AQSh COVAX dasturi doirasida 3 mln doza Moderna kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasini beg‘araz yordam sifatida ajratdi. Vaksinalar 29 iyul kuni mamlakatga olib kelinishi kutilmoqda. Bu haqda Dunyo AA xabar berdi.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, Moderna vaksinasi COVID-19 infeksiyasini 94% dan yuqori samaradorligi bilan oldini oladi. AQShning oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlari sifatini nazorat qiluvchi boshqarmasi (FDA) 18 yoshdan kattalarga COVID-19 ning oldini olish uchun Moderna vaksinasini ma’qullagan. Emlash kursi bir oy oralig‘ida qo‘llaniladigan 2 dozadan iborat.

Pfizer va BionTECH farmatsevtika kompaniyalarining vaksinalaridan farqli o‘laroq, Moderna oddiy sovutgichda saqlanishi mumkin, bu esa ularni keyinchalik O‘zbekistonning barcha hududlarida tarqatilishini osonlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyul o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 4 avgust kuni Amerikadan yana 3 mln doza vaksina olib kelinayotganini ma’lum qilgan edi.