O‘zbekistonda prezident saylovlari kuni 24 oktyabrga belgilandi. Bu haqda 23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayev Saylov kampaniyasi 23 iyuldan boshlanishini e’lon qildi.

Ushbu saylovlarda 5 ta partiya — «Adolat» SDP, «Milliy tiklanish» DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasining raisi Zayniddin Nizamxodjayev «prezident saylovlari yangi tanlangan milliy saylov qonunchiligi asosida umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga, shuningdek demokratik tamoyillarga asosan — ochiq va oshkora» o‘tkazilishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda deyarli 21 million kishi yagona elektron saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Avvalroq saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarga 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani xabar qilingan edi. Umumpartiyaviy tadbirlar va nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va targ‘ibotiga jami 15 mlrd 486 mln so‘m yo‘naltiriladi — har bir nomzodga 3 mlrd 97 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi.

U shuningdek, saylov okruglari va uchastkalari bo‘yicha ham ma’lumot berdi.

«Bu yilgi prezident saylovida 14 ta saylov okrugi va 10 ming 776 ta saylov uchastkasi tuzilishi rejalashtirilgan. Shu vaqtgacha respublika va xududiy trenerlar guruhi tomonidan 33 mingga yaqin saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotiblikka nomzodlarning bilim va malakasi oshirildi», — dedi Nizamxodjayev.

Qolaversa, uchastka saylov komissiyalari a’zolarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va SYAER bilan ishlashga o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv reja va dastur ham ishlab chiqilgan. 33 minga yaqin axborot tizimi operatorlari bosqichma-bosqich tayyorlanadi.