24 iyul, shanba kuni ertalab Qirg‘iziston bilan chegara hududidagi Tojikistonning So‘g‘d viloyati Isfara shahri hududida otishma sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda RIA Novosti shahar ma’muriyati matbuot xizmatiga tayanib. Isfara ma’muriyatining ta’kidlashicha, otishma avval qirg‘iz chegerachilari tomonidan qayd etilgan.

Avvalroq Qirg‘iziston chegara xizmati Tojikiston bilan chegara hududida chegarachilarga qarshi otishma sodir bo‘lganligini e’lon qilgan edi. Ma’lumotga ko‘ra, 24 iyul kuni Botken viloyati Botken tumani Qum-Mozor hududida Tojikistonning chegaraoldi viloyatlari aholisi «qirg‘iz tomonining roziligisiz hududni qumlardan tozalashni boshlashgan» va «aholining og‘zaki to‘qnashuvi janjalga va tosh otishga aylangan». Ularning aytishicha, tojik chegarachilari Qirg‘iziston tomon o‘q uzishgan, «bunga javoban qirg‘iz chegarachilari Tojikistonga qarshi o‘q otishgan».

Qurolli mojaro Chorkux jamoatining aholisi Qum-Mozor hududida ko‘ngilli tozalash ishlarini o‘tkazmoqchi bo‘lganlaridan keyin sodir bo‘lgani aytilmoqda.

«Hudud aholisi shanbalikka bormoqchi bo‘lganida, qirg‘iz chegarachilari bunga yo‘l qo‘ymagan. Ular o‘z fuqarolarini qo‘zg‘atib, bizning fuqarolarga tosh otishni boshlashgan va ularning chegarachilari bizning fuqarolarimizga o‘q uzgan», — dedi agentlik suhbatdoshi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tojik chegarachilari o‘q otishga majbur bo‘lishgan, har ikki tomondan otishma 10 daqiqa davom etgan. Ta’kidlashicha, «Qum-Mozor» har yili hashar o‘tkaziladigan qadimiy davolash maskani hisoblanadi.

«Bu tarixiy joy, bu bizning hududimiz va tojik xalqi bu yerda yuz yillar davomida davolanib kelgan», — dedi u.

24.kg ma’lumotlariga ko‘ra, voqea joyiga Qirg‘iziston chegarachilari, mahalliy hokimiyat vakillari va aholi yetib kelishgan. Tojikiston tomoni Qirg‘iziston tomonining «ishni to‘xtatish haqidagi talablariga bo‘ysunmagan». Bundan tashqari, xabarda aytilishicha, tojikistonliklar Qirg‘iziston fuqarosini kaltaklamoqchi bo‘lishgan.

Hozirda Qum-Mozor hududida tomonlarning chegara vakillari darajasida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Vaziyat barqaror deb tavsiflandi, deyiladi xabarda.

Jarohatlanganlar va jabrlanlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 28 aprel kuni tojik-qirg‘iz chegarasidagi Botken viloyati, Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi «Golovnoy» suv taqsimlash punkti hududida nizoli vaziyat yuzaga kelgan edi.Tomonlar bir-biriga tosh otishni boshlashgan, so‘ng otishma boshlangan. Qirg‘izistonda 134 jabrlanuvchi tibbiy yordamga murojaat qilgan, 13 kishi vafot etgan, ular orasida bola ham bo‘lgan. Tojikistonda 90 kishi jabr ko‘rgan, 10 nafar fuqaro vafot etgan.

29 aprel oqshomida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy kuchlarni avvalgi joylashtirilgan joylariga olib chiqish to‘g‘risida kelishib oldilar.

30 aprel kuni esa Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi otishma butunlay to‘xtatilgan.