Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishning yagona yo‘li ommaviy emlash ekanligi aytilmoqda. Lekin, shunga qaramasdan butun dunyoda odamlarning bir qismi turli sabablarga ko‘ra vaksina olishdan bosh tortmoqda. Ko‘pgina mamlakatlar emlanishga ikkilanayotgan fuqarolarini vaksinatsiya jarayonlariga jalb qilish uchun rag‘batlantirish yo‘llarini qidirmoqda. Shuning uchun, ular vaksinatsiya bo‘yicha targ‘ibotidan tashqari lotereya, pul mukofotlari va turli bonuslar singari chora-tadbirlarni qo‘llamoqda.

Bloomberg bilan suhbatlashgan mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, rag‘batlantirishlar foyda berishi mumkin, chunki, odatda, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha oddiy chaqiriqlar kifoya qilmaydi.

«Rag‘batlantirish — odamlarning xulq-atvorini o‘zgartiradi. Qo‘rquv yoki xavf haqidagi hikoyalar orqali muloqot qilish samarasizdir», — deydi Shimoliy Karolina universiteti professori Noel Bryuer. Shu bilan birga, bu masalada mahalliy aholining konteksti va ehtiyojlari ham hisobga olinishi kerak. Shimoliy Karolinada vaksinaning birinchi dozasini olgan odamlarga 25 dollar to‘landi. Bir tomondan, bu kamroq ko‘rinishi mumkin, ammo kam daromadli hudud uchun bu samarali ish edi.

Lotereyalar

The Bell nashrining yozishicha, dunyoning turli mamlakatlari vaksinatsiyada ishtirok etganlar uchun katta yutuqli lotereyalar o‘tkazmoqda.

Gonkongda vaksinalarga nisbatan jamiyatdagi ishonchsizlik yuqori bo‘lganligi sababli emlash ishlari sekin borayotgan edi. Lekin, lotereyaning birinchi haftasida 1 milliondan ortiq emlangan fuqarolar Sino Group va Chinese Estates kompaniyalaridan qiymati 1,4 million dollar bo‘lgan kvartiralarni yutib olish bo‘yicha o‘yinda qatnashish uchun ariza topshirishdi.

Hozirda Gonkongda emlanishdan so‘ng Tesla mashinasi yoki kvartira yutib olish mumkin. U yerda «vaksina-lotereyalarida» oltin quymasi, Rolex soatlari yoki 100 ming AQSh dollari ham o‘ynaladi. Gonkongda emlashni rag‘batlantirish kampaniyasi boshlanganidan beri vaksinaning ikkita dozasini olganlar soni ikki baravarga ko‘payib, 2 milliondan oshgan.

Nyu-Yorkda vaksina olgan har bir kishi 5 mln dollar yutib olishi mumkin. Ogayoda 5 kishi 1 mln dollardan, Merilend shtatida istiqomat qiluvchilar esa 40 mingdan 400 ming dollargacha pul mukofoti yutib olishi mumkin.

Moskvada, emlanish uchun kelganlar orasida mashinalar, Podmoskoveda kvartiralar o‘ynaladi. Rossiyaning yirik kompaniyalari xodimlarini koronavirusga qarshi emlanishga turli xil moddiy bonuslar, yutuqlar va boshqa usullar bilan rag‘batlantirishga harakat qilmoqdalar.

Masalan, «Alrosa» kompaniyasi emlangan ishchilar o‘rtasida qorda yuradigan mashina (snegoxod) va Hyundai Solaris`ni o‘ynamoqda, «Yevraz» va «Severstal» pul va boshqa yutuqlar bilan lotereyalar o‘tkazmoqda, Magnitogorsk metallurgiya kombinati vaksina olganlik uchun dam olish kuni bermoqda, «Fosagro» esa emlangan xodimlarni dam olish joylariga bepul yo‘llanmalar olish uchun navbatda oldinga suradi.

Bunday lotereyalar o‘z navbatida aholini emlashning iloji boricha yuqori ko‘rsatkichlariga erishishdan manfaatdor bo‘lgan mahalliy tadbirkorlik subyektlari yordamida amalga oshiriladi. Shuning uchun xususiy kompaniyalar fuqarolarni rag‘batlantirish jarayonida ishtiyoq bilan ishtirok etadilar.

Bloomberg ushbu rag‘batlantirish choralari Rossiyada ish berayotganligi haqida yozgan edi. Rossiyadagi «Levada markazi»ning sotsiologi Denis Volkovning ta’kidlashicha, korxonalarning sa’y-harakatlari foyda beryapti, ammo ishontirish, targ‘ibot va bosimsiz ko‘p odamlar emlanishga tayyor emasliklarini ham kuzatish mumkin.

To‘g‘ri, hech qanday lotereya vaksinatsiyaga mutlaq qarshi bo‘lgan shaxslarni ishontira olmasligi mumkin, biroq shubhalanib, ikkilanayotganlarga turtki berishi mumkin.

Boshqa tomondan, Ogayoda yaqinda o‘tkazilgan vaksina lotereyalari bo‘yicha tadqiqotlarda mazkur jarayonlar ba’zi ijobiy dinamikalar borligiga qaramay emlash tezligiga ta’sir qilganligi to‘g‘risida hech qanday dalil topilmadi.

Vaksina uchun bonus

Lotereyalardan tashqari turli mamlakatlarda vaksina olganlik uchun qo‘shimcha ravishda bonuslar ham joriy qilingan.

Rossiya

Moskvada emlangan fuqarolarga shahardagi kuzatuv maydonchasiga chipta beriladi. 16 iyundan boshlab, har kuni vaksinatsiya punktlariga 200 ta chiptalar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, poytaxtdagi GUMda yanvar oyida emlash punkti ochilgan. U yerda har ikki ukol uchun alohida mashhur shokoladli «Eskimo» muzqaymog‘i ham beriladi.

60 yoshdan oshgan moskvaliklar uchun «Million yutuqlar» dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Birinchi ukoldan so‘ng ular 1000 ball (rubl)ga ega sovg‘a kartasi yoki promokodni qo‘lga kiritishlari mumkin. Sovg‘a kartasi yoki sertifikat (promokod)dan do‘kon, dorixona, restoran va kafelarda to‘lov sifatida foydalansa bo‘ladi.

Xabarovskda Pasxa bayramidan oldin nafaqadagi fuqarolarga emlanganlik uchun o‘ntadan tuxumlar berilgan.

AQSh

Oq uy sport tadbirlariga bepul chiptalar, sovg‘a kartalari, pul va to‘lanadigan ta’tillarni berish orqali emlashni rag‘batlantirib bormoqda. Vaksina olganlarga AQShning Ogayo shtatidagi Cleveland Cinemas kinoteatrlarida 1,2 kg popkorn beriladi.

AT&T, Instacart, Target, Trader Joe’s, Chobani, Petco, Darden Restaurants, McDonald’s va Dollar General kompaniyalarining ishchilariga vaksinatsiyaga ketgan soatlar uchun pul to‘lanib, dam olish kuni ham ajratiladi.

Serbiya

31 maygacha COVID-19 ga qarshi hech bo‘lmaganda 1 doza bilan emlangan 16 va undan katta yoshda bo‘lgan Serbiya fuqarolariga davlat tomonidan 3000 serbiya dinori (taxminan 320 ming so‘m) to‘lanishi mumkin edi.

Mo‘g‘uliston

Mo‘g‘ulistonda ham koronavirusga qarshi to‘liq emlangan fuqarolarga pul mukofoti berilmoqda. 5 maydan boshlab har bir emlangan shaxsga 50 ming tugrikdan (taxminan 190 ming so‘m) berilmoqda.

Yaponiya

Yaponiyaning Miyasiro shahri aholisi uchun 1000 iyenalik (taxminan 9,45 dollar) sovg‘a sertifikati beriladi.

Hindiston

Hindistonning Gujarat shtatida emlangan ayollarga pirsing uchun tilla taqinchoqlar va erkaklarga maishiy texnika beriladi.


O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan to‘lov kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, 2021−2022 o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov kontraktiga 10 foiz miqdorida bir martalik chegirma bonusi beriladi.