Poytaxt hokimligi aholidan zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikni so‘radi.

Qayd etilishicha, “O‘zgidromet” markazi ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyining 24−26 kunlarida yurtimizga issiq va quruq havo oqimining kirib kelishi oqibatida ob-havo harorati keskin ko‘tarilishi kutilmoqda.

“Keskin issiq havoda barcha insonlar, ayniqsa, surunkali kasalligi bo‘lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar o‘zlarini himoyalashlari nihoyatda muhim”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Hokimlik bunday sharoitda aholidan zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikni, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron hududlaridan juda issiq havo kirib kelishi hisobiga 24−26 iyul kunlari O‘zbekistonda havoda issiq ko‘tarilishi haqida xabar berilgan edi. Ushbu kunlarda havo harorati iqlimiy me’yorlardan +4…+6 daraja yuqori bo‘ladi.

Kunduz kunlari havo harorati +41…+44 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda +45…+46 darajagacha isiydi.