyalanmoqda.

«Lekin, bir o‘zimizga savol beraylik, ushbu mehrga muhtoj bolalar g‘amxo‘rlikni to‘liq his qilayapti-mi? Afsuski, yo‘q. Bugun Yunusoboddagi 21-son «Mehribonlik uyi»ga borganimda, na sohaga mas’ul vazirlik, na hudud sektor rahbarlari bu yerdagi muhit va sharoit bilan ishlamagani ayon bo‘ldi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misol uchun, so‘nggi 10 yilda «Mehribonlik uylari» va «Bolalar shaharchalari»ni uy-joyga muhtoj 1 ming 188 nafar bitiruvchilaridan 610 nafariga yoki 51 foiziga uy-joy ajratilgan.

«Mehribonlik uylari»dagi ta’lim-tarbiya ishlari ham mutlaqo qoniqarsiz.

Shuningdek, «Mehribonlik uylari» bitiruvchilarining atigi 1,6 ming nafari yoki 64 foizi ish bilan ta’minlangan.

Shu kabi, o‘tgan yili ixtisoslashgan maktablarni bitirgan 1,5 mingdan ziyod nogironligi bor yoshlarning atigi 264 nafari ishga joylashtirilgan.

«Ochiq aytish kerak, bugungi kunda xalq ta’limi tizimiga qarashli «Mehribonlik uylari» va «Bolalar shaharchalari»dagi tarbiyachilarning 95 foizi ayollar bo‘lib, bolalar ularni «ona» deb chaqirishadi. Lekin, «ota» tarbiyasi-chi? Bu yerdagi farzandlarimizni oilaga imkon qadar yaqin muhitda tarbiyalashimiz uchun, albatta, «ota» va «ona» mehrini bera oladigan tizim yaratishimiz kerak», — dedi prezident.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tuman va shahar hokimlari hamda sektor rahbarlari bolalarni homiylik, vasiylik va oila patronatiga berish ishlariga umuman e’tiborsiz.

«Shu bois, sohada mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. 16 ta „Mehribonlik uylari“ va 4 ta „Bolalar shaharchalari“ Xalq ta’limi vazirligi tizimidan chiqarilib, Milliy gvardiyaga o‘tkaziladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun, Milliy gvardiyada alohida qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi va alohida boshqarma tashkil etiladi.

Milliy Gvardiya rahbari Rustam Jo‘rayevga ikki hafta muddatda har bir «Mehribonlik uylari» va «Bolalar shaharchalari»ga shaxsan o‘zi borib, ularga Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma boshliqlari, har bir guruhga malakali ofitser va psixologlarini biriktirishi, logoped va defektologlarni ishga olishi bo‘yicha topshiriq berildi.

Shuningdek, Rustam Jo‘rayev bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida ularni Milliy gvardiyaning harbiy qismlari, poligonlari, «chavandozlar maktablari»ga olib chiqib, harbiy texnikadan foydalanishga, ot sportiga o‘rgatishni tashkil etadi.

Ikki oy muddatda biriktirilgan Milliy gvardiya xodimlarini bolalar bilan ishlashga o‘qitadi.