Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari aholini ogohlikka, befarq bo‘lmaslikka va faolroq emlanishga chaqirdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Juda katta mashaqqatlar bilan vaksinalarni olib kelyapmiz. 4 avgust kuni yana 3 mln doza vaksina Amerikadan keladi. Hozir ham vaksina bor, lekin odamlar ishonmayapti”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 20 va 21 iyul kunlari O‘zbekistonga jami 2 mln doza vaksina olib kelindi. Jami vaksina zaxirasi 21 iyul holatiga ko‘ra, 9 mln 580 ming dozani tashkil qilmoqda. Ulardan 370 ming dozasi “Sputnik V”, 710 ming dozasi AstraZeneca, 8,5 mln dozasi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidir.

Avvalroq, Respublika maxsus komissiyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 21 mln aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi.