Tojikistoning Afg‘oniston bilan chegaralari yaqinida joylashgan mamlakat Mudofaa vazirligining harbiy poligonlarida 100 ming nafar afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilish va joylashtirish imkoniyati mavjud. Bu haqda ASIA-Plus nashriyoti Tojikiston favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Imomali Ibrohimzodaga tayangan holda xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar zaruriyat tug‘ilsa, mamlakat bundanda ko‘proq afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilishi mumkin. «Biz xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda respublikaning afg‘on qochqinlarini qaubl qilish bo‘yicha salohiyatini o‘rganyapmiz», — deya ta’kidladi qo‘mita rahbarining o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, yaqin orada Kushoniyon tumani va Xorog shahri hududida afg‘on qochqinlari uchun palatkalar, yotoq jihozlari, gigena vositalari va idishlar saqlanadigan ikkita maxsus omborlar ekspluatatsiyaga topshiriladi.

Shuningdek, Imomali Ibrohimzodaning ma’lum qilishicha, iyul oyida Tojikistonda 1574 nafar qochqin qo‘nim topgan. Ular mamlakat hukumati hisobidan tibbiy yordam, yashash uchun palatkalar, uch mahal issiq ovqat, yotoq jihozlari va oshxona mahsulotlari bilan ta’minlangan.

«Ushbu afg‘on qochqinoari o‘z vatanlariga, Kobul va Mozori-Sharif shaharlariga 11 ta charter aviareyslari orqali qaytarilgan», — deya qo‘shimcha qiladi qo‘mita rahbarining o‘rinbosari.

«Tolibon» harakati afg‘on hukumati tomonidan nazorat qilinadigan yerlarga hujum qilishi oqibatida afg‘onistonlik qochqinlar qo‘shni mamlakatlarga o‘tib ketishmoqda. Tojikiston oldinroq ham qochqinlarni qabul qilishga tayyor ekanligini bildirgan, xususan, Xatlon viloyatida ular uchun vaqtincha turish bazasi qurish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston esa qochqinlar bo‘yicha pozitsiyasini e’lon qilmagan. Iyul oyining boshlarida Termizdan tashqarida palatkali shaharcha tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi, lekin mamlakat rasmiylari hozircha ushbu ma’lumotga izoh berishganlari yo‘q.