Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahriga eltuvchi A-373 trassasida yalpi hashar o‘tkazilayotgani aytilgan xabar va fotolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi izoh berdi.

Qayd etilishicha, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan «Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizom ijrosi yuzasidan vaqtinchalik tashkil etilgan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishlagan fuqarolarga tegishli tartibda oylik ish haqlari to‘lab beriladi.

Foto: Telegram / «Oltin voha»

Boshqarmaning ta’kidlashicha, tasvirlardagi fuqarolarning aksariyati obodonlashtirish xodimlari bo‘lib, ular mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda, ish kunida o‘z vazifalarini bajarmoqda.

Qayd etilishicha, ish hajmi kattaligi bois hashar yo‘li orqali viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan jamoat ishchilari ham vaqtinchalik ishga ixtiyoriy jalb qilingan. Ularning ham ish haqlari belgilangan tartibda to‘lab berilishi aytilmoqda.

Telegram`dagi «Oltin voha» kanalining yozishicha, ayni paytda bosh vazir Olmaliq shahrida bo‘lib turibdi. U 27 iyul kuni OKMK tasarrufida ochiladigan yangi ishlab chiqarish obyektini ko‘zdan kechirmoqda. Qo‘shimcha qilinishicha, obyekt ochilishiga davlat rahbarining tashrif buyurishi kutilmoqda.

Avvalroq, Eron hududlaridan juda issiq havo kirib kelishi hisobiga 24−26 iyul kunlari O‘zbekistonda havoda issiq ko‘tarilishi kutilayotgani, ushbu kunlarda havo harorati iqlimiy me’yorlardan +4…+6 daraja yuqori bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.