Avvalroq, Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edik.

Ushbu hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 noyabrdan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llaniladi. Tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno.

Qolaversa, 1 noyabrdan Davlat xizmatlari markazlari, «Litsenziya» axborot tizimi hamda YAIDXP orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning 50 foizi ularga 1 ish kunida qaytariladi. Bunda ariza beruvchiga tegishli davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi.

Shuningdek, 1 dekabrdan xorij mamlakatlarida doimiy istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish imkoniyati yaratiladi. Ular davlat boji va boshqa to‘lovlarni chet el valyutasida xalqaro to‘lov tizimlari orqali to‘laydi.

Bundan tashqari, 2022 yil boshidan aholi va tadbirkorlardan 15 turdagi hujjat va ma’lumotlarni so‘rash tartibi bekor qilinadi. Yana ayrim davlat xizmatlarini (8 ta) ko‘rsatishda undiriladigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar miqdorlari kamaytiriladi.