UzAuto Motors kompaniya savdo ma’lumotlar bazasini Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasining yangi avtomashinalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ma’lumotlar bazasi bilan sinxronlashtirish rejalarini e’lon qildi. Bu yangi avtomobillarni xarid qilish va sotishdagi noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish uchun qilinmoqda.

Loyiha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi hamda Axborot-texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, pandemiya davrida zavodlar faoliyati to‘liq to‘xtamagan hamda ish o‘rinlarini qisqartirmasdan, eng kam salbiy oqibat bilan chiqib ketishga erishilgan. Shunga qaramasdan, ishlab chiqarish hajmi keskin tushib ketib, yangi avtomobillar yetishmovchiligi kuzatatilgan.

Bu esa «avtomobillarni sotish hamda sotib olishning noqonuniy yo‘llarini» keltirib chiqardi. «Shaffof savdo tizimining mavjudligi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha turli xil chora-tadbirlarga qaramay, ba’zi bir shaxslar o‘z daromadini chiqarib olish hamda tizimni chetlab o‘tishning yangi metodlarini topishadi», — deyiladi xabarda.

Shunday qilib, yaqinda sotuv tizimi yordamida bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20 va hattoki, 200 ta kelishuv shartnomalarining tuzilganlik holatlari aniqlandi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu shaxslar «yuzaga kelgan holatni o‘z biznesiga aylantirib, qo‘yilgan navbatini kutishni xohlamaydigan shaxslarga o‘z navbatini imtiyozli berish maqsadida shartnomalar tuzishadi».

Kompaniya yuzaga kelgan holat mijozlar noroziligiga olib kelganini ma’lum qildi. Biroq UzAuto Motors hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mijozlarning shaxsiy murojaatlari va shikoyatlarisiz na tezkor chora-tadbirlar ko‘rish, na jinoiy ish bo‘yicha tergov olib borish huquqiga ega emas. Vaholanki joriy yilda «shapka»ga oid birorta ham shikoyat kelib tushmagan.

«Noqonuniy bitimlar tuzishda qatnashgan har bir ishtirokchi jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ushbu hodisa haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki kompaniyaning chaqiruv markazi xizmatiga xabar berish har bir fuqaroning burchidir», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Avtomobil sotib olish jarayonida ta’magirlik yoki korrupsiyaning boshqa turlari bilan to‘qnashgan mijozlar, xususan u yoki bu modeldagi avtomobil uchun shartnomaning yo‘qligi kuzatilsa, UzAuto Motors kompaniyasining 78 141 — 77 -77 yoki Bosh prokuraturaning 10−07 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Shaxsiy ma’lumotlar kafolatlangan, deyiladi xabarda.