Prezidentning 26 iyuldagi «Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi (PQ-5198-son) qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabar berishicha, hujjat bilan 2021−2022 yillarda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida 35 ta Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • qo‘shma shikastlanishlar hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari bilan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish;
  • o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi mavjud bemorlarga gemodializ xizmatini ko‘rsatish.

Markazlarga hududlardagi aholi sonidan kelib chiqib, shoshilinch tibbiy yordam va umumiy jarrohlik bo‘limlarining umumiy o‘rinlari soni doirasida 50 tadan 60 tagacha o‘rinlar ajratiladi. Shuningdek, hududiy sog‘liqni saqlash muassasalari shtat birliklari doirasida qo‘shimcha neyroxirurg, nevrolog, kardiolog, anesteziolog-reanimatolog va boshqa shtatlar kiritiladi.

Qarorga muvofiq, 2021−2023 yillarda bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dasturni amalga oshirish uchun jami xarajatlar miqdori 264,5 mlrd. so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan OTMda nefrologiya va gemodializ kafedralari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.