Bugun O‘zbekistonda kam bulutli va issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kunduz kunlari +41…+44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +45…+46 darajani tashkil etadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

27 iyuldan boshlab respublikaning shimoliy hududlariga g‘arbiy Qozog‘iston orqali Volga bo‘yi hududidan nisbatan salqin havo massasi kirib keladi, janubi-sharqiy hududlarda nisbatan issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati biroz pasayadi va +37…+40 daraja, ba’zi joylarda janubda +42 daraja, shimolda +34−37 daraja atrofida bo‘ladi.

Keyingi kunlarda salqin havo massasi respublikaning barcha hududiga tarqaladi. Hafta davomida harorat asta-sekin pasayadi va juma kuniga kelib +33…+35 darajani tashkil etadi va me’yoriy qiymatlarga yaqinlashadi, ba’zi hududlarda esa iyul oyi oxiri uchun bo‘lgan o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan +2…+3 daraja past bo‘ladi.

26 va 27 iyul kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim hududlarda changli bo‘ron bilan 25−30 m/s gacha kuchayishi mumkin.