Koronavirus ommaviy emlash yechimi bo‘lgan yagona kasallik emas. Dunyo bo‘ylab yuz millionlab odamlar vaksinalar ixtiro qilingani sababli omon qolishgan. Bir necha millionlab odamlar kasalliklarning og‘ir oqibatlariga duchor bo‘lmasdan, normal hayotga qaytganlar.

BBC rus tilidagi xizmati dunyoda juda keng avj olgan viruslar va ularga qarshi ishlab chiqilgan vaksinalar odamlarning hayotini qanday o‘zgartirganiga bir nechta misollarni taqdim etgan edi. «Gazeta.uz» ushbu maqoladan eng asosiy joylarini tarjima qildi.

Chechak

Foto: medalmanah.ru

20-asrning o‘zida ushbu o‘ta yuqumli virusli kasallik 300 milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Avvalgi davrlarda qurbon bo‘lganlar sonini sanab ham bo‘lmaydi. Chechak bilan kasallanganlarning taxminan 30 foizi ko‘pincha azoblanib vafot etgan, chunki ularning butun tanasi yiringli yaralar bilan qoplangan. Qolganlari esa bir umrga ko‘zi ojiz bo‘lib qolishgan yoki terilari ustida dahshatli izlar bilan yashashga majbur bo‘lishgan.

Asrlar davomida odamlar umidsiz ravishda chechakka davo izlaganlar va oxir-oqibat ular birinchi vaksinani yaratishga muvaffaq bo‘lganlar.

Kasallikning sun’iy ravishda qo‘zg‘atilgan yengil shakli odamlarda immunitet hosil qilishi mumkin degan fikr, ehtimol Xitoyda tug‘ilgan. Ba’zi manbalarda aytilishicha, taxminan 1000 yil davomida u yerda odamlar chechak bilan kasallangan bemorlarning mayda ezilgan qoraqo‘tirlaridan kukunni hidlashgan yoki quloqlariga chechak yiringiga botirilgan paxta tolalarini kiritishgan.

Afrikada yiring bilan namlangan ipni igna bilan teridan o‘tkazishgan.

O‘n sakkizinchi asrda Britaniyada chechakka qarshi emlashni taniqli aristokrat Meri Montegyu targ‘ib qilgan, u o‘zi yoshligida chechak bilan kasallangan va eri elchi bo‘lib ishlagan Turkiyadagi tegishli amaliyotlar bilan tanish bo‘lgan. Ammo u taklif etgan usul unchalik ishonchli bo‘lmagan. Natijada, taxminan har o‘ttiz bemorning bittasi chechakning og‘ir shakli bilan kasal bo‘lib, vafot etgan.

Ingliz fermerlari sigir chechagi odam uchun yuqumli ekanligi, ammo o‘limga olib kelmasligini ancha oldin payqashgan edi. Ushbu hodisani o‘rganib chiqqan shifokor Edvard Jenner sigir chechagi asosida ishonchli va xavfsiz vaksinani yaratgan.

1796 yil 14 mayda Jenner bir fermerning sakkiz yoshli o‘g‘li Jeyms Fippsni ushbu vaksina bilan emlagan va u keksalik davrigacha yashagan. Jenner ikki yildan so‘ng o‘z hisobidan mashhur «Sigir chechagining sabablari va oqibatlarini o‘rganish» risolasini nashr etgan. Chunki Qirollik ilmiy jamiyati uning uslubiga ishonchsizlik bilan qaragan.

Keyinchalik, Buyuk Britaniya armiyasi va dengiz floti askarlari buyruq asosida chechakka qarshi emlanganida shubhalar yo‘qoldi, chunki hech kimda nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi.

Deyarli yuz yil o‘tgach, Lui Paster Jennerning sharafiga sun’iy immunitetni shakllantirish tamoyiliga asoslangan preparatlarni «vaksina» deb atashni taklif qiladi, lotinchada — «vacca» (sigir) so‘zidan. Vaksina so‘zining tarixga kirishida ham ushbu kashfiyot sabab bo‘lgan.

Kambag‘al mamlakatlarda chechak 150 yildan ortiqroq davom etgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 1967 yilda boshlangan ommaviy emlash dasturi uni amalda tugatishga yordam bergan.

Millardlab odamlarni emlashning iloji bo‘lmaganligi uchun, manzilli emlash usuli tanlangan. Birinchi marotaba bu uslub sharqiy Nigeriyada sinovdan o‘tkazilgan. Chechak tarqalish o‘choqlari tezda aniqlanib, ularga qo‘shni hududlar aholisi emlangan. Natijada 12 millionlik aholisi bor hududni 750 ming kishini emlab chechak yo‘qotilgan.

Hozirgi vaqtda tirik chechak viruslari Yer yuzida faqat ikki joyda: Rossiya va AQShdagi eng yuqori darajadagi himoya laboratoriyalarida saqlanib qolgan.

Poliomiyelit

Foto: akhty-crb.ru

Ushbu kasallik chechakka qaraganda ancha kam odamning hayotiga zomin bo‘lgan, ammo tirik qolganlar og‘ir oqibatlarga duchor bo‘lganlar.

Poliomiyelit asosan bolalik davrida yuqadi. Virus tanaga og‘iz orqali, so‘ngra qonga kiradi va asab tizimiga ta’sir qilib, ko‘pincha davolab bo‘lmaydigan falajlikka olib keladi. Kasallik asosan oyoqlarga ta’sir qiladi, ammo har o‘ninchi bemor o‘pka mushaklarining falaji natijasida bo‘g‘ilib, vafot etadi.

Vaksinalar hali ixtiro qilinmagan davrda, bunday bemorlar uchun yagona umid — bu 1920-yillarda yaratilgan, «Temir o‘pka» deb nomlangan maxsus kameralar ichidagi o‘pkaning sun’iy shamollatilishi bo‘lgan. Ushbu metall qurilmalarda odamlar bir necha hafta, ba’zan esa butun hayotlarini o‘tkazganlar.

Poliomiyelit, chechakdan farqli o‘laroq, tashqi belgilarga ega bo‘lmaganligi sababli, uning yuqumli tabiati faqat 1905 yilda shved shifokori Ivar Vikman tomonidan qayd etilgan.

O‘sha vaqtga kelib, yirik shaharlarda ichimlik suvi sifatining yaxshilanishi poliomiyelit bilan kasallanganlarning umumiy sonini ham, unga qarshi immunitetga ega bo‘lganlarning foizini ham kamaytirgan. Kasallik o‘choqlari ko‘proq ko‘rinadigan bo‘lib qolgan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, poliomiyelit asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yuqadi.

1952 yilda amerikalik shifokor Jonas Salk poliomiyelitga qarshi vaksinani yaratdi. 1961 yilda uning hamkasbi Albert Seybin ukol bilan emas, yutish mumkin bo‘lgan takomillashtirilgan versiyasini ishlab chiqqan. Shundan keyin AQSh va Yevropada kasallanish holatlari keskin kamaygan.

Vaksinalar tarixidagi eng yomon xatolardan biri poliomiyelitga qarshi emlash bilan bog‘liq. 1955 yilda Amerikaning Cutter Laboratories firmasi xatolik tufayli ichida tirik poliomiyelit virusi bo‘lgan yuz mingdan ortiq dozadagi preparatni chiqarib yuborgan. Natijada, o‘nta bola vafot etgan, 160 nafari umr bo‘yi falaj bo‘lib qolgan.

1988 yilda JSST butun dunyo bo‘ylab poliomiyelitni yo‘q qilish bo‘yicha dastur boshlanganligini e’lon qilgan. «Ota-onalarning dahshati» deb nomlangan kasallikdan 1994 yilda Qo‘shma Shtatlar, 2000 yilda Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya, 2002 yilda Yevropa, 2014 yilda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari ozod bo‘ldi deb e’lon qilingan.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, poliomiyelitga qarshi emlash tufayli dunyoda bir yarim million kishi omon qolgan va 18 million kishi yura oladi.

Hozirda poliomiyelit faqat Afg‘oniston, Pokiston va Nigeriyada kuzataladi, yiliga o‘nlab kasallanish holatlari qayd etiladi.

Qizamiq

Foto: cherinfo.ru

Qizamiqqa qarshi emlash bir vaqtning o‘zida ham muvaffaqiyat va ham muvaffaqiyatsizlikka misoldir.

Butun dunyo e’tiborini tortgan Afrikada Ebola virusining tarqalishi 20 mingga yaqin odamni hayotdan olib ketgan bo‘lsa, qizamiq 2019 yilda 207,5 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, ammo unga qarshi vaksina 1963 yildan beri mavjud.

Vaksinadan voz kechish qizamiq bilan kasallanish darajasi oshishining asosiy sababi hisoblanadi.

Juda yuqumli virus yo‘tal va aksirish paytida, yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilishda tupurik tomchilari bilan tarqalib, isitma va toshmalarga olib keladi. Og‘ir holatlarda bemorning hayotiga xavf soluvchi — diareya, pnevmoniya va miya qatlamlarining yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.

Vaksina ixtiro qilinishidan oldin, qizamiq yiliga o‘rtacha 2,6 million kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Ammo uni butunlay yengib chiqishning iloji bo‘lmadi, chunki kasallikning yuqumlilik darajasi juda yuqori bo‘lganligi tufayli jamoaviy immunitet faqat 95% aholi emlanganida paydo bo‘ladi.

AQSh va Yevropada emlanishga qarshi bo‘lgan «antivaksinachilar»ning qarashlari ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalishi sababli so‘nggi yillarda qizamiq bilan kasallanish yana ko‘paymoqda.

Ularga turtki bergan narsa 1998 yilda e’lon qilingan, ingliz shifokori Endryu Ueykfildning qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi kompbinatsiyalangan emlash bolalarda autizmni keltirib chiqarishi haqidagi shov-shuvli maqolasi edi. Garchi keyinchalik ushbu maqolalarda ma’lumotlar rad etilib, Ueykfildning o‘zi ilmiy jihatdan yomon niyatda bo‘lganligi uchun tibbiy litsenziyasidan mahrum qilingan bo‘lsada, uning g‘oyalari ildiz otib ketgan.

Rivojlangan mamlakatlarda qizamiq bilan kasallanganlar nisbatan kamdan-kam hollarda vafot etsa, Afrikada ahvol yomonroq. 2019 yilda Kongo demokratik respublikasida qizamiq kasalligi 7000 dan ortiq odamning, asosan bolalarning o‘limiga sabab bo‘ldi.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa chekka hududlarda, asosiy muammo stereotiplarda emas, balki vaksinaning yetishmasligi va tibbiy infratuzilmaning yo‘qligida. JSST BMTga a’zo davlatlardan qizamiqqa qarshi emlash uchun 255 mln dollar qo‘shimcha mablag‘ so‘ragan.

Bezgak

Foto: h-clinic.ru

Bugungi kunga kelib insoniyatning deyarli yarmi bezgak bilan kasallanish xavfi ostida, har yili 400 ming odam bezgakdan vafot etadi.

Bezgakni Plasmodium turkumidagi hasharot keltirib chiqaradi. Ushbu parazitlar odamlarni chaqadigan bezgak chivinlari tomonidan tarqaladi.

Kasallikni bezgak chivinlari chaqishi bilan odamning qoniga tushadigan bir hujayrali parazitar bakteriya keltirib chiqaradi.

Bezgakka qarshi kurashning asosiy usullari — bu chivinlar kelib chiqadigan botqoqlarni quritish, kasallikni erta davrida oldini oladigan chivinga qarshi to‘rlar va dorilar hisoblanadi (biroq plazmodiy ularga ham bardosh bera olishi haqida ma’lumotlar bor).

Bezgak, ayniqsa, bolalar o‘limining eng qadimiy va jiddiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Har yili 200 milliondan ortiq odam bu kasallikka chalinadi.

Bezgakka qarshi immunitetni shakllantiruvchi vaksina 32 yillik intensiv ishlar va 700 mln dollar sarflanganiga qaramay hali yaratilmagan.

Yagona prototipi Gana, Malavi va Keniyada sinovdan o‘tkazilmoqda, sinovlar 2023 yilda yakunlanishi kerak. Hozirgacha mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur vaksina bezgakdan o‘rtacha 40% hollarda va to‘rt yildan ortiq bo‘lmagan muddatga himoya qiladi. Bu esa boshqa kasalliklarga qarshi emlashlarga nisbatan juda zaif ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunday holda, bir yoki ikki marta emas, balki to‘rt marta emlanish kerak.

Mutaxassislar bosiqlik bilan optimistik kayfiyatda bo‘lib turishibdi, biroq vaksinaning bezgakka qarshi yagona davo bo‘lishi dargumon ekanligi haqida ogohlantiradilar.