«Olimpiya harakati ehtimol, bugungi kunda dunyodagi eng kuchli harakatlantiruvchi kuchdir», — degan edi amerikalik yengil atletikachi Everi Brendej.

Bugun, 23 iyul kuni Tokioda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi boshlandi.

Tokio Olimpiadasi 2021 yil 23 iyuldan 8 avgustgacha davom etadi. O‘yinlar dastlab 2020 yilning yozida bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli musobaqa qoldirilgan edi.

Avvalroq, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Tokioda bo‘lib o‘tadigan Yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan sportchilarning yakuniy tarkibini e’lon qilgan edi. MOQ ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon terma jamoa vakillari sportning 17 turi bo‘yicha 71 ta litsenziyani qo‘lga kiritishgan.

Bugunga qadar O‘zbekiston sharafini Olimpiada o‘yinlarida himoya qilgan sportchilar 10 ta oltin, 5 ta kumush va 17 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan. «Gazeta.uz» O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon Olimpiada o‘yinlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik sportchilarni eslaydi.

Lina Cheryazova

Foto: YouTube / Olympic

Lina Cheryazova 1989 yilda fristayl bo‘yicha Jahon kubogida Sobiq Ittifoq terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan. Ittifoq parchalanganidan so‘ng O‘zbekiston nomidan xalqaro musobaqalarda qatnashgan.

1994 yilda Norvegiyaning Lillexemmerida o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston nomidan qatnashdi. U qo‘lga kiritgan qishki olimpiada o‘yinlari oltin medali hamon mamlakat tarixida yagonaligicha qolmoqda. Bundan tashqari, u akrobatikada fristayl bo‘yicha ham birinchi olimpiya chempioni hisoblanadi. Sportchi 1992−1994 yillarda Jahon kubogining 18 ta bosqichidan 13 tasida g‘alaba qozongan.

1994 yil Olimpiada o‘yinlaridan so‘ng u og‘ir tan jarohati olgan. Amerikaning Leyk-Plesid qishlog‘ida mashg‘ulot vaqtida 25 yoshida sportchi boshidan hayotiga xavf soluvchi jarohat oldi, biroq u nafaqat sog‘aydi, balki katta sportga ham qayta oldi. 1998 yilda Naganoda qishki Olimpiya o‘yinlariga saralash bo‘lib o‘tdi. Musobaqada 13-o‘rinni qo‘lga kiritgan Lina katta sportdagi faoliyatiga yakun yasagan.

O‘zbekiston tarixidagi birinchi chang‘i akrobatikachisi Lina Cheryazova 2019 yil 23 mart kuni Novosibirksda 51 yoshda hayotdan ko‘z yumgan.

Oksana Chusovitina

Foto: MOQ

Oksana Chusovitina yetti bor (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016) yozgi Olimpiadada ishtirok etgan holda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Sportchi SSSR, Germaniya (2006−2012) nomidan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan, ayni vaqtda esa O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda. Chusovitina — 1992 yili jamoaviy bahsda olimpiya chempioni, uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan. U tayanib sakrashga ixtisoslashgan.

Bugungi kunda Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiada o‘yinlarida ham ishtirok etmoqda. Bu uning sakkizinchi Olimpiadasi.

Muhammadqodir Abdullayev


Foto: olympic.uz

Muhammadqodir Abdullayev boks bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari g‘olibi. 1999 va 2000 yillarda mamlakatimizda «Yilning eng yaxshi sportchisi» deb topilgan.

Muhammadqodir Abdullayev 1995 yili Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo o‘yinlarida g‘olib chiqdi, Osiyo chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi, 1996 yili esa Atlantada o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

U 1997 yili Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Osiyo chempioni bo‘lgan. 1998 yili Xitoyning Chong-Ging shahridan jahon kubogi bilan qaytdi, Bangkokda o‘tkazilgan XIII Osiyo o‘yinlarida esa oltin medalga sazovor bo‘ldi.

1999 yili AQShning Xyuston shahrida jahon chempioni degan yuksak unvonga musharraf bo‘ldi. Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqib, Sidney Olimpiadasi yo‘llanmasini ko‘lga kiritgan.

Sidney Olimpiadasida Muhammadqodir «jang"larda raqiblari ustidan g‘alaba qozongan va yozgi Olimpiya o‘yinlarining birinchi chempioni sifatida O‘zbekiston sport tarixidan joy olgan.

Artur Taymazov

Foto: IA «Jaxon»

Artur Taymazov kelib chiqishi osetin bo‘lgan o‘zbekistonlik erkin kurashchi. U uch karra Olimpiada chempioni (2004, 2008 va 2012 yillar), Sidney-2000 Olimpiadasi kumush medali sovrindori, ikki karra jahon chempioni, ikki karra Osiyo chempioni, uch karra Osiyo o‘yinlari g‘olibidir.

Artur Taymazov sportning erkin kurash turi bo‘yicha O‘zbekiston sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qilgan sportchilardan biri. O‘zbekiston Olimpiya tarixida qo‘lga kiritilgan 6 ta oltin medaldan 3 tasining egasi.

2000 yil Avstraliyaning Sidney shahridagi Olimpiada o‘yinlarida 2-o‘rin, 2004 yil Gretsiyaning Afina shahrida, 2008 yil Xitoyning Pekin shahridagi Olimpiada o‘yinlarida 1-o‘rinni egallab, O‘zbekiston tarixida birinchi marta ikki karra olimpiada g‘olibi degan nomni qo‘lga kiritgan.

2012 yil Angliyaning London shahrida o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham 1-o‘rinni egallagan.

Artur Dokturishvili


Foto: MOQ

Artur Dokturishvili kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda qatnashishni 2000 yilda boshlagan va ilk urinishda Yevropa chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan.

2001 yildan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida gilamga chiqa boshlagan. 2003 yili Osiyo Kubogi sohibiga aylangan. 2004 yili Osiyo chempioniga aylangan, olimpiada arafasidagi saralash musobaqasida ikkinchi o‘rinni egallagan.

Gretsiya poytaxti Afinada o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida yunon-rum kurashi bo‘yicha musobaqada -74 kg vazn toifasida gilamga chiqqan. Ishtirokchilar avval guruhlarda davra tizimida bellashishgan. G‘oliblar bevosita yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘lgan. Dokturishvili guruhda vengriyalik Tamash Berjich, gretsiyalik Aleksios Kolitsopulos va ozarbayjonlik Vugar Aslanov ustidan ishonchli g‘alabaga erishgan. Yarim finalda amaldagi olimpiada chempioni rossiyalik Varteres Samurgashevni mag‘lubiyatga uchratgan. Nihoyat, finalda fin sportchisi — avvalgi olimpiada o‘yinlarining kumush medali sohibi Marko Yuli-Xannukselani yenggan o‘zbek sportchisi Afinadagi olimpiadaning oltin medali egasiga aylangan.

Hasanboy Do‘smatov

Foto: MOQ

Hasanboy Do‘smatov bokschilik faoliyatini 11 yoshida, Andijondagi boks maktabida boshlagan.

U 2011 yilda yoshlar o‘rtasidagi mamlakat chempionida oltin medalni qo‘lga kiritadi va kattalarning O‘zbekiston boks terma jamoasi a’zosiga aylanadi.

2013 yilda Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Universiadada g‘olib chiqadi. O‘sha turnirda u Ozarbayjon, Tojikiston, Mo‘g‘uliston va Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan kuchli sportchilarni mag‘lubiyatga uchrata olgandi.

Do‘smatov 2016 yilgi Rio Olimpiadasi oldidan favoritlar qatorida e’tirof etilgan. U Braziliyadagi janglarida final yo‘lida deyarli barcha raqiblarini qiyinchiliksiz mag‘lub etgan. Hal qiluvchi jang esa kolumbiyalik Martinez Yuberjenga qarshi to‘qnash kelgan Do‘smatov Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgan.

23 yoshli bokschi Rio-2016dagi boks turnirida ilk oltin medal egasiga aylangan. Do‘smatov O‘zbekiston tarixida Muhammadqodir Abdullayevdan keyin Olimpiada chempioniga aylangan ikkinchi bokschi hisoblanadi. Rio Olimpiadasi yakunlariga ko‘ra Hasanboy Do‘smatov turnirning eng yaxshi bokschisiga beriladigan Vel Barker sovrini sohibiga aylangan.

Ruslan Nurudinov

Foto: MOQ

Ruslan Nurudinov o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi. Xalqaro maydondagi dastlabki g‘alabasini 2009 yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan va oltin medalga sazovor bo‘lgan.

Ruslan Nuridinov 2011 yili Fransiyadagi jahon chempionatida shtangani siltab ko‘tarishda kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2012 yili Janubiy Koreyada o‘tgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi va London Olimpiadasida kuchli to‘rtlikdan joy oldi. Keyinroq og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinovning tekshiruvdan o‘tkazilgan 2012 yilgi doping namunasi ijobiy natija bergan. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi uni vaqtincha sportdan chetlatib, Olimpiadada erishgan natijalari, jumladan ballari bekor qilinib, medal va sovrinlari musodara etilishi haqida ma’lum qilingan edi.

2013 yil og‘ir atletikachi uchun har tomonlama muvaffaqiyatli bo‘ldi. Dastlab mamlakat chempionatida g‘alaba qozongan Ruslan Osiyo chempionatida ham uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Iyul oyida Jahon univesiadasida ikki marotaba rekord o‘rnatib, chempion bo‘lgan.

2016 yilgi olimpiadada og‘ir atletikachi Ruslan Nuridinov siltab ko‘tarishda Olimpiya rekordini yangilab, Riodagi o‘yinlarda oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Shahobiddin Zoirov

Foto: MOQ

Shahobiddin Zoirov — o‘zbek bokschisi. Olimpiya chempioni (2016), jahon chempioni (2019), Osiyo o‘yinlarining kumush medali sovrindori (2014), Osiyo chempioni (2021), Osiyo chempionatining ikki karra kumush medali sohibi (2013, 2015).

Bokschi 2016 yildagi Rio Olimpiada o‘yinlarida 52 kilogramgacha vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Final bahsida Zoirov rossiyalik Misha Aloyanni mag‘lubiyatga uchratib, Olimpiada shohsupasiga ko‘tarilgan.

Fazliddin G‘oibnazarov

Foto: MOQ

Fazliddin G‘oibnazarov — birinchi yarim o‘rta vazn toifasida harakat qilayotgan o‘zbekistonlik professional bokschi. Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, 2015 yilgi Jahon va Osiyo chempionatlarining kumush medali sovrindori, havaskorlar o‘rtasidagi boks bo‘yicha bir qator milliy va xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindori.

Kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik sportchilar

Karim To‘laganov (boks) — Atlanta-1996 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Armen Bagdasarov (dzyudo) — Atlanta-1996 Olimpiya o‘yinlarida kumush medali;

Rustam Saidov (boks) — Sidney-2000 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Sergey Mixaylov (boks) — Sidney-2000 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Magomed Ibragimov (erkin kurash) — Afina-2004 Olimpiya o‘yinlarida kumush medali;

Baxodirjon Sultonov (boks) — Afina-2004 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

O‘tkirbek Haydarov (boks) — Afina-2004 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Abdullo Tangriyev (dzyudo) — Pekin-2008 Olimpiya o‘yinlarida kumush medali;

Rishod Sobirov (dzyudo) — Pekin-2008 va Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida bronza medallari;

Anton Fokin (sport gimnastikasi) — Pekin-2008 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Yekaterina Xilko (batutda sakrash) — Pekin-2008 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Rishod Sobirov (dzyudo) — London-2012 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Abbos Atoyev (boks) — London-2012 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Ivan Yefremov (og‘ir atletika) — London-2012 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Shaxram G‘iyosov (boks) — Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida kumush medali;

Bektemir Meliqo‘ziyev (boks) — Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida kumush medali;

Rustam To‘laganov (boks) — Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Diyorbek O‘rozboyev (dzyudo) — Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Elmurat Tasmuradov (yunon-rim kurashi) — Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Murodjon Ahmadaliyev (boks) — Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Magomed Ibragimov (erkin kurash) — Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali;

Ixtiyor Navro‘zov (erkin kurash)  — Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida bronza medali.