19 yoshida Theranos biotexnologik startapiga asos solgan Elizabet Xolms qon tahlillarini olishning yangi texnologiyasini o‘ylab topganini va tez orada bunday qurilmalarni ommaga taqdim etishni va’da qiladi. Elizabet kompaniya qurilmalari orqali qon namunalarini olish va tahlil qilish ancha arzon tushishini ta’kidlagan. Shuningdek, ushbu texnologiya orqali qon tahlillarini olish uchun atigi bir nechta qon tomchilari kifoya qilishi va texnologiya 1000 xilga yaqin turdagi tahlillarni taqdim etishi aytilgan. Theranos ushbu texnologiya ustida 10 yildan ortiqroq ish olib boradi. Biroq, vaqti kelib hammasi darz ketadi. Buning sababi esa — kompaniya «yolg‘onlar ustiga» qurilgan edi. «Gazeta.uz» ushbu firibgarlik ortidan barpo etilgan 9 mlrd dollarlik startap tarixini taqdim etadi.

Elizabet Xolms va Theranos`ning tashkil topishi

2003 yil kuzida 19 yoshli Stenford universiteti talabasi Elizabet Xolms tibbiy uskunalar yaratish kafedrasi o‘qituvchisi Chenning Robertsonga firma yaratishni taklif qiladi. U o‘qituvchiga o‘z g‘oyalarini, firma kelajagini qanday ko‘rayotganini so‘zlab bergach, Robertson ham ushbu g‘oyaga qiziqib qoladi. Chenning Robertsonning Fortune`ga bergan intervyusida aytishicha, u o‘zini «ikkinchi Stiv Jobs yoki Bill Geyts»ni ko‘rayotganday his qilgan. Elizabetdan «nimaga bu ish bilan shug‘ullanishni xohlaysan?» deb so‘raganida esa, u «chunki bunday tizimlar tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyilini butunlay o‘zgartirib yubora oladi, men umuman yangi bir texnologiyani, barchaga yordam bera oladigan uskunani yaratishni istayman» deb javob bergan. Elizabet Xolms Chenning Robertsonning yordami bilan yangi kompaniyaga asos soladi, bir semestrdan so‘ng esa butun vaqtini ishga bag‘ishlash maqsadida o‘qishni ham tashlaydi.

Elizabet kompaniyani Theranos (inglizcha «therapy» va «diagnosis» so‘zlari birikmasi — tahr.) deb nomlaydi. Kompaniyaning asosiy g‘oyasi esa barmoq uchidan olingan bir tomchi qon yordamida barcha qon tahlillarini aniq va tez muddatda amalga oshiruvchi texnologiyani ishlab chiqarish bo‘lgan. Bundan tashqari, ushbu texnologiya odatdagi qon tahlillaridan ancha arzon bo‘lib, barcha qatlamdagi aholi foydalana olishi uchun barcha aptekalarda o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Kremniy vodiysida tarqalgan gap-so‘zlarga ko‘ra, aslida Elizabet Xolms bolaligidan beri qondan qo‘rqqan, xattoki qon topshirish jarayonida bir necha bor hushidan ketgan. Shu sababdan, u ushbu g‘oyani amalga oshirishni istagan.

Shuningdek, Elizabet Xolms Stiv Jobsning haqiqiy fanati bo‘lgan, u erishgan yutuqlarga erishishni xohlar va xattoki, Stiv Jobs uslubida kiyinar ham edi. OAVlar ham uni «yubkadagi Stiv Jobs» deya atay boshlashgan. Elizabet o‘zidagi ishtiyoq va g‘oyalar bilan o‘qituvchisi Chenning Robertsonni ham rom etadi.

Biroq kompaniya Chenning Robertsonni ilhomlantirgan g‘oyalar yo‘lidan ketmadi, ya’ni kutilgan yangiliklardan borgan sari yiroqlashib boraverdi. Kompaniyaning mahsuloti haqidagi barcha savollar esa «korporativ sir» javobi ostida qoldirib borilaverdi.

Qon oluvchi gadjet / Theranos saytidan olingan foto.

Theranos faoliyati va investitsiyalar

Elizabet Xolms rahbarligida Theranos borgan sayi katta korporatsiyaga aylanib boraverdi. Jumladan, 2007 yilda Xolms Stiv Jobs qo‘l ostida iPhone dizayni ustida ishlagan Ana Arriolani o‘z kompaniyasiga jalb etadi. Shu bilan birga juda tajribali boshqa mutaxassislar ham kompaniyaga kelib qo‘shilishadi.

Kompaniyaning direktorlar kengashi tarkibi juda muvaffaqiyatli insonlardan iborat edi. Kengash tarkibiga hattoki AQShning sobiq davlat kotiblari Genri Kissinjer va Jorj Shuls, shuningdek AQShning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Jeyms Mettis ham kirgan. Biroq ular kompaniyaning faoliyatini baholashda yoki biror qaror chiqarishda, ya’ni aynan tibbiy texnologiyalar sohasida fikr yuritish uchun yetarli tajribaga ega bo‘lishmagan.

Theranos marketologlari mudofaa vazirining kompaniya direktorlar kengashiga qo‘shilishidek vaziyatni e’tiborsiz qoldirmaslikka va bundan unumli foydalanishga qaror qilishadi: tez orada kompaniya ommaga «biz ikki yildan beri texnologiyani muvaffaqiyatli qo‘llab kelmoqdamiz» va «biz bundan jang maydonlarida ham, vertolyot va samolyotlarda olib yurgan holda foydalanishimiz mumkin» deya e’lon qilishadi.

Yillar davomida kompaniya jamoasi tarkibi juda tez o‘zgarar edi. Bunga Stiv Jobs bilan birga NeXT va Apple`da ishlagan, keyinchalik Theranos`ga direktorlar kengashi a’zosi bo‘lish uchun taklif qilingan Evi Tevenian e’tibor qaratadi. Evi boshqa direktorlar kabi kompaniyaning ma’lum miqdordagi aksiyalarini sotib oladi. U kompaniyaga kelganida yangi texnologiya ommaga e’lon qilinishini kutayotgan edi. Biroq atrofda bo‘layotgan voqealar borgan sayin g‘alati tus ola boshladi, texnologiyaning e’lon qilinishi ham negadir keyinga surilaverardi.

Evi kompaniyaning hujjatlar arxivini ko‘zdan kechirgach, u so‘nggi yil ichida kompaniya tarkibi butunlay o‘zgarganini tushunadi. Rahbariyatga buni yetkazgach esa unga ochiq eshikni ko‘rsatishadi. U o‘z aksiyalarini kompaniyaga sotmoqchi bo‘lganida, kompaniya bundan bosh tortadi va uni sudga berishlari mumkinligini aytib, tahdid qilishadi. Butun umrlik faoliyati davomida sudga umuman yaqin yo‘lamagan Evi Tevenian muammolar bilan boshini og‘ritishni xohlamaydi va kompaniya aksiyalaridan voz kechadi.

Yuqoridagi voqea va rahbariyat bilan munosabat ko‘plab shu kabi nizolarga bitta misol edi xolos. Bu orada Elizabet Xolms va Ana Arriola o‘rtasida ham nizo yuzaga keladi. Bu vaziyat ham Ananing ishdan ketishi bilan yakunlanadi.

Ushbu mojarolarning va kompaniyaning borgan sari shubhali ko‘rina boshlaganining asosiy sababi esa kompaniyaning asosiy mahsuloti sifatida jar solinayotgan texnologiyaning aslida ishlamasligi edi. Elizabet Xolms shunchaki vaqtdan yutishga harakat qilgan va bir kun kelib ushbu texnologiya ish berishiga umid qilgan. Ushbu startapga investitsiya kiritgan ishbilarmonlar ham aslida ish unchalik yaxshi ketmayotganligini payqashgan bo‘lishsa-da, to‘satdan kompaniyaning ishlari oldinga siljigan taqdirda, juda yuqori baholanayotgan foydadan quruq qolishdan qo‘rqishar edi. Aynan shu sababdan ko‘plab investorlar ushbu startap faoliyatiga aralashishmagan.

Elizabet Xolms / Forbes jurnali.

Theranos kompaniyasiga asos solinganidan 10 yil o‘tgach, 2013 yilda Elizabet ilk bor ushbu texnologiyaning ishlash metodi haqida ommaga og‘iz ochdi va tezda AQSh OAVlarining sevimli insoniga aylandi.

2012 yilda kompaniya Stenford universiteti binosi yerto‘lalaridan Palo-Alto shahridagi Facebook kompaniyasining sobiq rezidensiyalariga ko‘chib o‘tdi. Bu paytda Elizabet Xolms o‘z qurilmasi — Edison`ning ilk prototipiga ega edi. Qurilma ishlamasa-da, Elizabet uning ishlab ketishi uchun doimiy tarzda biokimyogarlarni yollagan va «buning iloji yo‘q» ruhida gapirgan har bir mutaxassisni ishdan bo‘shatgan. Bu orada kompaniya ofisiga doimiy tarzda investorlar va direktorlar kengashi a’zolari tashrif buyurishgan. Biroq, Elizabet har bir mehmonga qurilmaning ishlayotganligini ko‘rsatib berishga erisha olgan. Ya’ni bu paytda laborantlar qurilmadan qon namunalari joylashgan kartridjlarni olib, Siemens kompaniyasining analizatorlari orqali tahlil qilishga shoshishgan. Tahlil chiqquniga qadar esa mehmonlarga ofis bo‘ylab ekskursiyalar uyushtirilgan.

2014 yilda investorlar Theranos kompaniyasiga 400 mln dollar investitsiya kiritishadi, kompaniyaning qiymati esa 9 mlrd dollar deb baholandi. Kompaniya aksiyalarining yarmi Elizabet Xolmsga tegishli bo‘lgani sababli, Forbes uning boyligini 4,5 mlrd dollar deb baholaydi. Umuman Theranos`ning texnologiya ustida olib borgan 10 yillik ishlari davomida kompaniyaga 900 mln dollardan ortiq investitsiya kiritilgan.

Theranos eng katta investitsiyalarni quyidagi kompaniyalar va oilalardan olgan:

  • Walmart — $150 mln;
  • Rupert Myordok — $125 mln;
  • DeVoc oilasi — $100 mln.

Biroq har bir investitsiyadan so‘ng Elizabet Xolmsdan natija talab etilardi va u kompaniyadagilarning «texnologiya ishlamaydi» degan javobini umuman qabul qilmas edi.

Elizabet Xolms va Ian Gibbons

2013 yil may oyida kompaniyaning tajribali biokimyogarlaridan biri Ian Gibbons o‘z joniga qasd qiladi. O‘limidan oldin esa Gibbons kompaniyaning texnologiyasi ish bermasligini aytadi.

Elizabet Xolms Ian Gibbonsni kompaniyaga 2005 yili yollagan. Mutaxassisning asosiy talabi qurilmaning yuqori standartlarga javob berishi, ya’ni qon tahlillari talablarini buzmaslik bo‘lgan, kompaniya esa aksariyat hollarda bunga javob bermagan.

Theranos tadqiqotchi-muxandisi Tayler Shulsning ta’kidlashicha, agar insonlar o‘zida sifilis kasalligi mavjud yoki yo‘qligi bo‘yicha qon tahlillarini Theranos qurilmasi yordamida tekshirganida, dunyoda sifilis kasalligi hozirgidanda ko‘proq bo‘lgan bo‘lar edi. Ya’ni uning aytishicha, qon tahlillari topshirgan 100 ta bemordan 35 tasi o‘zini sog‘lom deb o‘ylagan bo‘lar edi.

2010 yilda Ian Gibbons qurilmani tanqid qilgan va u ish bermasligini aytgan. Buni eshitgan Elizabet Xolms uni darhol ishdan bo‘shatgan. Biroq, kompaniya mutaxassislarining iltimosiga ko‘ra, Elizabet uni yana qayta ishla olishga majbur bo‘lgan — ammo bu safar ilmiy rahbar roliga emas, balki texnik maslahatchi lavozimiga.

2013 yilda Gibbonsni Theranos ishi bo‘yicha sudga guvoh sifatida chaqirishadi. Ushbu sudda Richard Fuiss ismli shaxs Theranos kompaniyasining patentlari Ian Gibbonsning avvalgi tadqiqotlaridagi patentlar bilan deyarli bir xil ekanligiga e’tibor qaratadi va Elizabet Xolmsni patentni o‘g‘irlashda ayblaydi. Boshqacha qilib aytganda Theranos Ian Gibbonsning avvalgi patentlarini o‘ziniki qilib ko‘rsatib kelgan, Gibbons esa hammuallif sifatida ko‘rsatilgan.

Gibbons ushbu vaziyatda qiyin bir tanlov oldida qoladi: u sudga borib yolg‘on guvohlik berishi va o‘z ishini saqlab qolishi yoki rost guvohlik berib o‘z ishidan ayrilishi mumkin edi. Gibbonsning yoshi esa 67 da edi. U shu yoshda endi ish topishi qiyin bo‘lishini tushunar edi. Bundan tashqari, bu voqeaga oz qolganda unda saraton kasalligi aniqlanadi. Umumiy vaziyat Gibbonsda depressiya boshlanishiga olib keladi. 2013 yil 13 may kuni sud jarayoni boshlanishidan bir kun oldin Ian Gibbons katta dozada atsetaminofen moddasini qabul qiladi va 23 may kuni shifoxonada vafot etadi.

Gibbonsning o‘z rafiqasiga yozib qoldirgan yagona xatida esa u Theranos`dan uning korporativ noutbukini qaytarishni so‘rab murojaat qilgan.

Theranos kirdikorlarining fosh etilishi

Kaliforniya va Arizona shtatlarida Theranos kompaniyasining laboratoriyalari ochiladi, biroq kompaniya maksimal darajada yopiq siyosat olib boradi. Kompaniya va uning faoliyati, daromadi va tahlillar to‘g‘risida hech qanday ma’lumotlar ochiqlanmagan.

2015 yil oktabr oyida The Wall Street Journal jurnalisti Jon Karreyru kompaniyaning faoliyati to‘g‘risidagi surishtiruv ishlari yakunlarini e’lon qiladi va shundan so‘ng Theranos rahbariyati muammolarga duch kelishni boshlaydi. Maqolada kompaniya qon tahlillarini olish uchun o‘z texnologiyasini qo‘llamayotganligi aytiladi. Elizabet Xolms OAVga uning qonni tahlil qilish texnologiyasi ming xil turdagi qon tahlillarini amalga oshira olishini e’lon qilgan bo‘lsa, aslida texnologiya faqat bir xil turdagi qon tahliliga qodir bo‘lgan.

Maqola e’lon qilingach, Theranos saytidan «Bizning aksariyat testlarimiz uchun bir nechta tomchi qon kerak bo‘ladi xolos» iborasi olib tashlanadi. Shuningdek, laboratoriyalarda qon tahlillari va’da qilinganidek barmoq uchidan emas, balki vena qon tomirlaridan olingani ma’lum bo‘ladi.

Elizabet Xolms The Wall Street Journal tahririyatini qattiq tanqid qilib chiqadi. Biroq ushbu maqoladan so‘ng Theranos kompaniyasi AQSh hukumati nazoratiga olinadi. 2016 yil mart oyida klinik laboratoriyalar sohasi regulyatori Theranos kompaniyasi faoliyatida insonlar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi qonun buzilish holatlari bo‘lganligini aniqladi. Iyun oyida, tekshiruv ishlari yakuniga ko‘ra, Elizabet Xolmsga ikki yil davomida tibbiy laboratoriyalarni boshqarish yoki ularga egalik qilishga taqiq qo‘yiladi.

Elizabet matbuot bilan umuman aloqaga chiqishni, ushbu holatlarga izoh berishni istamagan. Uning o‘rniga kompaniya nomidan matbuot oldida Chenning Robertson chiqishlar qilgan. Robertson kompaniyaning «tez orada» matbuot uchun ochiq faoliyat yurita boshlashini va Theranos «10 yil vaqtini bekorga sarflamaganini» ta’kidlagan.

Biroq Forbes Robertsonning gaplariga ishonmadi va 2016 yilda Elizabet Xolmsning boylik qiymatini «nolga tenglashtirdi». Ya’ni Forbes «kompaniya likvidatsiya qilinadigan bo‘lsa, barcha mablag‘lar uning imtiyozli aksiyalariga ega bo‘lgan investorlarga o‘tadi» deya baholadi.

2016 yil oktyabrida Theranos barcha laboratoriyalarini va sog‘lomlashtirish markazlarini yopdi va kompaniyada ishlovchi xodimlar sonini 40 foizga kamaytirdi. Qiymati 9 mlrd dollarga teng deb baholanayotgan kompaniyaning narxi nolga teng bo‘lib qoldi.

The Wall Street Journal jurnalisti Jon Karreyru kompaniyaning sobiq xodimlari bilan muloqot qilgan va ularning shaxslari maqolalarda e’lon qilinmagan. Biroq, Karreyru bilan aloqa qilgan har bir inson kompaniya tomonidan ta’qib qilingan.

Theranos`ga oxirgi zarbani kompaniya laboratoriyalarida ishlagan sobiq xodim Erika Cheng beradi. Erika o‘zining ta’qib qilinayotganini tushungan holda, regulyator, ya’ni CMS federal agentligiga sms-xabar jo‘natadi. Xabarda kompaniyaning ushbu yillar davomida qanday faoliyat olib borgani va sobiq xodimlarning qay holda ta’qib qilingani tasvirlab berilgan edi.

2016 yil aprelida AQSh federal prokuraturasi va qimmat qog‘ozlar bo‘yicha komissiyasi Theranos`ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atadi.

FQB (Federal qidiruv byurosi) ning ta’kidlashicha, ular «shifokorlar va bemorlarni qon tahlillari ishonchli ekanligiga ishontirishgan va shu yo‘l bilan ularni aldab, ularning hayotini xavf ostiga qo‘yishgan».

CNBC`ning ma’lum qilishicha, 2018 yil 15 iyun kuni Ramesh Balvani va Elizabet Xolms FQBga taslim bo‘lishgan va har biri 500 ming dollar miqdoridagi garov puli evaziga qo‘yib yuborilgan. Bundan tashqari, Elizabet Xolmsga 10 yillik muddat davomida kompaniyalarni boshqarishga taqiq qo‘yilgan. Shuningdek, undan egalik qilayotgan va «ko‘p yillik firibgarlik» evaziga orttirilgan 18,9 mln qiymatga ega Theranos aksiyalarini topshirishi talab qilinadi. Ayblovlardan so‘ng Theranos kompaniyasi Elizabet Xolmsning bosh direktor lavozimidan ketganligini e’lon qiladi.

Elizabet Xolms va Theranos kompaniyasining ijrochi direktori Ramesh Balvani firibgarlikda ayblanmoqda va ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish haligacha yopilmagan. Sud jarayonining boshlanishi to‘rt marotaba ortga surilgan. Sud ilk bor 2020 yil iyun oyida boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lsa, keyinchalik oktyabr oyiga ko‘chirilgan, undan keyin esa 2021 yil mart oyida o‘tkazilishi belgilangan. Uch marotaba ham sud jarayonining ko‘chirilishiga pandemiya sabab bo‘lgan. Chunki ko‘pchilik guvohlarning yoshi 65 yoshdan oshgan va ular yashayotgan shtatlarda COVID-19 ko‘rsatkichlari juda yuqori bo‘lgan.

2019 yilda Elizabet Xolms Evans Hotel Group merosxo‘ri Uilyam Evans bilan nikohdan o‘tadi va u hozirda homilador. Elizabetning homiladorligi to‘g‘risida ma’lumot sudga 2021 yil 2 mart kuni e’lon qilingan va sudya Edvard Davila 13 mart kuniga mo‘ljallangan sud jarayonini 13 iyulga ko‘chirishga qaror qiladi. Biroq, 12 mart kuni sudlanuvchi tomonning advokatlari va prokurorlarning o‘zlari suddan «ushbu muddatgacha bo‘lgan vaqtda sudni boshlashning iloji yo‘qligi» sabab, sud jarayonini 31 avgustgacha to‘xtatib turishni so‘rab murojaat qilishgan.

Ramesh Balvani va Elizabet Xolmsga nisbatan 11 ta ayblov ilgari surilgan va ular aybdor topilgan taqdirda, har biri 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.


2018 yil 21 may kuni jurnalist Jon Karreyru o‘zining Bad Blood: Secrets and Lies in a Silicon Valley Startup nomli kitobini nashrdan chiqaradi va ushbu asar darhol bestsellerga aylanadi. Kitob Theranos kompaniyasi va uning asoschisi Elizabet Xolms haqida bo‘lib, unda ushbu tarixdagi har bir yolg‘on ko‘rsatib berilgan va tahlil qilingan. Jon Karreyru birinchi bo‘lib Theranos kompaniyasining faoliyatini shubha ostiga oladi va sobiq xodimlar bilan aloqaga kirishadi. U ushbu tarixni nafaqat Theranos kompaniyasining tragediyasi, balki butun Kremniy vodiysi tragediyasi deb ataydi. Ushbu kitob kompaniya tarixi haqida so‘zlab berish bilan bir qatorda qanday qilib startap boshlamaslik kerakligi to‘g‘risida ham yaxshigina saboq bera oladi.

Jon Karreyruning ta’kidlashicha, qaysidir lahzada Elizabet Xolms vaziyatning jiddiyligini tan olib, OAV bilan muloqotda shaffoflikni ta’minlay boshlaganida kompaniya tarixi bunday yakunlanmasligi, hattoki u o‘z g‘oyasini amalga oshira olishi ham mumkin edi.

2019 yil 18 mart kuni HBO teletarmog‘i Elizabet Xolms haqidagi hujjatli filmni taqdim etdi. Filmda aytilishicha, «bu dohiyona firibgar qizning tarixi emas, balki umrining oxirigacha dunyoni o‘zgartirishni xohlagan daxo haqidagi tragediya». Bitta yolg‘on evaziga boshlangan ish borgan sari kattalashib boraveradi, oqibatda «yolg‘onlar evaziga qurilgan imperiya» kuni kelib baribir qulaydi.