Tunisdagi siyosiy inqiroz

25 iyul kuni Tunis prezidenti Qais Said Xalq vakillari assambleyasi (bir palatali parlament) faoliyati 30 kunga to‘xtatilishini, barcha deputatlarning daxlsizligi bekor qilinishini va bosh vazir Xisham Mashishining iste’fosini e’lon qildi. Bu mamlakatning bir nechta yirik shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tganidan so‘ng sodir bo‘ldi, aksiyalar ishtirokchilari hokimiyatdan parlamentni tarqatib yuborishni, siyosiy rejimni o‘zgartirishni va respublikadagi epidemiologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashgani uchun as’ullarni javobgarlikka tortishni talab qildilar.

Muhim yangiliklar (TASS):

  • 25 iyul kuni Bardoda (respublika poytaxtining chekkasi), Kayruan, Suss va Tauzer shaharlarida ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar «An-Nahda» islomiy partiyasining shtab-kvartirasiga hujum qildilar. Ular An-Nahdani Tunisdagi vaziyatning yomonlashuvida ayblamoqda.
  • Mamlakatdagi vaziyat bo‘yicha xavfsizlik xizmatlari va harbiylar vakillari bilan o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda Tunis prezidenti parlament faoliyati to‘xtatilishini e’lon qildi.
  • 26 iyulda Qais Said Ichki ishlar vazirligi, milliy mudofaa vaziri va adliya vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan hukumat rahbarlarini iste’foga chiqardi.
  • Parlament raisi Rashid Gannushi prezidentni respublika konstitutsiyasiga qarshi qaratilgan harakatlarda aybladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, an-Nahda tarafdorlari va Tunis xalqi inqilobni himoya qiladi, ammo tunisliklarni «demokratiyani tinchlik yo‘li bilan tiklashga» chaqirdi.
  • Mamlakat hokimiyati poytaxtga hukumat armiyasining bo‘linmalarini kiritdi. Qo‘shinlar shahar markazida, xususan, Xalq vakillari assambleyasi binosi va milliy telekompaniyaning shtab-kvartirasida joylashgan. Bundan tashqari, harbiylar Hukumat saroyini to‘sib qo‘yishdi va xodimlarni uning hududiga kiritishmayapti.
  • Parlamentdagi ikkinchi o‘rinda turuvchi «Tunis yuragi» partiyasi vakillari, inqirozni yanada kuchaytirmaslik uchun assambleyani zudlik bilan tiklashga chaqirdilar. Partiya prezidentning harakatlarini mamlakat konstitutsiyasini jiddiy buzish va hokimiyatni o‘zlashtirishga urinish deb hisoblamoqda.
  • An-Nahda partiyasining tarafdorlari parlament binosiga bostirib kirishga harakat qilishdi. Bundan tashqari, uning hududi yaqinida bir guruh fuqarolar va Rashid Gannushining tarafdorlari o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi.
  • Medenin shahridagi prezident tarafdorlari An-Nahda ofisidagi mol-mulkni talon-toroj qilib, binolarni yoqib yuborishdi. Partiya idoralariga hujumlar mamlakatning yana bir qancha shaharlarida sodir bo‘lgan.

Arab davlatlari orasida Isroil bilan aloqalarni o‘rnatishga qiziqish bor — Iordaniya qiroli

Ba’zi arab davlatlari Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqdalar. Iordaniya qiroli Abdalla II CNN’ga bergan intervyusida ushbu fikrni bildirdi. Qirolga Isroil bilan tegishli kelishuvlarga erishgan arab davlatlari soni ko‘payadimi yoki yo‘qmi, shuningdek, ularning soniga Saudiya Arabistoni kiritilishi mumkinmi, degan savol berildi. «Keyingisi qaysi davlat bo‘lishini bilmayman. Ammo arab davlatlari orasida milliy xavfsizlik manfaatlarini o‘ylaydigan tendensiyani payqadim. O‘ylaymanki, Eronga oid xavotirlar va mintaqadagi ko‘plab muammolar tufayli ular Isroil bilan munosabatlarni qonuniy manfaatlari yo‘lida saqlab qolish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqdalar», — dedi Iordaniya rahbari. Abdalla II’ning so‘zlariga ko‘ra, «garchi Ibrohim kelishuvlari kengaytirilishi mumkin bo‘lsa-da, buni isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi muloqot va ularning kelajagi haqida bahslashish zarariga yetkazish mumkin emas». — CNN.

Isroil 15 sentyabr kuni BAA va Bahrayn bilan munosabatlarni normallashtirish to‘g‘risidagi bitimlarni (Ibrohim kelishuvlari) imzolagan edi. Marosim Vashingtonda Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp, birinchi xonim Melaniya Tramp va bir necha o‘nlab mehmonlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan.


Meksika prezidenti Lotin Amerikasida Yevropa Ittifoqining muqobilini yaratishni taklif qildi

«Ikki asrdan ko‘proq vaqt oldin tatbiq etilgan model o‘z ma’nosini yo‘qotdi; uning kelajagi yo‘q. Yevropa Ittifoqiga o‘xshash narsa qilish kerak, lekin bizning tariximiz, haqiqatimiz va o‘zligimiz bilan bog‘liq holda», — dedi Meksika rahbari Andres Manuel Lopes Obrador. U Amerika davlatlari tashkilotini «hech kimning xizmatkori emas, balki inson huquqlari va demokratiya masalalarida to‘qnashuvlarda tomonlarning iltimosiga va roziligiga binoan vositachi» bo‘lishga, chinakam muxtor organ bo‘lishga chaqirdi. — Xinhuanet.


AQSh Tojikistonga Moderna vaksinasining 1,5 mln dozasini yetkazib berdi

26 iyul kuni kechqurun Turk havo yo‘llarining maxsus reysi AQShdan Dushanbe xalqaro aeroportiga 1,5 mln dozada Moderna vaksinalarini yetkazib berdi, deya xabar bermoqda Interfaks. O‘tgan hafta AQSh Davlat departamenti matbuot kotibining birinchi o‘rinbosari Jalina Porter AQSh 23 mamlakatga, shu jumladan Tojikistonga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun 22 mln doza yuborilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Bu AQShda ishlab chiqarilgan vaksinalarning Tojikistonga ilk bor jo‘natilishi. Avvalroq, 22 iyul kuni Ozarbayjon Tojikistonga gumanitar yordam sifatida AstraZeneca vaksinasining 40 ming dozasini taqdim etgan edi. Hozirgi kunda mamlakatda Hindistonda ishlab chiqarilgan AstraZeneca vaksinalari qo‘llanilmoqda. Ular mart oyida COVAX dasturi asosida mamlakatga 192 ming doza miqdorida olib kelingan. Shuningdek 20 iyunda Xitoydan gumanitar yordam sifatida CoronaVac vaksinasining 300 ming dozasi yuborilgan edi. Tojikistonda 18 yoshdan katta bo‘lganlarga majburiy emlash tartibi belgilangan.


Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilayotgan Tokioga tayfun yaqinlashmoqda

Tinch okeanidan Yaponiyaning shimoli-sharqiga «Nepartak» tayfuni yaqinlashmoqda. Prognozga ko‘ra, tayfun seshanba kuni (27 iyul) Yaponiya sohiliga yetib borishi va kuchli yomg‘irlar, shamol hamda yuqori to‘lqinlarni keltirib chiqarishi mumkin. Sinoptiklar tabiiy ofat Yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilayotgan Tokioga ham ta’sir qilishini istisno qilmadilar. Shu munosabati bilan, eshkak eshish va kamondan otish musobaqalari qoldirildi. Yaponiya meteorologiya xizmati, o‘z navbatida, kutilayotgan yomg‘ir tufayli ko‘chkilar va toshqinlar bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirdi. — Interfaks.


Afg‘onistondagi olti oylik janglarda deyarli 1,6 ming tinch aholi halok bo‘lgan — BMT

Yana 3,3 mingga yaqin kishi turli darajadagi tan jarohati olgan. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi missiyasi (YUNAMA) ma’lum qilmoqda. «2021 yilning birinchi yarmida Afg‘onistonda jarohat olgan tinch aholi soni rekord darajaga yetdi, shu jumladan may oyidan beri xalqaro qo‘shinlar olib chiqib ketila boshlangandan va toliblar hujumga o‘tgandan beri qotillik va jarohatlar soni keskin oshdi, bu esa jangovar harakatlarning kuchayishiga olib keldi», deyiladi xabarda. 2021 yilning birinchi yarmida Afg‘onistonda 1659 nafar fuqaro o‘limi va 3254 kishining jarohatlangani qayd etildi, ko‘rsatkich 2020 yilning shu davriga nisbatan 47 foizga oshgan. «Men Tolibon va Afg‘oniston rahbarlarini mojaroning tinch aholiga halokatli ta’siriga e’tibor berishga chaqiraman», — dedi YUNAMA rahbari, BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layons. — YUNAMA.

Shuningdek:

  • Afg‘oniston markazidagi G‘azni viloyatining Malistan tumanida kamida 43 tinch aholi toliblar tomonidan o‘ldirildi. Ta’kidlanishicha, toliblar o‘ldirilgan aholining uylarini vayron qilgan. Bu haqda TASS TOLOnews’ga tayanib xabar bermoqda.
  • Afg‘onistonning 46 nafar askari Pokistondan boshpana so‘ragan. Pokiston ularga Chitraldagi Arundu sektoriga o‘tish uchun xavfsiz yo‘lak taqdim etdi.

Shuningdek:

  • Buyuk Britaniya Ekvatorial Gvineya vitse-prezidenti Teodor Ngema Obiang Manguga qarshi sanksiyalar joriy qilganidan so‘ng mamlakat Londondagi elchixonasini yopishini e’lon qildi.
  • Vetnam parlamenti Nguyen Suan Fukaning prezidentlik muddatini, shuningdek Fam Min Chinning bosh vazir lavozimidagi vakolat muddatini 2026 yilgacha uzaytirdi.
  • Eronda birinchi yadroviy innovatsion markaz ochildi. Idora tibbiyot, sanoat va qishloq xo‘jaligida yadroviy texnologiyalarni qo‘llash masalalarni o‘rganadi.
  • Germaniya aholisining deyarli yarmi (49,4%) koronavirusga qarshi to‘liq emlandi. 50,6 mln kishi (60,9%) kamida vaksinaning bitta dozasini olgan. 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar orasida hozirda 800 mingdan ortiq kishi (ushbu yosh toifasidan 18,4%) emlashdan o‘tdi.
  • Fransiya parlamenti sanitariya ruxsatnomalarini joriy etish, shuningdek, barcha tibbiyot xodimlarini majburiy emlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.