23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida koronavirusga chalinib, shifoxonalarda davolanayotgan va karantinga olingan fuqarolar O‘zbekiston prezidenti saylovida qay tartibda ovoz berishi ma’lum qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayevning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya sharoitida ovoz berishni tashkillashtirish bo‘yicha maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqilgan va u komissiyaning kelgusi majlislarida qabul qilinadi.

«Pandemiya yoki kasallanish tufayli shifoxonalarda yotgan bemorlarimiz va karantinda saqlanib turgan yoki maxsus saralash markazlarida yotgan bemorlarning Konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash mana shu yo‘riqnomada izohini topgan», — dedi u.

U so‘zida davom etar ekan, saylov uchastkasi a’zolaridan iborat guruhlar ko‘chma qutilar bilan karantindagi fuqarolarning ovozini to‘plashini qayd etdi.

«Oldinga o‘tib aytadigan bo‘lsam, saylov uchastkasi komissiyasining 2 nafar a’zosi tibbiyot xodimlari ishtirokida maxsus himoya kiyimlari bilan koronavirus yoki boshqa kasallanish tufayli kasalxonalarda yotgan bemorlarning yoniga borib, karantin qoidalari, yo‘riqnomada belgilangan qadam-baqadam amalga oshiriladigan ishlar asosida ularning saylov huquqlari ta’minlanadi. Og‘ir ahvolda bo‘lmagan, ammo koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan fuqarolarning ham uylariga ko‘chma qutilar bilan tashrif buyuriladi», — dedi Zayniddin Nizamxodjayev.

MSK raisining ta’kidlashicha, barchasi muddatidan avval ovoz berish vaqtidagi epidemiologik vaziyatga bog‘liq. «Aynan o‘sha kunlardagi epidemiologik vaziyatga qarab, yo‘riqnoma asosida ovoz berishni tashkil qilish rejalashtirilgan», — dedi u.

Avvalroq, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston prezidenti saylovi kunini 24 oktyabrga belgilagani va saylov kampaniyasiga 23 iyuldan start berilgani haqida yozgan edik.