26 iyul kuni Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar 17 yalpi majlisni 30 iyul kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda yuqori palata axborot xizmati.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda quyidagi hujjatlar muhokama qilinadi:

  • «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida» gi qonun;
  • «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida» gi qonun;
  • «Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi qonun;
  • «O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi qonun;
  • «Zaytun moyi va zaytun mevasi to‘g‘risidagi xalqaro bitimga (Jeneva, 2015 yil 9 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida» gi qonuni.

Bundan tashqari, «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya (Toshkent, 2021 yil 15−16 iyul) yakunlaridan kelib chiqadigan vazifalar to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi ham nazarda tutilgan.


Shu bilan birga, senatorlar 2021 yilgi Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti, IIVning huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning (moratoriy davrida) kesilishiga doir axborotlarini eshitishadi.

Qolaversa, Boyovut, Qarshi, Bo‘ston, To‘raqo‘rg‘on, Olot tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ayrim qarorlarini o‘rganish natijalari, qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilinadi.

Shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentini va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash kun tartibidan o‘rin olgan.

Yalpi majlisda yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining 2020 yil va 2021 yilning birinchi yarmidagi faoliyati to‘g‘risida hisoboti ko‘rib chiqiladi.