Yaqinda o‘z kareasini yakunlagan 46 yoshli Oksana Chusovitina Sport TV telekanaliga bergan intervyusida Tokiodagi yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi chiqishidan keyingi his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi rejalari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«Afsuski, finalga chiqa olmadim, lekin o‘ylaymanki, buning hech qanday qo‘rqinchli tomoni yo‘q. Chunki, o‘ylaymanki, men gimnastikada, sportning ushbu turida, qo‘limdan kelgan barchasini qildim. Bugun shunday tugaganidan xursandman — oyoqda qoldim va yiqilmadim», — dedi sportchi.

Boshlovchi yoki yosh sportchilarga murojaat qilar ekan, Oksana Chusovitina ularni nima bo‘lishidan qat’i nazar har doim olg‘a intilish va hech qachon taslim bo‘lmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «har qanday mag‘lubiyat doim g‘alabaga eltadi».

«Shuncha insonlarning meni qo‘llab-quvvatlab turganidan baxtiyorman. Umid qilamanki, ular mening finalga tusha olmaganim yoki qayergachadir bora olmaganimdan xafa bo‘lishmadi. O‘ylaymanki, ularning barchasi gimnastikachi bo‘lganim va O‘zbekiston uchun chiqayotganim uchun muxlislik qilmoqdalar. Barchaga, butun O‘zbekistonga, Olimpiya qo‘mitamizga, Turizm va sport vazirligiga, federatsiyamizga shuncha yil meni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun kattadan-katta rahmatlar aytishni xohlardim. Ulardan juda ham minnatdorman, ammo barchasi shu. Sizga katta rahmat, qat’iy hukm qilmang!» — dedi yozgi Olimpiadalar rekordchisi.

So‘zining oxirida Oksana Chusovitina O‘zbekistonda o‘z klubini ochish hamda bolalar sportini rivojlantirishga hissa qo‘shish orzusi borligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

25 iyul kuni gimnastikachi tayanib sakrash bo‘yicha saralash bosqichida 14,166 ochko to‘plab, 16 ishtirokchi orasida 11-o‘rinni egalladi va Tokiodagi yozgi Olimpiya o‘yinlarini tark etdi. O‘z chiqishidan so‘ng Chusovitina professional faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

Endilikda sobiq gimnastikachi bokschi Bobousmon Baturov bilan birgalikda Olimpiada ochilishida O‘zbekiston bayroqdorlari bo‘lishi kerak edi, ammo marosimdan bir necha soat oldin ularning o‘rnini bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova egallashdi.

Oksana Chusovitina — 1992 yil Barselonadagi Olimpiya o‘yinlari chempioni, uch karra jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi. U yozgi Olimpiya o‘yinlarida ketma-ket sakkiz marta (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) qatnashgan dunyodagi yagona gimnastikachi sifatida Ginnesning Rekordlar kitobiga kirdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni, «Do‘stlik», «Mehnat Shuxrati» va «El-yurt hurmati» ordenlari sohibasi.