Tokioda bo‘lib o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining ikkinchi kunida O‘zbekistondan 11 nafar sportchi ishtirok etdi. Shu kuni jamoaga birinchi medalni taekvondochi Ulug‘bek Rashitov olib berdi, u oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Taekvondo. 19 yoshli Ulug‘bek Rashitovнинг g‘alabasi, shubhasiz, kunning asosiy hodisasi bo‘ldi. U finalgacha bo‘lgan yo‘lda malilik Seydu Fofan, janubiy koreyalik uch karra jahon chempioni Li Dae Xun, eronlik Mirxashem Xusayni va Bosniya va Gertsegovinadan Nedzad Xusichni mag‘lubiyatga uchratdi.

Ulug‘bek Rashitov.

Murakkab kechgan final uchrashuvida o‘zbek sportchisi britaniyalik Bredi Sindenni 34:29 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uning mazkur g‘alabasi terma jamoa hisobiga ilk medalni olib keldi. Bundan tashqari, Ulug‘bek Rashitov yozgi Olimpiadada chempion bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik taekvondochi ham bo‘ldi.

Boks. Erkaklar bahsida Elnur Abduraimov (-63 kg) birinchi bo‘lib bahsga kirishdi. 1/16 final o‘yinida unga mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Baatarsux raqiblik qildi. Birinchi raundda yutqazgan Elnur qolgan ikkitasida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi — 4:1. Keyingi jangni o‘zbekistonlik bokschi tojikistonlik sportchi Bahodur Usmonovga qarshi o‘tkazadi.

Elnur Abduraimov.

Dilshod Ro‘zmetov (-81 kg) ham g‘alaba qozondi. U irlandiyalik Emmet Brennanga qarshi ringga chiqib, yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi asli kubalik bo‘lgan Ozarbayjon vakili Alfons Dominges bo‘ladi.

O‘zbekiston tarkibidagi ayollar o‘rtasida Tursunoy Rahimova (-51 kg) ishtirok etib, polshalik sportchi Sandra Drabikka ustidan 4:1 hisobida irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. Keyingi turda Rahimovaga Turkiya vakili Busa Chakiroglu raqiblik qiladi.

Tursunoy Rahimova.

Sport gimnastikasi. Olimpiadaning ikkinchi kuni Oksana Chusovitinaнинг katta sportdan ketishi bilan ham esda qoldi. Tayanib sakrashning saralash bosqichida gimnastikachi 14,166 ball to‘plab, 16 ishtirokchi orasida 11-o‘rinni egalladi va bu unga keyingi bosqichga chiqishga imkon bermadi.

Oksana Chusovitina. Foto: FIG.

Akademik eshkak eshish. Kechagi natijalarga ko‘ra Sobir Safaroliyev va Shaxboz Xolmirzayev medallar uchun kurashni davom ettirish uchun kichik imkoniyatga ega bo‘lishgan edi, ammo 25 iyul kuni 2000 metr masofada eshkak eshuvchilar to‘rtinchi o‘rinni egallab, musobaqadagi ishtiroklarini yakunladilar.

Velosport. 137 kilometrlik shosseda guruh musobaqasida Olga Zabelinskaya 67 ishtirokchi orasida 9-o‘rinni egallab, Olimpiadani tark etdi. Sportchi ushbu masofani 3 soat 54 daqiqa 31 soniyada bosib o‘tdi. Oltin medal avstriyalik Anna Kizenxoferga nasib etdi.

Og‘ir atletika. Ahmadjon Ergashev (-67 kg) O‘zbekiston milliy terma jamoasida ushbu sport turi bo‘yicha birinchi bo‘lib bahsga kirishdi. Jahon chempioni ikki kurashda jami 312 kg ko‘tarib, musobaqani oltinchi o‘rinda yakunladi.

Ahmadjon Ergashev.

Dzyudo. O‘zbekiston dzyudochilari Tokio o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsiz chiqishlarini davom ettirmoqdalar. Musobaqaning ikkinchi kunida moldovalik Denis Viyeru qarshi chiqqan Sardor Nurillayev (-66 kg) jarohati tufayli jangni davom ettira olmadi. Ayollar o‘rtasidagi bahsda Diyora Keldiyorova (-52 kg) mo‘g‘ulistonlik sportchi Sosorbaram Lxagvasurenga yutqazdi.