Bugun, 24 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan bir qator xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari uni tabriklashdi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tabrik munosabati bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda 10−11 iyun kunlari Tojikistonga rasmiy tashrif yakunlari bo‘yicha qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali bo‘lib o‘tgan suhbatda strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, eng avvalo, ularni yangi loyiha va dasturlar bilan boyitish muhim ekani ta’kidlandi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kun bilan tabriklab, 6 avgust kuni «Avaza» milliy turizm hududida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida to‘xtaldi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat rahbarini tabriklab, suhbat davomida energetika, trasnport, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarga e’tibor qaratdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni tavallud ayyomi bilan muborakbod etib, O‘zbekiston-Rossiya strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalariga to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi. Shuningdek, tug‘ilgan kun munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan ham suhbatlashdi.

Qozog‘iston Respublikasining Birinchi prezidenti Elboshi Nursulton Nazarboyev ham Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kun bilan tabriklab, mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashdi.

Bundan tashqari, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilishicha, XXR raisi Si Szinpin, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkolar Shavkat Mirziyoyevga tavallud ayyomi munosabati bilan qutlovlar yo‘lladilar.