Saudiya Arabistoni Qirolligi yakshanba kuni Haj mavsumini o‘tkazgandan so‘ng, 2021 yilning 10 avgustidan boshlab butun dunyo bo‘ylab ziyoratchilar uchun umra xizmatini tiklashini e’lon qildi. Bu haqda The Siasat Daily Saudiya Arabistoni matbuot agentligiga (SPA) tayanib xabar bermoqda.

Ibodat qilish joylari COVID-19 standartlari bo‘yicha belgilangan bo‘lishi va ziyoratchilar tavof qilayotganlarida yerdagi belgilarga amal qilishlari zarur.

Qirollikka Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Misr, Turkiya, Argentina, Braziliya, Janubiy Afrika va Livan singari to‘qqiz davlatdan tashqari barcha mamlakatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar orqali kelish mumkin bo‘ladi. Sanab o‘tilgan mamlakatlardan kelayotganlar Qirolikka yetib kelgunga qadar uchinchi davlatda 14 kunlik karantindan o‘tishi lozim bo‘ladi.

Ziyoratchilar 18 va undan katta yoshda bo‘lishlari, COVID-19ga qarshi Pfizer, Moderna, AstraZeneca yoki J&J vaksinalari bilan to‘liq emlangan bo‘lishlari kerak. Ziyoratchilar Xitoy vaksinalari bilan emlangan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda Pfizer, Moderna, AstraZeneca yoki J&J vaksinalarining bitta dozasi bilan ham emlanishi zarur.

Saudiya Arabistoniga mamlakatning Haj va Umra vazirligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan Umra agentligi orqali kelish talab qilinadi.

Ma’lumot uchun, 2021 yilgi Haj mavsumi xorijiy ziyoratchilarsiz o‘tdi. Umra mavsumi esa pandemiya boshlanganidan beri 2020 yil oktyabr oyidan faqat Saudiya Arabistoni fuqarolari va mamlakatdagi xorijliklar uchun ochiq edi.