YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekiston prezidenti saylovida nomzodlarni mustaqil ko‘rsatish imkoni yo‘qligi masalasini ko‘targan edi. Juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu masala yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov izoh berdi.

24−28 may kunlari YeXHTning DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi 24 oktyabrda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan prezident saylovi oldidan tashrif buyurgandi.

O‘zbekistonda prezidentlik va deputatlikka nomzodlarni faqat siyosiy partiyalar (mamlakatda 5 ta partiya ro‘yxatdan o‘tgan) ko‘rsatishi mumkin. Saylovchilar tashabbuskor guruhlari tomonidan nomzodlarni ko‘rsatish imkoniyati 2009 yilning iyul oyida qonunchilikdan chiqarilgan. YeXHTning DIIHB 2016 yilgi prezident saylovi yakunlari bo‘yicha bergan hulosasida nomzodlarni mustaqil ravishda ko‘rsatish imkoniyati yo‘qligini O‘zbekiston saylov qonunchiligining kamchiligi deb e’tirof etgan edi.

«Ha, bu masala DIIHB tomonidan o‘tgan saylovlarda ham ko‘tarilgan edi. Lekin, bizning qonunchiligimizga ko‘ra, faqatgina siyosiy partiyalar saylov davrida O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarni ilgari surish huquqiga ega. Reja qilinayotgani yoki qilinmayotgani haqida biror narsa deya olmayman, chunki qonunchilik Markaziy saylov komissiyasiga bog‘liq emas. MSK Saylov kodeksida qabul qilingan qonun ijrosini ta’minlaydi», — dedi Bahrom Qo‘chqorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu masalaning yechimi qonun chiqaruvchilarga bog‘liq. «Balki, kelajakda biz ushbu masalani muhokama qilishimiz mumkin bo‘ladi. Bu boradagi kelgusi harakatlar nafaqat Markaziy saylov komissiyasiga, balki birinchi navbatda qonun chiqaruvchilarimizga bog‘liq», — dedi u.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, shuningdek mustaqil ravishda prezidentlik va deputatlikka nomzod ko‘rsatish iloji yo‘qligiga ham izoh berdi. U hozir qonunchilikda bu narsa yozilmaganligini tan oldi, lekin mustaqil ravishda nomzodni qo‘yishning iloji yo‘qligi ochiq saylovlarni o‘tkazishga to‘sqin bo‘lmasligini aytdi.

«Yo‘q, umuman. Siyosiy partiyalar, agar ular haqiqiy siyosiy partiya bo‘lsa, bularni o‘zida mujassam qilishi mumkin. Biz bu haqda bahslashishimiz mumkin, anjuman o‘tkazishimiz mumkin. Buni yoqlaydigan va qarshi ko‘p argumentlar bor… Men bir narsani aytishim mumkin, oldinda bir nechta konferensiyalar bor, va ushbu mustaqil nomzodlar masalasi ham [kun tartibida] turibdi», — degan edi senator.

MSK O‘zbekiston prezidenti saylovi kuni etib 24 oktyabrni belgiladi. Saylov kampaniyasiga esa 23 iyuldan boshlab start berildi.