Respublika oliy ta’lim kengashi raisi 69 yoshida O‘ktam Umurzakov vafot etdi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

U 1952 yilning 20 avgust kuni tug‘ilgan. 1974 yildan 1977 yilgacha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining “Mashinalar puxtaligi va remonti” kafedrasining kichik ilmiy xodimi lavozimida ish boshlagan. Shundan keyin u institutda kichik ilmiy xodim, turli fakultetlar dekani, prorektor va rektor lavozimlarida faoliyat olib borgan.

O‘ktam Umurzakov 2013 yildan hozirga qadar Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining “Suv xo‘jaligi iqtisodi” kafedrasi professori, 2017 yil 26 maydan hozirga qadar Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining rektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov marhumning o‘g‘li.