JSST elektron sigaretlar tarqalishini cheklashga chaqirdi

JSST elektron sigaretlar tarqalishini cheklash choralarini joriy etish, shu jumladan ushbu mahsulotlarning sog‘liqqa zarari to‘g‘risida idishlarida yozishga majburlashga chaqirmoqda. «Ushbu mahsulotlar (elektron sigaretalar — tahr.) ko‘pincha bolalar va o‘smirlarga minglab jozibali lazzatlar va chalg‘ituvchi da’volardan foydalanilgan holda reklama qilinadi. JSST ushbu mahsulotlardan foydalanadigan bolalar kelajakda tamaki mahsulotlaridan uch baravar ko‘proq foydalanishidan xavotirda», deyiladi xabarda.

Tashkilot, xususan, hukumatlarni odatdagi sigaretalarga qarshi kurashishda qo‘llanadigan choralarni elektron sigaretlarga qarshi joriy etishni taklif qilmoqda. Tashkilotning ta’kidlashicha, 32 mamlakat bunday mahsulotlarni sotishni taqiqlagan. Yana 79 ta davlat ushbu mahsulotlardan jamoat joylarida foydalanish, ularni reklama qilish va homiylik qilishni taqiqlaydigan, shuningdek, qadoqlashda sog‘liq uchun ogohlantirishlarni talab qiladigan choralar ko‘rgan. 84 mamlakatda elektron sigaretlarga qarshi hech qanday taqiq va talablar hanuz joriy etilmagan. — JSST.


Turkiya Afg‘onistondagi vaziyat tufayli migrantlarning yangi to‘lqinini qabul qilmaydi

Turkiya Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashgani sababli boshqa mamlakatlarning xalqaro majburiyatlarini o‘z zimmasiga olish va yangi migrantlar to‘lqinini qabul qilishdan bosh tortmoqda. Bu haqda Turkiya TIV rasmiy vakili Tanju Bilgich aytib o‘tdi. «Biz Turkiyani afg‘on qochqinlari uchun „eng munosib joy“ deb atagan Avstriya kansleri Sebastyan Kursning bayonotinidan hayratda qoldik. Turkiya uchinchi mamlakatlarning xalqaro majburiyatlarini aslo o‘z zimmasiga olmaydi va yangi migratsiya to‘lqinini qabul qilmaydi. Bu haqda barcha darajadagi sheriklarimizga xabar beramiz-ki, Turkiya Yevropa Ittifoqi chegarachisi yoki boshpana so‘raganlar uchun lagerga aylanmaydi», — dedi vakil.

Avvalroq, Kurs Bild nashriga bergan intervyusida afg‘on qochqinlari yoki o‘z davlatlarining xavfsiz hududlariga yoki Turkiyaga qochishlari kerak degan fikrni bildirgan edi. Avstriya kanslerining so‘zlariga ko‘ra, bu variant Avstriya, Germaniya yoki Shvetsiyada boshpana topishga urinishdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lar edi. — Turkiya TIV.


Qozog‘istonda LinkedIn bloklandi

Qozog‘iston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi LinkedIn tomonidan aloqa to‘g‘risidagi qonun talablari buzilgani sababli uni bloklashga qaror qilganini e’lon qildi. Tekshiruv davomida ijtimoiy tarmoqda onlayn kazino reklamalari, haqiqiy odamlar nomidan soxta akkauntlar yaratilayotganligi aniqlandi. Bu nafaqat Qozog‘iston qonunlarini, balki LinkedIn’ning qoidalarini ham buzadi, deya ta’kidladi vazirlik. Rasmiylar tarmoq ma’muriyatiga qoidabuzarliklarni bartaraf etish talabi bilan xabarnoma yuborildi, ammo LinkedIn tomonidan bunga munosabat bildirilmadi. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, agar qoidabuzarliklar bartaraf etilsa, ijtimoiy tarmoqqa kirish tiklanadi. — Tengrinews.


Germaniyaning Leverkuzendagi Currenta kimyo zavodida portlash sodir bo‘ldi

Foto: Oliver Berg/Getty Images

Xabarlarga ko‘ra, qora tutun shahar atrofini to‘ldirgan. Ogohlantirish tizimi orqali aholiga deraza va eshiklarni yopish kerakligi aytildi. Bir kishi halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar bor, besh kishi bedarak yo‘qolgan. Vaziyatga oydinlik kiritilmoqda. — Die Welt.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha yangiliklar

  • Toliblar Bag‘lon viloyatida elektr uzatish liniyalarini portlatib, Qobul va uning atrofidagi viloyatlarni elektr ta’minotisiz qoldirdi, deya xabar bermoqda Interfaks. Afg‘oniston milliy energetika kompaniyasi xodimlari muammoni hal qilishga va vaziyat yaxshilanishi bilan poytaxtga va ushbu viloyatlarga elektr energiyasini qayta ulashga harakat qilmoqda, deyiladi bayonotda. Afg‘oniston elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qo‘shni Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistondan import orqali qoplaydi.
  • «Tolibon» Hirot, Qunduz, Faxar, Taxar, Qandahor va Paktiya viloyatlaridagi nazorat punktlarini, shu jumladan eng katta chegara punkti, Tojikiston bilan chegaradagi Sherxan Bandar portini nazorat qilmoqda. Faqatgina iyul oyida markaziy hokimiyat ushbu yettita bojxona koridoridan daromad olmasdan taxminan 34 mln dollarni yo‘qotdi. Iyun oyidan boshlab nazorat punktidagi to‘lovlardan g‘aznaga tushumlar deyarli 40 foizga kamaydi. Ta’kidlanishicha, toliblar chegarani kesib o‘tish uchun har bir transport birligidan 190−630 dollar undiradi.
  • Afg‘oniston Milliy mudofaasi va xavfsizlik kuchlari so‘nggi 24 soat ichida 187 «Tolibon» jangarisini yo‘q qildi va yana 112 nafarini yaraladi.
  • AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati Afg‘oniston bo‘ylab mamlakat aviakompaniyalari uchun 26 ming futdan kam (taxminan 7900 m) bo‘lgan balandlikda parvozlarni taqiqladi.

Tunisdagi siyosiy inqiroz

  • Tunis prezidenti Qais Said 27 iyul kunidan boshlab markaziy ma’muriyatlar, tashqi xizmatlar, mahalliy hukumat va davlat boshqaruv idoralari faoliyatini ikki kunga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ta’kidlanganishicha, cheklov uzaytirilishi mumkin. Farmon ichki xavfsizlik kuchlari, armiya, bojxonachilar va sog‘liqni saqlash xodimlariga taalluqli emas.
  • Butun Tunis bo‘ylab 26 iyuldan 27 avgust qadar soat 19:00dan 06:00gacha odamlar va transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi. Kechasi, favqulodda vaziyatlarda ishlaydigan odamlar bundan istisno. Jamoat joylari va maydonlarda uch kishidan ortiq guruhlarda to‘planish taqiqlanadi. Shuningdek, ushbu taqiqning amal qilish muddati respublika prezidenti ma’muriyatining kommyunikesi orqali o‘zgartirilishi mumkin.
  • Tunis prezidenti fuqarolarni ko‘cha to‘qnashuvlarida qatnashishdan bosh tortishga chaqirdi. «Tunisliklardan ko‘chalardagi to‘qnashuvlardan bosh tortishni so‘rayman, chunki notinch suvda baliq tutadigan odamlar bor. Qonunbuzarlik va qonni yaxshi ko‘radiganlar bor. Ehtiyot bo‘ling va dono bo‘ling», — dedi Qais Said fuqarolarga murojaat qilib.

Avvalroq, Tunisda siyosiy inqiroz boshlangani haqida yozgan edik.


Shuningdek:

  • AQSh 31 dekabrga qadar Iroqdagi harbiy operatsiyalardagi ishtirokini to‘xtatadi. Xavfsizlik bo‘yicha munosabatlar o‘quv mashg‘ulotlari, maslahatlashuvlar, ravzvedka ma’lumotlarini olishga o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Iroq xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ma’lum qildi.
  • Saudiya Arabistoni 10 avgustdan boshlab xorijlik ziyoratchilar uchun Umra mavsumi tiklanishini e’lon qildi. Ziyoratchilar koronavirusga qarshi Pfizer, Moderna, AstraZeneca yoki J&J vaksinalari bilan to‘liq emlangan bo‘lishi kerak.
  • Yevropa Ittifoqida yoshi kattalarning 70 foizi kamida vaksinaning bitta dozasi bilan emlangan. 57 foizi koronavirusga qarshi to‘liq emlandi.
  • Liviya sohillari yaqinida Yevropaga yo‘l olgan 60 ga yaqin muhojir cho‘kib ketdi. Halok bo‘lganlar orasida kamida 20 nafar ayol, shuningdek, ikki nafar bola bor edi.
  • Janubiy Koreya va KXDR rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqa kanalini tiklash to‘g‘risida kelishib oldilar.