O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov o‘zining Twitter-sahifasida (ijtimoiy tarmoqqa ulanish iyul boshidan cheklangan) yaqinda ishga tushirilgan «Ochiq byudjet» portali haqida ma’lumot berib, fuqarolarni uning «Tashabbusli byudjet» bo‘limidan faolroq foydalanishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaffoflik islohotlarni ilgari suruvchi asosiy tamoyillardandir. Yangi talqindagi «Ochiq byudjet» portali mablag‘larning sarflanishi ustidan nafaqat parlament va jamoatchilik nazoratini, balki fuqarolarning byudjet mablag‘larini ishlatilishidagi ishtirokini oshirishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi moliya vaziri.

Vazir fuqarolarning jamiyat uchun hududlardagi xayrli va dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda ushbu portal munosib xizmat qilishiga umid bildirdi.

«Yoshlar, faollar! Yashab turgan shahringiz yoki mahallangizni obodonlashtirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor? Fikrlaringizni do‘stlaringiz va qo‘shnilaringiz qo‘llab-quvvatlaydimi? Loyihangizni „Tashabbusli byudjet“ orqali amalga oshiring!» — deb yozdi Timur Ishmetov.

U shu paytga qadar portalga 8000 dan ortiq murojaat kelib tushgani va ularni hal qilishga 157 mlrd so‘mdan ziyodroq mablag‘ yo‘naltirilganini ma’lum qildi.

«Yechim topish mumkin bo‘lgan vaziyatlarda sizning ovoz va takliflaringiz muhimdir. Bir misol bilan bo‘lishsam, Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, Do‘stlik mahallasi aholisi suvsizlikdan qiynalar edi. Mahalla faollari #OB portaliga o‘z tashabbuslarini yozib qoldirdilar va ushbu taklif eng ko‘p ovoz to‘pladi. Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ evaziga suv ta’minoti yo‘lga qo‘yildi», — dedi vazir.

Eslatib o‘tami, 9 iyul kuni O‘zbekiston moliya vazirligi yangilangan «Ochiq byudjet» portalini (openbudget.uz) ishga tushirdi, u yerda davlat byudjeti, davlat qarzi haqida ma’lumot e’lon qilinadi va «Tashabbusli byudjet» bo‘limi yaratilgan. Hozircha sayt test rejimida ishlamoqda.