Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi sobiq estrada xonandasi Jahongir Otajonov ishini sudga taqdim etdi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Iyun oyi oxirida sobiq xonanda o‘z videomurojaatida davlat xizmatchilari, jumladan, IIBB va IIV xodimlari sha’niga haqoratomuz so‘zlarni ishlatgan edi. Huquqni muhofaza qilish organlari uning «xodimlarning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan taxqirlagan"ini aniqladi.

«Tergovga qadar tekshiruv jarayonida, u yuqoridagi videomurojaatida aytib o‘tgan haqoratli gaplarni jahl ustida aytganligini, Respublika hukumati va ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan hech qanday shaxsiy adovati yo‘qligini ta’kidlab, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan», — deyiladi xabarda.

Jahongir Otajonovning qilmishida MJtKning 41-moddasi («Haqorat qilish»)da ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli to‘plangan hujjatlar 23 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudiga taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘z xonandalik faoliyatini yakunlaganini va prezidentlik saylovida qatnashish rejasi borligini ma’lum qilgan Jahongir Otajonov 11 iyul kuni onasi norozi bo‘lgani sababli siyosatdan ketishini e’lon qildi. U joriy yil oxirida konsert berishni rejalashtirayotganini aytib o‘tdi.