Koronavirusga qarshi emlash odamlarni immunizatsiya tarafdorlari va qarshilarga hamda vaksinalarning xavfsizligiga shubha bilan qarovchilarga bo‘lib tashladi. 2019 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaksinalarga bo‘lgan ishonchsizlikni insoniyat uchun global tahdidlarning o‘ntaligiga kiritgan edi.

PhD ilmiy darajasiga ega shifokor-virusolog va Facebook`dagi «Vrachi Tashkenta» guruhi asoschisi Dildora Sekler «Gazeta.uz»ga bergan intervyusining ikkinchi qismida «delta» koronavirusi avvalgilaridan nimasi bilan farq qilishi, nima uchun vaksinadan qo‘rqmaslik lozimligi, hozir pnevmoniyaga qarshi emlanish mumkinmi, bu emlash koronavirusdan himoya qiladimi yoki yo‘qmi kabi savollarga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, intervyuning birinchi qismida Dildora Sekler antitanachalarga test topshirish kerakmi yoki yo‘qmi degan savolga javob bergan edi.

— Yaqinda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi pnevmoniya bilan kasallanganlar soni bo‘yicha statistik ma’lumotlarni e’lon qila boshladi. Sizningcha, bu to‘g‘rimi?

— Statistika statistikadan farq qiladi. Hozir bizda pnevmoniya tashxisi faqat MSKT natijalari asosida qo‘yiladi. Bu unchalik to‘g‘ri deb o‘ylamayman. Shifokorlar taniqli «matovoye steklo» atamasi asosida — o‘pkaning zararlanish foiziga asoslanib bu tashxisni qo‘yishadi, aslida esa ko‘p holatlarda bu pnevmoniya emas, balki virusli pnevmonitdir. Bu tubdan farq qiladigan turli tashxislar, kasalliklarning turli klinik kechishi va albatta, davolanishdagi mutlaqo farqli yondashuvlar.

Dunyo bo‘ylab pnevmoniya statistikasi har yili tuziladi. Bu asosan bakterial pnevmoniya. Virusli infeksiyalar paytidagi pnevmoniya, asosan, bakterial infeksiya qo‘shilganda virus, shu jumladan koronavirus ta’sir qilishining oqibatlari hisoblanadi. Ko‘pgina respirator viruslar pnevmoniyani keltirib chiqarishi mumkin, shu jumladan koronavirus, gripp viruslari va boshqalar.

— Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hozirda qaysi pnevmoniya statistikasi e’lon qilmoqda?

— Taxminimcha, bu yoki «kovidli» pnevmoniya bo‘yicha, bu esa xuddi o‘sha virusli pnevmonit, yoki koviddan keyingi asoratlar, ya’ni bakterial infeksiya qo‘shilishi natijasida kelib chiqqan pnevmoniya.

— Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z statistikasida bu borada aniqlik kiritmayapti.

— Demak, aniqlik kiritish kerak, deb o‘ylayman.

— Bu kabi aniqlik yo‘qligining yomon tomoni nima?

— Bu ko‘proq professional ma’lumot. Bizda ko‘pgina shifokorlar antibiotiklar bilan davolanadigan bakterial pnevmoniyani pnevmonit (virusli etiologiya) bilan, ya’ni antibiotiklarsiz davolanadigan pnevmoniya bilan chalkashtirishadi.

— Virusga qarshi dorilar qachon kerak bo‘ladi?

— Dunyoda haligacha koronavirusga ta’siri aniq isbotlangan o‘ziga xos davolash usuli mavjud emas. Ammo aytish mumkinki, boshidanoq turli xil viruslarga, shu jumladan OIV, gripp, Ebola va boshqa viruslarga qarshi vositalar qo‘llanilmoqda.

Koronavirus pnevmoniyasini davolashda samaraliroq bo‘lgan vositalardan bizda «Remdesivir» (dastlab Ebola virusiga qarshi ishlab chiqilgan) preparatidan foydalaniladi. U boshidanoq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining davolash bayonnomalariga kiritilgan. Hozir preparat bizning bayonnomalarimizga kiritilgan, JSST bayonnomalariga esa faqat og‘ir holatlarni davolash uchun kiritilgan.

— Nima uchun JSST bu preparatni faqat og‘ir holatlarni davolash bo‘yicha tavsiyalarga kiritgan?

— Toksikligi sababli. Virusga qarshi preparatlarning aksariyati toksikdir, shuning uchun biz foyda va zararni har doim o‘lchashimiz kerak. Kasallik yengil kechganda uni tavsiya qilmaslik kerak, bunga hojat yo‘q, bemor o‘zi sog‘ayib ketadi.

— U holda nima uchun bizda undan kasallikning og‘ir ko‘rinishidan boshqa holatlarni ham davolashda qo‘llanishadi?

— Asosan, albatta, u o‘rta og‘ir va og‘ir holatlarda yoki bemor xavf ostida bo‘lganida beriladi. Amaliyot «Remdesivir» foyda berayotganini ko‘rsatmoqda. Rosti, tajribamda usiz ham tuzalgan og‘ir bemorlar bo‘lgan, ammo ko‘plab bemorlarimiz bu preparat yordamida tezroq tuzalib ketishgan. Virus yuklamasini har kuni tekshira olish imkonimiz bo‘lmasa ham, baribir, aniq ijobiy tendensiya kuzatilgan.

— Bu kabi davolashning oqibatlari bizda kuzatiladimi?

— O‘ylashimcha, ha. Chunki statsionarda bemorlarni davolovchi shifokorlar doimiy ravishda qon ko‘rsatkichlari va glyukoza miqdorini kuzatib borishadi. Bilishimcha, statsionar sharoitda bularning barchasi amalga oshiriladi. Umid qilamanki, barcha ma’lumotlar qayd qilinmoqda.

O‘tgan yili «Tez Yordam» dasturida biz o‘z-o‘zini davolash bilan shug‘ullanmaslik kerakligini aytib o‘tgandik. O‘shanda odamlar o‘zlarini tomchi-ukollar bilan davolay boshlashgandi, birinchi kunlardanoq antibiotiklar va gormonlardan foydalanishardi, afsuski ba’zi holatlarda hamkasblarimiz tavsiyalariga ko‘ra. Bu juda ham noto‘g‘ri. Hozirga kelib ko‘plab shifokorlar to‘g‘ri davolash va og‘ir holatdan olib chiqishni o‘rgandilar.

Ammo afsuski, ko‘rib turganimizdek, hamma ham to‘g‘ri xulosa chiqarmagan ko‘rinadi. Hozir biz yana o‘sha xatolarga duch kelyapmiz, vahimada odamlar yana eski sxemalarga ishonib (o‘zlari yoki hattoki shifokorlar tavsiyalari asosida), yana o‘sha antibiotiklar va gormonlar bilan o‘zlarini xarob qilishmoqda. Bunday vahima odamlarga virusdan ko‘proq zarar keltirishini qanday yetkazish mumkin, bilmayman.

— Yilning qaysi faslida pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar ko‘proq ro‘yxatga olinadi?

— Agar gap «kovidli» pnevmoniya haqida bo‘lsa, bu mavsumga bog‘liq emas. Biz koronavirus bilan ikkinchi yil yashayapmiz va buni amaliyotda ko‘ryapmiz. Oldinlari, O‘RVIni yilning sovuq mavsumi boshlanishi bilan bog‘lashardi, eng avj oladigan pallasi esa yanvar-aprel oylariga to‘g‘ri kelardi. Bakterial pnevmoniya aynan shu davrda keng tarqalardi. Ammo hozirgi vaziyatda hamma narsa o‘zgardi. Biz endi aniq mavsumiylikni ko‘rmayapmiz. Ammo aniq aytish mumkinki, kasallik bilan zararlanganlarning soni ko‘payganda pnevmoniya bilan kasallanishning ko‘payishi ham kuzatilyapti.

Pandemiya boshlanishidan buyon biz bemorlarning 80−85% virusni yengil shaklda, 10−15% gacha bemorlar infeksiyani o‘rtacha va og‘ir shakllarda (aynan shu yerda o‘pkaning yallig‘lanishi kuzatiladi) va taxminan 5% bemorlar o‘ta og‘ir shaklda boshdan kechirishi mumkinligi haqidagi statistikani keltirgan edik. Shunday qilib, pnevmoniya taxminan 10−15% holatlarda rivojlanadi. Demak: kasallik yuqtirganlar qancha ko‘p bo‘lsa, o‘pkasi zararlanganlar ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Agar emlash qamrovi kattaroq bo‘lganida edi, unda koronavirus yuqtirganlar va pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar soni ancha past bo‘lar edi.

— Demak, koronavirusning ikkinchi to‘lqini uchun bu normal holatmi?

— Bu pandemiya sharoiti ekanligini inobatga olsak, bu tabiiy.

— Hozir pnevmoniyaga qarshi emlash mumkinmi?

— Nega mumkin emas ekan? Kerak. Menimcha, hech qaysi pandemiya, epidemiya, mavsum yoki boshqa biron bir narsa odatdagi emlashga hech qanday xalaqit bermasligi kerak. Rejalashtirilgan emlash jadvali buzilmasligi kerak, faqat emlanishi kerak bo‘lgan odam o‘tkir infeksiyani boshdan kechirayotgan holatlar bundan mustasno.

Har doim ham odam qandaydir o‘tkir jarayonni boshdan kechirayotganda emlanmaslik kerak, deb aytilgan: tana harorati ko‘tarilishi, yiringli kasalliklar, surunkali kasalliklarning kuchayishi. O‘tkir davr o‘tgach, xotirjam emlanavering. Bundan tashqari, pnevmoniyadan bizni birdaniga bir nechta vaksinalar himoya qiladi: «Pnevmo»ning o‘zi, XIB (gemofil infeksiyasiga qarshi), QPQ (qizamiq, epidemik parotit va qizilcha), grippga qarshi, endi esa koronavirusga qarshi vaksinalar.

— «Pnevmo» vaksinasi kovid pnevmoniyasida yordam bera oladimi?

— Albatta yo‘q. U faqat pnevmokokkli pnevmoniyaga qarshi yordam beradi. Ammo koronavirusli pnevmoniyaga qarshi kovid vaksinasi yordam beradi. U aynan infeksiyaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, og‘ir holatlarni kamaytiradi va o‘limga olib keladigan holatlarni yo‘q qiladi.

— Bemor koronavirus bilan kasalxonaga yotqizilsa, shifokorlar undan kovidga qarshi emlanganmi yoki yo‘qmi deb so‘rashadimi?

— So‘rashadi deb umid qilaman. Men barcha shifokorlar uchun javob berolmayman, ammo ular emlanganlar orasida kasallanish holatlari statistikasini yuritishi mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi degan fikrdaman.

— Emlanganlar foizi shunchalik past bo‘lgan holatda, bu statistikani yuritishdan foyda bormi?

— Har doim so‘rashning ma’nisi bor. Har qanday holatda ham ba’zi ma’lumotlarga asoslanib statistik tahlil o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

— Ba’zi odamlar emlanishni xohlamaydilar, chunki ular vaksinalarga yoki shifokorlarga ishonishmaydi. Ba’zida, ular dalil sifatida olimlarning koronavirus haqidagi fikrlarini juda ko‘p marotaba o‘zgartirganliklarini va endi ular o‘z taxminlarini odamlarda sinab ko‘rishni istashlarini keltiradilar.

— Va shu bilan birga, odamlar koronavirus va boshqa kasalliklardan qo‘rqishadi, baribir shifokorlarga murojaat qilishadi va yordam berishlarini, asrab qolishlarini so‘rashadi.

Aslida, boshidanoq barcha shifokorlar va olimlar yangi infekt, yangi patogen paydo bo‘lganda, umuman nimanidir taxmin qilish qiyinligini aytishgan. Shuning uchun, hech kim aniq bir gap aytolmagan. Barcha: «Hozir ma’lumotlar shunday, ma’lumotlar o‘zgaryapti, virus o‘rganilyapti» deb aytardi.

2020 yil 4 mart kuni biz CDC`dagi (AQSh kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari — tahr.) hamkasblarimiz bilan koronavirus bo‘yicha ilk seminarni o‘tkazdik. O‘shanda boshqa viruslar qatori koronavirus ham tezkor mutatsiyaga moyil ekanligi aniqlangani aytib o‘tilgandi. Virus har kuni 2%ga mutatsiyaga uchraydi. Ammo bu ahamiyatli mutatsiyalar emas. Bu uning butunlay boshqacha bo‘layotganini anglatmaydi. Gap kichik farq to‘g‘risida ketmoqda. Virus tirik qolish uchun mutatsiyalanyapti. Virus yashashni xohlayapti, shuning uchun unga tanamizga moslashish muhim. Bundan tashqari, turli xil dorilar va turli xil iqlim sharoitlari ham unga ta’sir qiladi. U bularning barchasini aylanib o‘tishga harakat qilyapti.

Ha. Virus o‘zgarib boryapti va hali ham o‘rganilyapti, ammo bu vaksina yordam bermaydi degani emas. Nima uchun?

«Hind shtammi» deb ataladigan «delta» variantida bir nuqtali mutatsiya sodir bo‘lgan. Virus spayk-oqsil (bu haqida oldingi intervyuda ma’lumot berilgan — tahr.) tarkibidagi faqat bitta aminokislotani o‘zgartirdi. Spayk-oqsilining butun tuzilmasi oldingidek qoldi. Bu o‘zgarish virusning klinik oqimini o‘zgartirmasdan, og‘ir holatlarning ko‘payishiga olib kelmasdan (mening hamkasblarim buni tasdiqlashadi) uni yuqumliroq bo‘lishiga, ya’ni tarqalish tezligining o‘zgarishiga yordam berdi. Xohish bo‘lsa, bu maqolalarni ingliz tilidagi ilmiy jurnallarda o‘qish mumkin. Ular ochiq manbalarda bor.

Virus bitta aminokislotani o‘zgartirganda, hujayramizga, retseptorimizga kuchliroq yopisha boshladi. Aloqa kuchaydi (yaqinlik oshdi). Agar u kuchliroq bo‘lgan bo‘lsa, demakki, virus hujayraga osonroq kirishni, ko‘payishni va tez tarqalishni o‘rgangan. O‘zgargan yagona narsa shu. Spayk-oqsilning umumiy tuzilishi o‘zgarishsiz qoladi. Bu esa vaksina baribir samara berishini anglatadi.

Virus spayk-oqsilni to‘liq o‘zgartira olmaydi. Aks holda, u hujayraga kira olmaydi, unga kasallikni yuqtira olmaydi, demay yashay ham olmaydi. Agar u tuzilmasini butunlay o‘zgartirsa, u organizmga kirish uchun boshqa retseptorlarni izlashi kerak. Bu butunlay boshqa virusga aylanadi va bu vaqt ichida u o‘lishi mumkin. Agar u spayk-oqsil tuzilishini sezilarli darajada o‘zgartirmasa, u holda antitanachalar uni tanishni va ishlashni davom ettiradi. Balki to‘laqonlimasdir, ammo baribir ishlashadi.

Mana Sizga bitta fakt: virus o‘z funksiyalarini sezilarli darajada o‘zgartirishi va yangi bo‘lishi uchun deyarli 20 yil vaqt kerak bo‘ldi. 2002 yilgi epidemiyani keltirib chiqargan SARS CoV-1 virusi bilan hozirgi variantlar orasidagi farq 15 foizni tashkil qiladi. Hali o‘shandayoq vaksinalar ustida ishlash boshlangan.

Pandemiya tugaganidan keyingi 5−10 yil davomida virus keskin o‘zgarmaydi. Bu infektologiya qonuni. Sezilarli o‘zgarishlar bilan yangilangan viruslarning paydo bo‘lishi taxminan shu davr davomida sodir bo‘ladi. Agar hamma to‘liq emlansa, u haqida umuman unutsa ham bo‘ladi.

— Majburiy emlashga qanday qaraysiz?

— Bu xalqaro huquq masalasi. Ammo emlash ixtiyoriy bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Men majburiy emlashni inson huquqlarining buzilishi deb bilaman.

Odamlar ishonchini qozonish kerak. Men keng jamoatchilikka imkon qadar ko‘proq to‘g‘ri ma’lumot berish faqat foydali bo‘lishiga ishonaman. Har qanday dori vositasi singari vaksinalarning nojo‘ya ta’siri va qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlari haqida ham ma’lumot berish kerak. Aslida, barcha xorijiy ishlab chiqaruvchilar xuddi shunday qilishadi. Vaksinalar, barcha dorilar singari, nojo‘ya ta’sirga ega ekanligi aniq.

Mana, qarang, har qanday ko‘rsatmalarni oching, hatto o‘sha paratsetamol bo‘yicha ham. Nojo‘ya ta’siri ro‘yxatida gepatotoksik ta’sir, trombotsitopeniya, leykopeniya, pansitopeniya, neytropeniya, agranulotsitoz, teri toshmasi, qichima ko‘rsatilgan. Bu nojo‘ya ta’sirlar odamlarni har qanday vaziyatda undan foydalanishdan tiyib turadimi?

Vaksinalarda ham shunday. In’eksiya joyida og‘riq, qizarish, shish paydo bo‘lishi mumkin — bu eng ko‘p tarqalgan nojo‘ya ta’sirlar. Ba’zida «gripp» holati, mushaklarda og‘riq, bezovtalik, ba’zida 37−38 daraja harorat bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi vaksina uchun tabiiy bo‘lgan reaksiyalar. Immunitet ishining ko‘rsatkichi. Kuchli reaksiyalarda, masalan, 38dan yuqori harorat, allergik reaksiyalar va boshqalar uchun navbati bilan yallig‘lanishga qarshi yoki antigistamin vositalar qabul qilish kerak.

Bularning barchasini batafsil tushuntirib berish kerak, kamdan-kam uchraydigan bu kabi nojo‘ya ta’sirlar paydo bo‘lganda o‘zini qanday tutish va nima qilish kerakligi haqida ma’lumot berish kerak. Shunda odamlarda ko‘proq ishonch paydo bo‘ladi. Bu eng to‘g‘ri va insonparvar yo‘l deb bilaman. Faqat katta hajmdagi xaqqoniy ma’lumotlar odamlarning ham mutaxassislarga, ham vaksinalarga bo‘lgan ishonchini oshirishga yordam beradi.

Negadir ba’zi bir bemorlar orasida agar shifokor tibbiy varaqalarda vaksina olish mumkin emasligini yozsa, emlanmaslikka undasa, demak bu «o‘zini odami», yaxshi mutaxassis degan xato fikr bor. Nima uchun bunday qilishadi? Jaholatdanmi? Tushunmaydigan bemorning ko‘ziga yaxshi ko‘rinib, ko‘nglidagiday bo‘lishini istashadimi? Agar ertaga bemorda biroz bo‘lsada, nojo‘ya ta’sir paydo bo‘lsa, shikoyatlarni eshitishdan qo‘rqqanligidanmi? Tushunish mumkin. Bizda shifokor himoyalanmagan. Agar bemor emlashdan bosh tortganligi sababli kovid bilan og‘ir kasal bo‘lib qolsa ham, shikoyat yo‘q. O‘zi tanladi. Agar vaksinadan keyin harorat biroz ko‘tarilsa yoki biroz «gripp» holati bo‘lsa, u holda shifokor «yaramas» — emlashga yubordi.

Va aksincha, aynan o‘sha bemorlar vaksinalarni targ‘ib qiluvchi shifokorlarni «virusni yuqtirmoqchi, yo‘q qilmoqchi va chip o‘rnatmoqchi bo‘lgan ochko‘z, sotilgan» kishilar deb haqoratlaydi. Men buni o‘zimga nisbatan bir necha bor eshitganman. Shu munosabat bilan, ishonch bilan ayta olamanki, biror bir farmatsevtika kompaniyasi bilan hech qanday aloqam yo‘q. Agar kimdir menga aytgan so‘zlarga qarshi har qanday gonorar to‘g‘risida dalil keltirsa, men darhol o‘sha odamga kamida o‘n baravar miqdorida pulini to‘lab beraman. Aks holda, men bunday hujumlarni tuhmat deb qabul qilaman (Jinoyat kodeksining 139-moddasi).

Imkon bo‘lishi bilan onamni «Sputnik V» vaksinasi bilan emlantirdim. Buni faqatgina ular poliklinikaga kamroq tashrif buyurishlari uchungina qildim, chunki ular 82 yoshda. O‘zim esa xitoy-o‘zbek vaksinasini oldim.

Tibbiyotning eng katta kashfiyotlaridan birini qanday qilib shubha ostiga olish mumkinligini tushunmayapman. Ko‘pchilik unutgan ko‘rinadi, ba’zilar esa Yer aholisining deyarli uchdan bir qismi butun qishloq va shaharlar bilan yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lgan chechak kasalligidan sayyorani faqatgina emlash xalos qilganini bilishmaydi. Aynan umumiy emlash tufayli 1980 yilda bizning sayyoramizda chechak endi yo‘qligi haqida e’lon qilindi.

Poliomiyelitga qarshi emlashning o‘zi dunyodagi bolalarning uchdan bir qismini o‘lim va nogironlikdan xalos qildi. Agar siz ushbu virusni yuqtirgan bolalar qanday ko‘rinishini ko‘rmagan bo‘lsangiz, u nima ekanligini qidirib ko‘ring. Biz bunga faqat emlash tufayli duch kelmayapmiz.

Bolaligimda onam difteriya tufayli vafot etishiga oz qolgan. Yuz minglab odamlar vafot etgan bir paytda, u faqat vaksina sabab omon qoldi. Bizda difteriya yo‘q, ammo u bizning fuqarolarimiz ham tashrif buyuradigan Hindistonda to‘lib ketgan. Kimdir olib kelmasligiga kafolat bormi? O‘shanda emlashdan bosh tortganlar ushbu infeksiyani tarqatishni boshlaydilar.

Quturish virusidan o‘lim 100% hollarda bo‘lishini bilasizmi? Bu shuni anglatadiki, agar siz uni yuqtirsangiz, omon qolishning hech bir imkoni yo‘q. Yer yuzida faqat birgina preparat qutqara oladi. Vaksina! Odam uni o‘z vaqtida — quturgan hayvon tishlaganidan keyingi 3−5 kun ichida olmas ekan, o‘lishi aniq. O‘zbekistonda esa quturish mavjud.

Naqlda keltirilganidek, o‘z yurtida payg‘ambarlar bo‘lmaydi. Ammo faqatgina chet ellik bo‘lgani uchun o‘zlarini yolg‘on ilmiy fitna nazariyalari bo‘yicha «mutaxassislar» va «professorlar» deb e’lon qiladigan turli xil firibgarlarni tinglashdan oldin, hech bo‘lmaganda ba’zan bu faktlarni eslang.