COVID-19ga qarshi xitoy-o‘zbek vaksinasi O‘zbekistonda avgust oyidan ishlab chiqariladi, deya xabar bermoqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Vaksinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokara o‘tkazish maqsadida 24 iyul kuni uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev va «Jurabek Laboratories» kompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Xitoy tomonidan «Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical» kompaniyasi bosh muhandisi Van Chji Szyun, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish bo‘limi direktori Chen Fan U hamda boshqa vakillar qatnashdi.

«Xitoylik hamkorlar O‘zbekistonning farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyati bilan dastlabki tanishuvlari natijasida koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishning infratuzilmaviy imkoniyatlariga yuqori baho berdilar. Kompaniyaning bosh muhandisi Van Chji Szyun O‘zbekistonning ishlab chiqarish quvvatlari mazkur vaksinani ishlab chiqarish talablariga to‘liq muvofiq ekanligini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Xitoy kompaniyasi bilan vaksinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolandi.

«Butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda COVID-19 virusining bugungi kunda tarqalish sur’atlarini inobatga olib, mamlakatda vaksina ishlab chiqarish uchun Xitoy tomonidan xom ashyo yetkazib berish muddatlari va hajmi borasida dastlabki kelishuvlarga erishildi. „Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical“ kompaniyasi bilan O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda va mintaqadagi o‘rnini inobatga olgan holda qisqa muddatlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolanishiga kelishildi. Tomonlar O‘zbekistonda birinchi bosqichda oyiga 10 mln doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 200 mln dozaga qadar olib chiqish mumkinligi bo‘yicha fikr almashdilar», — deya qayd etdi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, Xitoy tomoni bilan yaqin kelajakda vaksina ishlab chiqarish texnologiyasini transfer qilinishiga kelishildi. Shuningdek, O‘zbekiston olim va mutaxassislarining mazkur sohadagi malakalarini oshirish maqsadida Xitoy va O‘zbekistonda bir vaqtda o‘qitish ishlari boshlanadi, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish masalalari muhokama qilingan edi.