Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimda O‘zbekiston bayrog‘ini bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulov ko‘tardi. Bayroqdorlarning o‘zgargani marosimdan bir necha soat muqaddam ma’lum bo‘ldi. 17 iyul kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi bokschi Bobousmon Baturov va gimnastikachi Oksana Chusovitina bo‘lishini ma’lum qilgan edi.

«Menga nega o‘zgarish bo‘lganini izohlashmadi, shunchaki men bormasligimni aytishdi xolos. Ishtiyoqimni so‘ndirishdi. Bunday qilish noto‘g‘ri. Shunchaki tushuntirish mumkin-ku, hammamiz insonmiz-ku, tushunamiz», — dedi sportchi.

Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oksana Chusovitina muxlislariga qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorchilik bildirdi, biroq: «Kunni zimistonga aylantirmang. Bugun ochilish. Biz bu kunni uzoq kutdik. Keling xursand bo‘lamiz, kulamiz, barcha uchun muxlislik qilamiz. Tez orada musobaqalar boshlanadi va munosib chiqish qilish uchun bizga xotirjamlik kerak», — dedi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi bayroqdorlar sportchilarni ortiqcha toliqtirmaslik uchun almashtirilganini ma’lum qildi. Chunki Boks va gimnastika bo‘yicha musobaqalar 24 va 25 iyuldan boshlanadi. MOQ ma’lumotlariga ko‘ra, yakuniy qaror 21 iyul kuni qabul qilingan.

«Ochilish marosimida ishtirok etish katta vaqt oladi. Unda uzoq muddat tik oyoqda turish va shaharchaga kech qaytilishini inobatga olish zarur. Ma’lumot uchun, Nigora Tursunqulova 26-iyul kuni bahslarga kirishsa, Bahodir Jalolov 29-iyuldan o‘z ishtirokini boshlaydi. Shu bois ularning tiklanib olishi uchun vaqt nisbatan ko‘proq», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

Bokschi Bobousmon Baturov 27 iyul kuni 69 kg vaznda dominikanlik sportchi Rogan Polanko bilan 1/8 finalida jang qiladi, Nigora Tursunqulova esa 26 iyul kuni musobaqaga kirishadi. Sport gimnastikasi bo‘yicha qur’a tashlash marosimi 30 iyunda bo‘lib o‘tgan, birinchi bayroqdorlar tanlovi haqidagi qaror haqida esa 17 iyulda e’lon qilingan edi.