Iqtisodchi va bloger Behzod Hoshimov “Ular” loyihasining navbatdagi sonida “kargo-kult” g‘oyasi haqida fikr bildirdi. U ushbu g‘oya haqida “Doroga k svobode. Besedы s Kaxoy Bendukidze” kitobida o‘qiganligini aytadi.

“Kargo-kult” — o‘zi uchar jismlar hamda havo xudolariga ishonishni targ‘ib qiluvchi e’tiqod. XIX asrlarda Mikroneziya aholisiga g‘arb mamlakatlari tomonidan samolyotlar orqali oziq-ovqat mahsulotlari yuborilgan. Buning oqibatida esa Mikroneziyaliklar “samolyotlar bizni boqadi”, deya ularning kichik modellarini yasab, unga sig‘ina boshlashgan.

“O‘sha qabiladagilar samolyotlarning haykallarini yasashgan. Chunki samolyot ularni boqqan. Bendukidzening (Kaxa Bendukidze — gruziyalik tadbirkor va davlat arbobi — tahr.) fikricha, biz sovet tizimidan chiqqan insonlar ham katta “kargo-kult”da yashayapmiz. Masalan, men bir viloyatga borganimda u yerdagi bir odam biror binoni ko‘rsatib, “buni hokim qurgan”, deydi. Hokim quruvchimas, me’mormas, qanday qilib yo‘q narsani bor qiladi hokim? Biz davlatni “kargo-kult” kabi qabul qilamiz. Hokim pulni ishlab chiqarmaydi, u oylikka ishlaydigan byurokrat. U shifoxona qurolmaydi yoki bolalar bog‘chasi qurolmaydi. U faqat jamiyatning pulini taqsimotini qiladi. Ya’ni bizning ularga nisbatan “kargo-kult”imiz bor”, — deydi Behzod Hoshimov.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, ikkinchi “kargo-kult” bu — o‘zbekcha “kargo-kult”.

“Biz kelajakda pul olamiz deb, huddi Mikroneziyada samolyot qurishgani kabi, tijoriy tashkilotlar quramiz. Zavodlar, fabrikalar, biznes markazlar… Masalan, Toshkentdagi NBU (Milliy bank — tahr.) yonida joylashgan biznes markaz ham “kargo-kult”ga o‘xshaydi. Biz bilamizki, chet elda shunaqa banklar, binolar bor. “Biz ham shunday qilsak boyib ketamiz”, deymiz. Bizga Mikroneziyadagi samolyot kulguli ko‘rinyapti, aslida, bizda ham xuddi shunaqa samolyot ko‘p”, — deydi u.

Behzod Hoshimov O‘zbekiston asosan xalq xo‘jaligi obyektlari, masalan, zavodlar, mehmonxonalar, osmono‘par binolar qurishini aytib o‘tdi. “Bizning ham o‘sha “kargo-kult”chilardan prinsipial farqimiz yo‘q. Biz ham jamiyat puli evaziga quramizda, shu narsa bizga foyda olib keladi, deb o‘ylaymiz. Biz mohiyatni suratga almashtiryapmiz”, — deydi u.

Iqtisodchining aytishicha, Andijon viloyatining Asaka tumanidagi avtomobil zavodi ham “kargo-kult”. “Zavod bo‘lsa pul bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Pul — pulchalik turishi kerak”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

“Mening xohishim shuki, o‘zimizga but yasab qo‘ymaylik. Ko‘p dinlarda Muso alayhissalomni Misrdan ketishi haqida aytilgan voqea bor. Ma’no qanaqa bo‘ladi, ular o‘zlariga but qurib olishadi va 40 yil cho‘lda aylantirib yuradi. Sababi, o‘sha “kargo-kult”ni yaratmaslik. “Sizlar o‘zlaringizga sigir yaratib oldinglar. Sizlarga ne’matni beradigan u sigir emas”, deydi Muso. Biz ham shunaqa sigirlar qilib olyapmiz. O‘zi pulimiz yo‘q, o‘sha hikoyada ham puli bo‘lmaydi, lekin bor pulidan sigir yaratib olishadi. Bizda ham hammayoqda sigir”, — deydi u.