2021 yilning yanvar-iyun oylari yakuni bilan respublikaning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 2,1 mlrd dollarga yoki 13,6% ga ko‘paydi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida. Biroq pandemiyagacha bo‘lgan davr (2019 yil) ko‘rsatkichlaridan kamroq — 19,6 mlrd dollar.


Eksport hajmi 7 mlrd dollarga (12,3% ga ko‘paydi) va import hajmi 10,9 mlrd dollarga (14,3% ga ko‘paydi) yetdi. Hisobot davrida — 3,9 mlrd dollar qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etildi.

Shu bilan birga, oltinsiz eksport hajmi 36,4 foizga oshdi.

O‘zbekiston jahonning 171 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (18,2%), Rossiya (17,0%), Qozog‘iston (10,4%), Turkiya (8,7%), Koreya Respublikasi (4,6%), Qirg‘iz Respublikasi (2,4%) va Afg‘onistonda (2,0%) qayd etilgan.


Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 10 ta hamkor davlatlar ro‘yxatiga uzoq yillardan keyin ilk bor Ukraina ham kirdi. 2018 yildan mazkur mamlakat bilan savdo aylanmasi 206,6 mln dollardan 190,4 mln dollarga kamaygan edi, biroq 2021 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 279 mln dollarga ko‘tarildi.

Olti mamlakat: Afg‘oniston (ijobiy saldo — 349,1 mln dollar), Qirg‘iziston (269,9 mln dollar), Tojikiston (164,2 mln dollar), Turkiya (133,8 mln dollar), Kanada (99,1 mln dollar) va Eron (13,1 mln dollar) bilan faol tashqi savdo balansi kuzatilmoqda.

Eksport

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 83,9% ni tashkil etib, ular sanoat tovarlari (28,8%), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,4%) va kimyoviy vositalar va boshqa toifalarga kiritilmagan shunga o‘xshash mahsulotlar (6,6%) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston may oyida yana oltin eksportini boshladi — eksport hajmining sezilarli o‘sishida buning ham qisman aloqasi bor. Iyunda mamlakat 191,3 mln dollarlik oltin sotdi.

Eksportda katta ulushga ega bo‘lib kelgan gaz sotish hajmi esa yarim yil davomida 194,9 mln dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 15,4 foizga kam demakdir.

Rangli metllar soti hajmi qariyb 2 barobarga oshdi — 782,7 mln dollar (99,2 foizga). To‘qimachilik yigirilgan ipi, matolar, tayyor buyumlar va shunga o‘xshash mahsulotlar savdosi 1 mlrd dollardan ko‘proqni (o‘sish — 76 foiz), kiyim-kechak — 317,5 mln dollarni (34,4 foizga), avtomobillar — 194,5 mln dollarni (2,3 barobar) tashkil etdi.

716,8 ming tonna yoki 402,7 mln dollarlik (kamayish 3,1 foizga) meva-sabzavot eksport qilindi.

Xizmatlar eksporti hajmi 1,1 mlrd dollarni yoki jami eksport hajmining 16,1% ini tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 12,0% ga ko‘paydi. Xizmatlar eksporti tarkibining asosiy ulushi transport (71,3%), safarlar (turizm) (14,0%), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot (6,8%) hamda boshqa tadbirkorlik bilan bog‘liq xizmatlar (3,0%) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, boshqa xizmatlar (4,9%)ni tashkil etib, tarkibida eng yuqori ulushlar qurilish xizmatlari (1,1%), moliyaviy xizmatlar (1,1%) hamda sug‘urta va pensiya ta’minoti xizmatlari (1,1%) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Import

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (32,8%), sanoat tovarlari (18,9%) hamda kimyoviy vositalar va boshqa toifalarga kiritilmagan shunga o‘xshash mahsulotlar (13,8%) hisobiga to‘g‘ri keldi.

Mashina va transport asbob-uskunalari importi 1,4% ga o‘sib, 3,59 mlrd dollarga yetdi.

O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importini keskin oshirdi — 1,1 mlrd dollargacha (46,2%ga o‘sdi). Bunda donli ekinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar — 392,8 mln dollargacha (35,4%), shakar va undan tayyorlangan mahsulotlari hamda asal importi esa 162,8 mln dollargacha (39,7%) oshdi.

Elektr energiyasi yetkazib berish hajmi 68,8 mln dollarga (+13,4%), o‘simlik moylari yoki yog‘lari — 174,5 mln dollargacha (49,4%), tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari — 624,5 mln dollarga (38,8%), cho‘yan va po‘lat — 875,8 mln dollargacha (29,9%), to‘qimachilik iplari, matolar va tayyor mahsulotlar — 179,5 mln dollargacha (46,2%) o‘sdi.