«Gazeta.uz» 2021 yil 1 avgustdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etdi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Xorijdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi

«Bojxona ma’muriyatchiligi va tartib-taomillarini yanada soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan:

  • bojxona rejimi talabida xorijiy buyurtmachi mavjud bo‘lmagan hollarda ham qayta ishlash operatsiyalariga ruxsat beriladi;
  • tadbirkorga chetdan xomashyo sotib olib, ularni respublika hududida bojxona to‘lovlari to‘lamagan holda qayta ishlagandan so‘ng istalgan xorijiy hamkoriga sotish imkonini beradigan olib chiqish, olib kirish, sotish va sotib olish bo‘yicha yangi turdagi tashqi savdo kontraktlari amaliyotga kiritiladi;
  • mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarga xorijiy davlatdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi;
  • olib kirish kontraktini olib chiqish kontrakti bilan, shuningdek, sotib olish kontraktini sotish kontrakti bilan o‘zaro bog‘liq holda monitoring qilish tartibi joriy qilinadi.

2. Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi

«Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi.

Baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi. Sport sinovlari 15 turdagi mashqlardan iborat bo‘ladi. Ishtirokchilarga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi. Sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar uchun «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Shuningdek, ular yosh ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib 1 yil mobaynida quyidagi imtiyozlardan foydalanadi:

  • safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini chegirma bilan to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi;
  • maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) «Temurbeklar maktabi»ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o‘qishga kiradi;
  • bepul tarzda davlat tuman (shahar) ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi;
  • maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish huquqi beriladi (taksi, shu jumladan yo‘nalishli taksi mustasno);
  • farzandlari yashayotgan joydagi maktab, bog‘cha, shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi;
  • barcha davlat organlari va tashkilotlarining xodimlariga ish joyi hisobidan dam olish maskanlari va sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etiladi;
  • respublika miqyosida ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (OTM sport yo‘nalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashg‘ulotlardan ozod qilinishi) beriladi.

3. Hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilindi

«Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:

  • yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish;
  • tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish;
  • sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish;
  • jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish;
  • xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.

Farmon bilan prokuratura organlari ishchi organligida Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi.

Kadastr organlari yerdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda ushbu yerga bo‘lgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilishi mumkin.

Davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlanadi.


4. Ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yerni olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish taqiqlandi

2021 yil 1 avgustdan:

  • yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga — doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
  • ijaraga olingan yer uchastkasida qurilgan ko‘chmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
  • davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
  • barcha hollarda yer участкалари faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
  • ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli bo‘lmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

5. Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha hujjatlarni YAIDXP orqali ham taqdim etish mumkin bo‘ladi

2021 yil 1 avgustdan quyidagi davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi:

  • avtomototransportlar va shahar elektr transportlari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish;
  • avtomototransportlar va shahar elektr transportlar haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.

6. Davlat tashkilotlarida autsorsing shartlari asosida avtotransportlar xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi

«Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan:

  • xizmat avtotransport vositalari respublika davlat boshqaruvi organlarida, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida rahbarlar hamda ularning o‘rinbosarlariga biriktiriladi;
  • respublika davlat boshqaruvi organlari tizimidagi tashkilotlar va ularning hududiy bo‘linmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi.

Shuningdek, respublika davlat boshqaruvi organlarida autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa avtotransportlar xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 avgustdan yangi tipdagi davlat raqami belgilari bilan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmagan tegishli xizmat avtotransport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.


7. Ayrim fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari YAIDXP orqali ko‘rsatiladi

2021 yil 1 avgustdan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etiladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolar quyidagilar hisoblanadi:

  • nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar, OIV infeksiyasiga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar hamda 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalar;
  • yoshidan qat’i nazar ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli bo‘lmagan a’zolari.

Ularga davlat xizmatlari DXM yoki YAIDXP orqali Pensiya jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladi va nafaqa puli nafaqa yetkazib berish yuklangan tashkilot tomonidan to‘lanadi. Murojaat qiluvchi DXMga o‘zi (yaqin qarindoshlari, ishonchli vakili, vasiy yoki homiy) kelishi yoki elektron tarzda YAIDXPda ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilishi mumkin.

Davlat xizmatini ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.


8. NTTning binoni ijaraga olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

«Nodavlat ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ta’lim jarayonida yoshlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘grisida"gi prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan 2024 yil 1 yanvarga qadar nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan ta’lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizigacha miqdorda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Ushbu tartib Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan va ta’lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlarga tatbiq qilinmaydi.


9. Davlat xaridlari sohasida o‘tkaziladigan tender natijalari ochiq e’lon qilinadi

«Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qaroriga ko‘ra, 1 avgustdan shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlash) natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.


10. Turizm sohasida ayrim litsenziya talablari joriy etiladi

«O‘zbekiston respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qaroriga ko‘ra, chiqish turizmi yo‘nalishi bo‘yicha turoperator va turagent faoliyatini amalga oshirish uchun quyidagi litsenziya talablari joriy etiladi:

  • Turoperatorlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligi;
  • 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
  • Barcha davlat bojlari, yig‘imlar, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn rejimda to‘lash imkoniyati taqdim etiladi.

11. Homiladorlarning kompleks kuzatuvi bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi

«Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qaroriga ko‘ra, homilador ayollarni kompleks kuzatish bo‘yicha yagona tizim joriy etilib, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • homilador ayolning kompleks kuzatuvi yagona ma’lumotlar bazasini yaratish;
  • perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga mas’ul tuzilmalar tomonidan yagona ma’lumotlar bazasiga zarur ma’lumotlarni kiritish, shuningdek, homilador ayollarning tibbiy kartasini yuritish;
  • shakllangan ma’lumotlarga asosan homilador ayollarga zarur maslahatlarni berish.

Shuningdek, 2020 yil 1 avgustdan:

  • Buyurtmachi xizmatlar Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan malaka toifasi asosida texnik nazorat sohasidagi mas’ul mutaxassislarga ular mehnatiga haq to‘lashning amaldagi tarif koeffitsiyentlariga:
  1. birinchi toifa uchun — 0,2 miqdorda;
  2. ikkinchi toifa uchun — 0,5 miqdorda;
  3. uchinchi toifa uchun — 0,7 miqdorda;
  4. oliy toifa uchun — 1,0 miqdorda koeffitsiyent qo‘shiladi.
  • To‘y va marosimlarni 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda tashkil etishga ruxsat berildi.
  • Yirik korxonalarga elektr energiyasi va tabiiy gazni import asosida sotib olish huquqi beriladi.
  • «Al-Azhar» universitetiga kelasi yilda qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston fuqarolarining murojaatlari yil davomida — 2021 yil 1 avgustdan 2022 yil yil 30 iyunga qadar Maslahat kengashi tomonidan qabul qilinishi boshlanadi.
  • 2021 yil 20 avgustdan ta’lim sifati past maktablarda ta’lim sifatini oshirish va ijobiy tajribani keng tarqatish maqsadida pedagog-o‘qituvchilarni muddatli shartnoma asosida boshqa tuman va viloyatlarga mehnat faoliyatini olib borish uchun yuboriladi.