Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining to‘rtinchi kunida besh nafar sportchi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etdi.

Dzyudo. Kunni o‘zbekistonlik sportchilar nomidan Farangiz Hojiyeva boshlab berdi. -63 kg vazn toifasida kurashayotgan sportchi dastlabki bahsni Kabo-Verde vakilasi Sandrin Billetga qarshi o‘tkazdi, ammo mag‘lub bo‘lib, medallar uchun kurashni tark etdi.

Farangiz Hojiyeva

Yana bir o‘zbekistonlik dzyudochi Sharofiddin Boltaboyev Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi debyutini ishonchli g‘alaba bilan boshladi. U Xugo Kumboga qarshi bahsda o‘z g‘alabasini tantana qilishi uchun bir necha soniyalar yetarli bo‘ldi.

Sharofiddin Boltaboyev ikkinchi davrani bolgariyalik Ivaylo Ivanovga qarshi o‘tkazdi. Bellashuvda o‘zbekistonlik sportchi g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi.

Sharofiddin Boltaboyev (oq kiyim)

Sharofiddin Boltaboyev mazkur bosqichda Shamil Borchashvili bilan bahs olib bordi. Ushbu kurashda o‘zbekistonlik sportchi qo‘shimcha daqiqada vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Biroq u bronza medali uchun kurashish imkonini saqlab qolgan edi.

U o‘tish bosqichida gruziyalik Tato Grigalashvili bilan bahs olib bordi, biroq mazkur kurashda mag‘lubiyatga uchradi.

Taekvondo. O‘zbekistonlik taekvondochi Svetlana Osipova ilk bellashuvini qozog‘istonlik Janzel Denizga qarshi o‘tkazdi. Bellashuv 9:9 hisobida yakunlanayotgan bir paytda so‘nggi soniyada o‘zbekistonlik sportchi qo‘l zarbasini o‘tkazib yubordi va mag‘lub bo‘ldi.

Svetlana Osipova (o‘ngda)

Boks. Bobousmon Baturov dastlabki bahsda dominikanlik raqibiga qarshi ringga ko‘tarildi va g‘alabaga erishdi. Bobousmon Baturov shu tariqa chorak final bosqichiga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda u britaniyalik Pet Makkormakka qarshi ringga ko‘tariladi.

Bobousmon Baturov

Suzish. O‘zbekistonlik suzuvchi Xurshidjon Tursunov musobaqaning saralash bosqichida marraga 4-bo‘lib yetib keldi.

Xurshidjon Tursunov.

Shu tariqa bugun ham O‘zbekiston terma jamoasi uchun medalsiz bo‘ldi.

Xabar e’lon qilingan paytda O‘zbekiston bitta oltin medal bilan turnir jadvalida 21-o‘rinni egallab turibdi.