Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 23 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston prezidenti saylovi o‘tkazilishi munosabati bilan mamlakatga kelgan DIIHBning ilk missiyasi xulosalari haqida ma’lumot berildi.

Avvalroq, oktyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganish maqsadida 24−25 may kunlari Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.

Anjumanda MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov mazkur missiyaning yakuniy xulosasi bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus missiyasining hisoboti 19 iyul kuni e’lon qilingan.

MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

«Saylov kampaniyasida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish, tuhmatga bo‘lgan javobgarlikni yengillashtirish, saylov kampaniyasi davrida davlat resurslaridan noqonuniy foydalanishni taqiqlash, shu jumladan, davlat mansabdor shaxslarining ham saylov kampaniyasi targ‘ibot ishlarida ishtirokini taqiqlash, saylovlarni moliyalashtirish borasidagi ochiqlikni ta’minlash, siyosiy partiyalar tomonidan oraliq va davriy hisobotlarning taqdim etilishi juda ijobiy baholangan. Bu missiya hisobotida aks etgan va hisobot hamma uchun ochiq, byuroning rasmiy veb-saytida ham batafsil e’lon qilingan», — dedi u.

U shuningdek, missiyaning hisobotidan saylovga tayyorgarlik jarayonlariga berilgan baho ham o‘rin olganini qayd etdi. «Saylovga ishtirokchilarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, o‘tkazilayotgan treninglar, bundan tashqari, saylovga tayyorgarlik jarayonida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari ham o‘rin olgan va ijobiy baho berilgan», — dedi Qo‘chqorov.

MSK raisi o‘rinbosari missiya hisobotida nafaqat saylovga tayyorgarlik jarayonlari, balki o‘tgan saylovlarda berilgan tavsiyalarning amaliyotga tadbiq etilishi yuzasidan ham ijobiy baho berilganini aytdi.

«Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2019 yildan keyingi davrda saylov tizimi, saylov qonunchiligi va saylov amaliyotida amalga oshirilgan ishlarga ham baho berib o‘tilgan. Missiyaning o‘tgan saylovlarda bergan tavsiyalarining saylov qonunchiligi va saylov amaliyotiga joriy etilishi ijobiy baholangan», — dedi Bahrom Qo‘chqorov.

Avvalroq, u saylovchilar tashabbuskor guruhlari mustaqil ravishda o‘z nomzodini ko‘rsatish masalasida ham fikr bildirib, buni hal etish qonun chiqaruvchilarga bog‘liq ekanligini ta’kidlagandi. «Bu boradagi kelgusi harakatlar nafaqat Markaziy saylov komissiyasiga, balki birinchi navbatda qonun chiqaruvchilarimizga bog‘liq», — degan MSK vakili.

MSK O‘zbekiston prezidenti saylovi kuni etib 24 oktyabrni belgiladi. Saylov kampaniyasiga esa 23 iyuldan boshlab start berildi.