Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining uchinchi kunida yetti nafar sportchi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etdi.

Boks. Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Shahobiddin Zoirov (-52 kg) turkiyalik Batuxan Chiftchi ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlik himoyasini boshladi. Buxorolik sportichi navbatdagi jangni kabo verdelik David de Pinaga qarshi o‘tkazadi.

Shahobiddin Zoirov.

Shu kuni Fanat Qahramonov (-75 kg) ham o‘z jangini o‘tkazdi, u gruziyalik Giorgi Xarabadzedan 5:0 hisobida ustun keldi. U navbatdagi jangni vitse-jahon chempioni qozog‘istonlik Amankul Abilxonga qarshi o‘tkazadi.

Taekvondo. Chorak finalga chiqish uchun kurashda Nikita Rafalovich (-80 kg) dominikalik Moyses Ernandesni 17:7 hisobida yengdi. Keyin o‘zbekistonlik taekvondochi so‘nggi ikki jahon chempionati g‘olibi ozarbayjonlik Milad Begi ustidan g‘alaba qozondi — 12:1. Yarim finalda Rafalovich iordaniyalik Salih Elsharabatiga 13:11 hisobida yutqazgan bo‘lsa, bronza medali uchun jangda xorvatiyalik Toni Kanayetuga mag‘lub bo‘ldi — 24:18.

Rossiyalik taekvondochi Maksim Xramsov Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Nikita Rafalovich.

Nigora Tursunqulova (-67 kg) musobaqaning 1/8 finalida Xitoy vakili Chjan Menyunga yutqazdi. Agar Menyun finalga yetib borida, Tursunqulova «bronza» uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lar edi, biroq xitoylik sportchi musobaqani yarim finalda tark etdi.

Og‘ir atletika. Ushbu sport turi bo‘yicha Olimpiadaning uchinchi kunida O‘zbekiston sharafini faqat Muattar Nabiyeva (-55 kg) himoya qildi. Dast ko‘tarishda sportchi 98 kilogrammni ko‘tarib, Olimpiya o‘yinlari rekordini o‘rnatdi, ammo siltab ko‘tarishda eng yaxshi natija bo‘lmagani sababli (114 kg) u jami 212 kg natija bilan to‘rtinchi bo‘ldi.

Bu yo‘nalishda filippinlik og‘ir atletikachi Xidilin Dias oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 224 kg (97 kg dast ko‘tarish, 127 kg siltab ko‘tarish — Olimpiya o‘yinlari rekordi) natija bilan Olimpiada g‘olibi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin esa Lyao Syuyunga nasib etdi — 223 kg (97 + 126). Bronza medalini qozog‘istonlik Zulfiya Chinshanlo qo‘lga kiritdi — 213 kg (90 + 123).

Muattar Nabiyeva.

Dzyudo. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonga birinchi g‘alabani Hikmatilloh To‘rayev (-73 kg) olib keldi. 1/8 finalda u germaniyalik Igor Vandtkedan ustun keldi. Chorak finalda o‘zbekistonlik sportchi janubiy koreyalik An Chang Rimga yutqazib qo‘ydi va Tokiodagi o‘yinlarini yakunladi.

Qilichbozlik. 1/32 finalda qilichboz Zaynab Dayibekova Yaponiya vakili Chiku Aokini mag‘lub etdi — 15:9. Keyingi bosqichlarda nukuslik sportchi xitoylik Yasi Shaoni — 15:10 va janubiy koreyalik Yun Dji-suni 15:12 hisobida mag‘lub etdi. Chorak finalda Dayibekova Vengriya sportchisi Anna Martonga yutqazdi — 15:11.

Zaynab Dayibekova (o‘ngda)

Xabar e’lon qilingan paytda O‘zbekiston bitta oltin medal bilan turnir jadvalida 19-o‘rinni egallab turibdi.