Seshanba kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi va «Gazeta.uz», shuningdek yana to‘rtta onlayn nashr (Daryo.uz, Kun.uz, Human.uz va Bugun.uz) huquqiy ma’lumotlarni tarqatishda hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladilar.

«Adliya vazirligi erkin ommaviy axborot vositalarini qo‘llab quvvatlagan holda ushbu soha vakillari bilan yanada yaqindan hamkorlik o‘rnatdi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Adliya vazirligining ushbu tashabbusi aholini huquqiy ma’lumotlar bilan qamrab olishni kengaytirish va uning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan.

Memorandum imzolash marosimida ishtirok etgan Adliya vazirining o‘rinbosari Muzraf Ikromov sherik sifatida tanlangan OAVlar katta auditoriyaga ega va ularni o‘quvchilar hurmat qilishlarini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Muzraf Ikromov har kuni ushbu saytlarda yangiliklar bilan tanishadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Adliya vazirligi so‘nggi yillarda huquqiy ma’lumotlar iste’molchilarining auditoriyasini sezilarli darajada ko‘paytirdi. Yangiliklar OAVlar, internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. «Shu bilan birga, qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aholiga, ayniqsa, chekka hududlarga tushunarli va tezkor yetkazish uchun hali ko‘p ish qilish kerak», — dedi u.