Javlon Vahobov O‘zbekistonning Braziliyadagi (qarorgohi AQShda) favqulodda va muhtor elchisi sifatida o‘z faoliyatini boshladi. U ishonch yorlig‘ini Braziliyaning AQShdagi elchisi Nester Forsterga topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.

Marosimdan keyin elchilar o‘rtasida alohida suhbat tashkil etilgan. Nester Forster o‘zbek diplomatini yangi tayinlov bilan tabriklab, Braziliyada saqlanib qolayotgan pandemiya holati munosabati bilan, shuningdek, O‘zbekiston elchisining Braziliya TIVda akkreditatsiyadan o‘tishdagi kechikishlarning oldini olish maqsadida Braziliya TIV rahbariyati nomidan ishonch yorlig‘i nusxasini olish vakolati topshirilganini ma’lum qilgan.

U shuningdek, Braziliya tashqi ishlar vazirligi nomidan O‘zbekiston rahbariyatiga Braziliyada o‘z vakilini tayinlash to‘g‘risidagi qarori uchun minnatdorlik bildirgan.

Nester Forsterning so‘zlariga ko‘ra, «Braziliya va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘plab sohalarda ulkan ochilmagan salohiyat mavjud va ularni birgalikda amalga oshirish lozim».

Javlon Vahobov (1980 yilda tug‘ilgan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetini tamomlagan) 2015 yil iyuldan 2017 yil dekabriga qadar O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan, ungacha esa (2013 yil noyabrdan) vazir o‘rinbosari bo‘lgan.

2006−2013 yillarda Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashida, 2013 yilda bir muddat Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori sifatida ishlagan.

U 2017 yildan beri O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishlab kelmoqda.

Javlon Vahobov shuningdek, O‘zbekistonning Kanadadagi elchisi (qarorgohi — Vashingtonda) ham hisoblanadi.