Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Andijon filiali Rossiyaga ishga jo‘natgan 41 nafar o‘zbekistonliklar va’da qilingan maosh to‘lanmayotganligi va yetarli sharoitlar yaratilmaganligi ustidan shikoyat qilib chiqqan edi. Oliy Majlis Senati ushbu holatni o‘z nazoratiga olgani haqida xabar berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi qo‘shicha ma’lumot berdi.

Agentlik bayonotiga ko‘ra,Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiyaning «Yujnыy» agrokombinati o‘rtasida qishloq xo‘jaligida ishlash uchun 400 nafar fuqaroni tanlov asosida ushbu korxonaga jalb qilish bo‘yicha kelishuv qilingan. Kelishuvga ko‘ra, ishchilar uchun 33 ming rubldan 50 ming rublgacha oylik maoshi ko‘zda tutilgan bo‘lib, fuqarolarning yo‘lkira, hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlari keyinchalik ularning ish haqidan ushlab qolish sharti bilan korxona hisobidan to‘lab berilishi, agar bir yil davomida ishlasa, korxona tomonidan qoplanishi belgilangan.

Agentlikning Andijon filiali tomonidan ushbu korxona vakili ishtirokida 16 iyun kuni o‘tkazilgan tanlovda tanlab olingan 143 nafar fuqaro birin-ketin 23−22−29 iyun hamda 4−5 iyul kunlari Cherkessk shahridagi «Yujnыy» agrokombinatida ishlash uchun jo‘nab ketgan.

Qayd etilishicha, fuqarolarning yashash va mehnat sharoitlari hamda pasportlarining olib qo‘yilgani yuzasidan qilgan murojaatiga asosan 14−16 iyul kunlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishchi guruhining ushbu korxonaga xizmat safari tashkil etilgan.

Ishchi guruhi tomonidan o‘rganishlar va ish beruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolarning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv dalolatnomasi rasmiylashtirilganligi aytilmoqda.

Shuningdek, videomurojaatda aytilgan bir kunlik maosh (130−120 so‘m — tahr.), aslida, bir soatlik ekani ma’lum bo‘ldi.