Respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi aka-ukalar o‘z xonadonlarida jami 25 nafar voyaga yetmagan bolaga noqonuniy tarzda diniy saboq berayotganliklari aniqlandi.

O‘zA`ning yozishicha, Bekobod tumanidagi masjidlardan birining imom-xatibi o‘z uyida har kuni 5 nafar bolani o‘qitib, ulardan oylik to‘lov sifatida 800 ming so‘mdan olib kelgan.

Uning akasining xonadonida esa 20 nafar bola ham yashab, ham diniy saboq olgan. Bu manzildagi bolalar uchun oylik to‘lov 1,5 mln so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, mazkur shaxs saboq berish jarayonlariga 21 yoshli o‘g‘lini ham jalb qilgan.

Ushbu bolalar 2005−2015 yillar oralig‘ida tug‘ilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari hisoblanadi. Ular orasida nafaqat bekobodlik, balki, qo‘shni Bo‘ka tumani, Toshkent shahrining Sergeli tumani, Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidan kelganlar ham bor. Bolalardan biri Bo‘ka tumanidagi umumiy o‘rta-ta’lim maktabi direktorining o‘g‘li bo‘lib, u 2020−2021 o‘quv yilida maktabdagi darslarga umuman qatnamagan.

Qo‘shimcha qilinishicha, imom-xatibning akasi saboq berish jarayonida vazifalarni o‘zlashtirmagan bolalarni kaltaklab, ularni och qoldirish bilan jazolagan.

Psixolog tomonidan bolalar bilan o‘tkazilgan suhbatda, ularning ko‘pchiligi ota-onalarining xohish-istaklari bilan o‘qishga kelganliklarini ma’lum qilishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudi tomonidan uch nafar shaxsning noqonuniy harakatlari ko‘rib chiqilib, ularga Mamuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko‘ra, BHMning 7−8 baravari (1 mln 715 ming so‘m — 1 mln 960 ming so‘m) miqdorida jarima solindi. Shuningdek, imom-xatibning akasiga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi ham tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida» gi қонuнда diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan.