Prezidentning 24 iyulda qabul qilingan farmoni bilan chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolariga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 oktyabrga qadar:

  • «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» hamda «TMEK» axborot tizimlari YAIDXP bilan integratsiya qilinishini ta’minlanadi;
  • davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali davlat xizmatlari ko‘rsatilishida to‘lovlar bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan shaxslarni real vaqt rejimida aniqlash va to‘lov miqdorini avtomatik tarzda belgilash tizimi joriy etiladi.

Chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.

Xorijdan turib elektron davlat xizmatlaridan foydalanganda davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarni chet el valyutasida xalqaro to‘lov tizimlari va boshqa vositalar orqali amalga oshirish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.