27 iyul kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan «O‘zbekistondagi qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi bo‘yicha xalqaro grant shartnomasi imzolandi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Loyiha Yaponiya ijtimoiy rivojlanish fondining (JSDF) 2,728 mln AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari hisobiga 2021−2024 yillarda Farg‘ona viloyatining Furqat, So‘x, Yozyovon, Qo‘shtepa va Jizzax viloyatining Yangiobod, Baxmal, Forish, Zomin tumanlaridagi mahallalarda amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda.

Loyiha bo‘yicha grant shartnomasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli hamda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fudjiyama tomonidan imzolandi.

Loyihaning maqsadi — chekka qishloq hududlardagi «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarning tadbirkorlik qo‘nikmalarini rivojlantirish, bandligini ta’minlash hamda oilalarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Loyiha ikki bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 3 500 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning boshlang‘ich moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda 350 ta biznes loyihalar uchun 1,5 mln dollar ajratish orqali qishloq hududidagi ayollar tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinadi hamda grant doirasida moliyalashtirilmagan biznes loyihalar belgilangan tartibda tijorat banklari orqali amalga oshiriladi.