Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev 2016 yili prezident lavozimiga kirishgandayoq bir fikrni ta’kidlagandi: «xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak».

Natijada prezidentning Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalari tashkil etildi (virtual qabulxonaning veb-saytida u orqali taxminan 5,5 mln so‘rov kelib tushgani ko‘rsatilgan). Joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilgani odamlarda muammolarini hal qilish tizimi yaxshilandi.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev «odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning o‘zida bartaraf qilish kerakligini» ta’kidladi.

Buning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratishi, shuningdek, hokimliklarda kunlik qabul yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

«Har bir hokimning kabineti „xalq qabulxonasi“ bo‘ladi. Murojaatlarni ko‘rib, nimalarga e’tibor qilish bo‘yicha har bir rahbarning strategiyasi bo‘lishi kerak», — dedi prezident.

Aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tunu kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.


Prezident 6 oyda Xalq qabulxonalariga bandlik va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha kelib tushgan 100 mingta murojaatni to‘liq hokimlik kuchi bilan hal qilish mumkinligini misol qilib keltirdi.

Yig‘ilishda eng ko‘p murojaatlar elektr energiyasi va gaz ta’minoti, bandlik, uy-joy, yer, tibbiy xizmat va xalq ta’limi masalalari bo‘yicha bo‘layotgani ta’kidlandi.

Davlat rahbari tibbiyot sohasidagi murojaatlarning qariyb yarmini tashkil etayotgan order tartibi o‘rniga ochiq va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilsa, kamida 10 mingta shikoyat kamayishini qayd etdi.

Murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantirishi belgilandi.

Bundan tashqari, barcha vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlarni ro‘yxatga olish, ularni ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilish bo‘yicha Yagona onlayn platforma yaratilishi qayd etildi. U orqali monitoring yuritilib, har oyda Senatga va Hukumatga tahliliy ma’lumot kiritiladi hamda tanqidiy muhokama qilib boriladi.

Shuningdek, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini Senatda har chorakda, mahalliy hokimliklar hisobotini esa mahalliy Kengashlarda har oyda eshitib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.