Ayrim hududlarda prezident maktablariga kirish imtihonlari boshlandi. O‘zA axborot agentligi va Daryo nashri kirish imtihonlari o‘tkazilayotgan joylardan fotosuratlarni e’lon qildi.

Pandemiya munosabati bilan 2020/2021 o‘quv yiliga prezident maktablariga qabul joriy yilga qoldirilgan edi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Xilola Umarovaning yozishicha, 26, 27 va 28 iyul kunlariga belgilangan imtihonlar ochiq havoda va karantin choralariga rioya qilingan holda o‘tkaziladi.

Imtihonlarni ikki smenada o‘tkazish rejalashtirilgan edi: soat 8:00 dan 9:00 gacha va 19:00 dan 20:00 gacha. Ota-onalardan farzandlarini belgilangan vaqtdan kamida bir yarim soat oldin olib kelishlari so‘ralgan. Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat tufayli imtihon vaqti 90 daqiqadan 60 daqiqagacha qisqartirildi.

Qarshida test sinovlari 26 iyul kuni «Nasaf» stadionida bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Daryo muxbiri. 2880 nafar bola uchun imtihonlar dushanba kuni 8:15 da boshlandi. Joriy yilda o‘quvchilar 5−10-sinflarga qabul qilinadi.

Ota-onalar imtihon topshirish vaqtida farzandlarini kutmoqda.

Dushanba kuni «Navbahor Umid» stadionida ham 5 va 6-sinflar uchun qariyb 6000 o‘quvchi imtihon topshirdi.

Bloger Isroil Tillaboyev o‘zining Telegram-kanalida Farg‘ona va Marg‘ilondagi stadionlarda minglab bolalar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.

Foto: Isroil Tillaboyev / Telegram.

Qayd etish joizki, avvalroq sinoptiklar Eron hududlaridan juda issiq havo kirib kelishi hisobiga 24−26 iyul kunlari O‘zbekistonda yuqori harorat kuzatilishi haqida xabar bergan edi. Ushbu kunlarda havo harorati iqlimiy me’yorlardan +4…+6 daraja yuqori bo‘lishi, kunduz kunlari havo harorati +41…+44 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda +45…+46 darajagacha isishi aytilgan edi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova «Gazeta.uz» iltimosiga ko‘ra vaziyatga izoh berar ekan, imtihonlarni ushbu kunlarda o‘tkazish bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida aprel oyida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasida ko‘zda tutilgan. Kirish imtihonlarining boshqa kunlarga ko‘chirilmasligiga esa imtihonlarni qabul qilib oluvchi buyuk britaniyalik mutaxassislarning O‘zbekistonga kelishi bilan bog‘liq, deya qo‘shimcha qildi bolalar ombudsmani. Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq hududlardan kelgan bolalarning ota-onalari ham kirish imtihonlari sanalarining o‘zgarishiga qarshi bo‘lgan.

«Bolalar kirish imtihonlarini topshirishlari uchun tegishli sharoitlar bilan ta’minlanishlari kerak, deb hisoblayman, — dedi bolalar ombudsmani. — Haqiqatdan ham, FVV, SSV hamda O‘zgidromet anomal issiq kuzatilishi, harorat 46 daraja va undan baland bo‘lishini prognoz qilishgan edi. Harorat yuqori bo‘lishi munosabati bilan uyda bo‘lish tavsiya qilingan edi. Tasvirlarda ayrim bolalarning haqiqatdan ham bosh kiyimsiz, maskalarda o‘tirgani aks etgan. Bunday haroratda quyosh nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan ochiq joyda bo‘lish bola salomatligiga zarar yetkazishi mumkin».

Aliya Yunusovaning so‘zlariga ko‘ra, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Xilola Umarovaga imtihon topshirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga oid ko‘rsatmalar va bolalar salomatligi uchun har qanday xavf-xatarlar bo‘yicha ogohlantirishlar berildi.