Koronavirusga qarshi emlanish odamlar orasida antitanachalar haqidagi munozaralarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik antitanachalarga test topshirmoqda va uning natijalaridan kelib chiqib, emlanish borasida qaror qabul qilmoqda. PhD ilmiy darajasiga ega virusolog va Facebook`dagi «Vrachi Tashkenta» guruhi asoschisi Dildora Sekler «Gazeta.uz»ga bergan intervyusining birinchi qismida antitanachalar qanday bo‘lishi, test-tizimlaridagi farqlar va ushbu tahlillarni topshirishning foydasi bor yoki yo‘qligi borasida gapirdi.

— Bir qator rus olimlarining «EpiVakKorona» vaksinasi haqidagi izohlariga ko‘ra, peptidli vaksinalar, ZF-UZ-VAC2001 xitoy-o‘zbek vaksinasi singari, yuborilgandan so‘ng sintez qilinadigan antitanachalar tirik virusga qarshi samarasiz ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu haqda nima deb o‘ylaysiz?

— Bunday deb o‘ylamayman. Ha, m-RNK (Pfizer, Moderna) va vektor (AstraZeneca, Jonson&Jonson, «Sputnik V») vaksinalari kabi tezroq sintezlashadigan, samaraliroq va tezroq ishlab chiqariladigan mukammallashtirilgan vaksinalar bilan taqqoslaganda rekombinant («peptidli vaksina» unchalik to‘g‘ri nom emas) vaksinasining samaradorligi nisbatan pastroq.

Ammo vaksinaga ad’yuvantlar, ya’ni immunitetni kuchaytiruvchi moddalar qo‘shiladi, bu bizning immunitetimizni yanada samarali himoya qilishga yordam beradi. Bu kabi vaksinalarning samaradorligini butun dunyoda qo‘llaniladigan gepatit V`ga qarshi rekombinant vaksina misolida ko‘rish mumkin.

— Vaksinaga qanday kuchaytiruvchi moddalar qo‘shiladi?

— Ular har xil bo‘ladi. Koronavirusga qarshi vaksinalarga ba’zi boshqa rekombinant vaksinalarda bo‘lgani kabi, alyuminiy gidroksidi qo‘shiladi. Ammo bundan qo‘rqish kerakmas. Gap mikro-mikro dozalar haqida ketyapti, tanada alyuminiy to‘planib qolmaydi, bu ko‘plab ilmiy tadqiqotlar va o‘nlab yillar davomida tekshirilgan.

Ad’yuvantlar faqatgina immun ta’sirni kuchaytirishda in’eksiya joyidagi to‘qimalarni bezovta qilish uchun kerak. Bu qo‘shimchasiz, u kuchsizroq bo‘ladi. Shuning uchun, ba’zida in’eksiya joyi og‘rishi, shish, qizarish paydo bo‘lishi mumkin. Bu aynan tananing reaksiyasi va immunitet tizimining ishlashi ko‘rsatkichidir. Siz hech qanday nojo‘ya ta’sir sezmasligingiz mumkin, ammo teri ichida bu holat albatta bo‘ladi.

— Agar tananing tashqi tomonida vaksinaga reaksiya umuman kuzatilmasa, bu organizmning himoyasi pastroq bo‘lishini anglatmaydimi?

— Unchalikmas. Odamlarning organizmlari turli xil. Kimdir o‘zining immun ta’sirini ochiq namoyish etadi, kimdir xotirjamroq. Ammo ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, vaksinalar turiga qarab taxminan 90−96% samaradorlikni beradi, ya’ni odamlarning shuncha foizida immun ta’siri bo‘ladi.

Aslida, vaksina — bu infeksiyaning mulyaji. Koronavirusga qarshi vaksina — bu SARS-CoV-2 virusining mulyaji. Tirik virus organizmga kirganda, organizmning reaksiyasi qanday bo‘lishi noma’lum, chunki virus yuzasidagi juda ko‘p turli xil oqsillardan iborat. Va har bir oqsilga bizning immunitetimiz tegishli himoya antitanacha-oqsillarni ishlab chiqarish bilan javob beradi. Ammo bittagina virusli «boshoq» — virus yuzasida chiqib turgan spayk-oqsil — virusning hujayralarimizga (ASE-2 retseptorlari bo‘lgan joyda) yopishib, ularni zararlantirishga imkon beradi.

Vaksina tarkibiga esa virusning faqat kichik bir qismi — o‘sha spayk-oqsil kiradi. Qolgan qismlari preparatga kirmaydi. Shuning uchun vaksina har doim oldindan kutsa bo‘ladigan javobni beradi. U boshqa keraksiz oqsillarni ishlab chiqarishni qo‘zg‘atmaydi. U ma’lum oqsilni, ya’ni antitanachalarni ishlab chiqarishni qo‘zg‘atadi. Va aynan ushbu antitanachalar virus tanaga kirganda, uni neytrallashtirgan holda odamni himoya qiladi.

— Vaksinaning samaradorligi nimaga bog‘liq va vaksina meni himoya qilayotganini qanday bilishim mumkin?

— Immunogenlik bo‘yicha samaradorlik neytrallashtiruvchi antitanachalar ishlab chiqarilishi bilan tekshiriladi. Buni vaksina ishlab chiqaruvchilar tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda amalga oshirmoqdalar. Masalan, bizning mamlakatimizda Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari neytrallashtiruvchi antitanachalarning ishlab chiqarilishini tekshirish va uning samaradorligini aniqlash uchun vaksinaning birinchi, so‘ng ikkinchi va uchinchi dozalaridan keyin neytrallashtiruvchi antitanachalarga test olishgan.

Vaksina ommaviy tarzda qo‘llanganida esa uning samaradorligi ko‘plab omillarga, jumladan, vaksinani tashish va saqlash qoidalariga rioya qilinishi, emlash bo‘yicha umumiy tavsiyalarga rioya qilinishi va boshqalarga bog‘liq.

Ko‘pincha shunday savollar ham kelib tushadi: Men to‘liq emlandim, ammo baribir kasal bo‘lib qoldim. Demak, vaksina ishlamayaptimi? Agar yuqoridagi bandlar buzilmagan bo‘lsa ishlaydi, albatta. Shuni unutmangki, vaksina 100% samara bermaydi, demak, 100% kafolat ham yo‘q. Bunday kafolatni faqat quturish va qoqsholga qarshi vaksinalar beradi.

Ammo agar qoidalarga rioya qilingan bo‘lsa va antitangachalar baribir paydo bo‘lmagan bo‘lsa, unda bu ham fojia emas. Antitanachalar bo‘lmagan taqdirda ham (bu immunitetning gumoral bo‘g‘inidir), organizmimizda hali O‘zbekistonda aniqlanmaydigan T-hujayralar (hujayrali bo‘g‘in) mavjud. Shuningdek, V-xotira hujayralar hosil bo‘ladi, biz ularni ham tahlillarda ko‘rmaymiz, ammo ular virusga duch kelganda, darhol uni «eslaydi», immunitetni tezda himoyaga shaylab, kerakli antitanachalarni ishlab chiqaradi. Vaksina aynan ana shu funksiyani mashq qildiradi.

— Kasallikdan keyin va emlashdan keyingi antitanachalar tahlili o‘rtasida farq bormi?

— Bor. Umuman olganda, antitanachalar tahlillari o‘rtasida farq bor. Neytrallashtiruvchi antitanachalar degan tushuncha bor. Umumiy antitanachalar ham bor.

— Umumiy antitanachalar — bu IgM va IgG`mi?

— Umumiy antitanachalar ham, neytrallashtiruvchi antitanachalar ham IgM va IgG bo‘lishi mumkin. Bu bizning himoya V-hujayralarimiz tomonidan infeksiyaning turli davrlarida infeksiyaga javoban ishlab chiqariladigan turli xil immunoglobulinlar sinflari hisoblanadi. Eng boshida, hech bo‘lmaganda 7-kuni IgM antitanachalari, keyinchalik, kamida 2−3 hafta o‘tgach IgG ishlab chiqariladi.

Oldinroq ta’kidlaganimdek, butun virus ko‘plab turli xil oqsillar bilan qoplangan. Organizmimizga kiradigan har qanday begona oqsilga immunitetimiz tomonidan darhol «begona» deb qaraladi. Virusning ma’lum bir qismiga va uning har qanday oqsiliga u tegishli himoya antitanachalarini ishlab chiqara boshlaydi, ya’ni virus organizmga kirganda bizning immun tizimimiz juda ko‘p turli xil antitanachalar ishlab chiqaradi. Virus yuzasidagi ko‘plab oqsillar orasida faqatgina bittasi organizmimiz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu spayk-oqsil.

Immun tizimining vazifasi — ushbu begona oqsilni hujayramizga kiritmaslikdir. Kiritmaslik uchun bizga ushbu spayk-oqsilni neytrallashtiruvchi antitanachalar kerak. Bu vazifani esa vaksina bajaradi.

Olimlar vaksinani ustida ish olib borayotgan paytlarida turli xil oqsillarni va turli xil antitanachalarni sinab ko‘rishdi va nihoyat, virusni neytrallashtiruvchi kerakli oqsilni topdilar. Vaksina tarkibiga immunitetga xalaqit beruvchi ortiqcha oqsillar kirmaydi. Ularning hammasi olib tashlanadi. Vaksinada odamga yuqadigan va ko‘payadigan virusning hujayraga kirishiga to‘sqinlik qiladigan oqsil qoladi.

— Klinikalarda odamlar qanday antitanachalarga test topshirishadi?

— Turli xil. Bemorlarning murojaatlaridan ko‘rinib turibdiki, ko‘pincha umumiy antitanachalar tahlillari. Ammo ko‘pchilik umumiy va neytrallashtiruvchi antitanachalar o‘rtasidagi farqni tushuna boshlashdi. Tushunadiganlar, neytrallashtiruvchi antitanachalarga test topshirmoqda.

— Ammo siz neytrallashtiruvchilar ham IgM va IgG bo‘lishi mumkinligini aytdingiz. Ular neytrallashtiruvchilarga test topshirayotgan bo‘lsachi?

— Muhim emas. Agar odam aynan neytrallashtiruvchi antitanachalarga test topshirsa, agar ular aniqlansa, u holda virusni zararsizlantiradigan himoya mavjud. Neytrallashtiruvchi antitanachalar virusni yuqtirish uchun hujayraning domeni bilan bog‘lanadigan spayk-oqsilni to‘sib qo‘yadi. Receptor-Binding Domain (RBD) atamasi aynan shu joydan olingan. Antitanachalarga test tizimlari aynan shu oqsilni aniqlaydi.

— Shunday qilib, odamlar qanday test toshpirishyapti?

— Ular tushunar tushunmas hammasini topshirishadi. Odamlar kasallikning dastlabki kunlaridayoq bir vaqtning o‘zida PZR (virusni aniqlash) va antitanachalarga test topshirishadi. Ba’zi hollarda shifokorlar kovidga ilk shubha paydo bo‘lganda klinik tekshiruvlar bilan birga IFTga qon topshirish (koronavirusga qarshi antitanchalarni aniqlash uchun) bo‘yicha tavsiya berishayotganining guvohi bo‘lamiz. Bu nima uchun kerakligi umuman tushunarsiz. Axir bizga kerak bo‘lgan himoya antitanachalari eng yaxshi holatda, yuqtirish paytidan boshlab 2−3 hafta o‘tgach ishlab chiqarilishini, yaxshisi ularni kamida 1−3 oydan keyin ko‘rish kerakligini bilamiz. Agar odam bilimli shifokorga murojaat qilsa, uni neytrallashtiruvchi antitanachalarga test topshirishga yuborishadi va aynan kerakli paytda. Bunday antitanachalar tahlillari natijalarida «neytrallashtiruvchi antitanachalar» yoki RDB deb yoziladi.

Bizning «Vrachi Tashkenta» guruhimiz tahlillarni tushuntirishimizni iltimos qilgan postlar bilan to‘lib ketdi. «Menda virus bormi yoki yo‘qmi». Va antitanachalar tahlilini yuborishadi. Antitanachalar esa virus mavjudligi yoki yo‘qligi ko‘rsatkichi emas. Bu organizmning infeksiyaga uchragani va himoyaning ishlab chiqilishi ko‘rsatkichi. Ular buni nima uchun qilishayotganini tushunmayapman.

Umumiy antitanachalar himoyani ko‘rsatadi. Ammo ular umumiy himoyani ko‘rsatadi. Ular bu himoya bloklash lozim bo‘lgan spayk-oqsilni tezda va aniq neytrallashtirishini anglatmaydi. Umumiy antitanachalar virusni har tomondan qamrab olishi mumkin. Agar spayk-oqsil «ochiq» qolsa, tahlil natijalariga qaramay, virus hujayraga kirib boradi. Umumiy antitanachalar unga ta’sir qilmaydi. Aynan shuning uchun ham vaksina kerak.

— Antitanachalarga test topshirish kerakmi yoki yo‘qmi?

— Faqatgina qiziqishni qondirish uchun. Umuman olganda, bunga ehtiyoj yo‘q. Hech biriga. Umumiyga ham, neytrallashtiruvchiga ham. Masalan, emlashning samaradorligini aniqlash uchun ularni ilmiy maqsadlarda ko‘rib chiqish mumkin. Ammo har qanday antitanachalarning mavjudligi emlanish bo‘yicha qarorga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.

— Agar antitanachalarning mavjudligi emlanish qaroriga ta’sir qilmasligi lozim bo‘lsa, nima uchun kasallikdan keyin emlanish uchun uch oy kutish kerak?

— Men bu fikrga qarshiman. Bu pozitsiya men uchun tushunarsiz. Har ehtimolga qarshimi? Ba’zi tadqiqot guruhlari antitanachalarga bog‘liq infeksiyanining kuchayishi (ABI) effekti haqida gapirishmoqda. Ammo buning koronavirusga umuman dahli yo‘q. Va bu isbotlangan. Bu holat Zika, Ebola, Denge infeksiyalarida kuzatiladi, shunga o‘xshash effekt OIV infeksiyasi va boshqa kasalliklarda sodir bo‘ladi.

O‘z fikrlarimda men ko‘proq JSST tavsiyalariga, SDC (AQSh kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari) ko‘rsatmalariga, jiddiy raqiblar tahriridan o‘tgan, xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilingan turli ilmiy tadqiqotlar natijalariga tayanaman. Ularda esa kutishning hojati yo‘qligi aytilgan. Faqat og‘ir davr o‘tishini kutish kerak. Bu o‘tkir yallig‘lanishli yuqumli jarayonlar, yiringli jarayonlar, yuqori isitma. Yo‘tal va hid sezmaslik og‘ir davr hisoblanmaydi, chunki bu alomatlar bir necha oy davom etishi mumkin. Kasallikdan bir necha hafta o‘tgach, immunitet «tiklangach» emlanish kerak.

Kimdir kasallikdan keyin uch oy davomida emlanish mumkin emasligini aytadi. Rossiyalik olimlar bu muddatni olti oy deb hisoblashadi. Mening amaliyotimda esa ba’zi ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatgani kabi kovid o‘rtacha og‘ir kechganda ham umuman antitanachalar ishlab chiqarilmagan holatlar mavjud — na umumiy, na neytrallashtiruvchi. Bunday holatda kovidning og‘ir shakli bilan kasallangan odam yana kasal bo‘lib qolmasligini qanday kafolatlash mumkin?

Ha, sog‘ayib ketganidan so‘ng neytrallashtiruvchi antitanachalarga test topshirgan va ijobiy natijalarni olgach, himoya bor degan taxminga borib, hozircha emlanish zarurmas deb hisoblaydigan bemorlar ham bor. Ammo bu himoya qancha davom etishi ma’lum emas. Unaqada bu testlarni har oy o‘tkazish va antitanachalarning bor yo‘qligini bilib turish lozim. Biroq, odam ushbu testlarni necha marta topshiradi, qancha pul va vaqt sarflaydi? Tinchgina emlanish osonroq emasmi? Bundan tashqari, biz antitanachalar borligida emlanish zararli emasligini, aksincha, faqat immunitetimiz uchun «trenajyor» bo‘lib xizmat qilishini va virusdan himoyani kuchaytirishini bilamiz.

— O‘quvchilarimizning yozishicha, rus olimlarining ma’lumotiga ko‘ra, emlashdan keyin antitanachalarning soni 400, 600 yoki 1000 bo‘lishi kerak, bizning natijalarimiz esa 4,5ni ko‘rsatib turibdi. Go‘yoki, odamlar solishtirib bo‘lmaydigan qiymatlarni taqqoslashayotgandek.

— Takrorlayman. Bu har xil testlar bo‘lishi mumkin. Antitanachalarnig miqdorini ko‘rsatmaydigan optik zichlik testlari mavjud. Organizmda qancha antitanachalar borligini ko‘rsatuvchi miqdoriy tahlillar ham bor.

Agar biror kishi optik zichlik (IFT) testini topshirsa, natija 1200 optik birlik bo‘lishi mumkin. Bu odam o‘z natijalarini, masalan, neytrallashtiruvchi antitanachalar miqdorini millilitr qonda (AU/ml) o‘lchovchi boshqa test tizimi natijalari bilan taqqoslamasligi kerak.

Agar bu odam neytrallashtiruvchi antitanachalarning miqdori bo‘yicha testni titrda topshirsa, uning titri, masalan, 1:160 ni ko‘rsatadi. Optik zichlik va titrlar har xil ko‘rsatkichlar. Masalan, 1:160 yuqori titr. 1200 esa umuman titr emas. Bu boshqa o‘lchov tizimi.

Agar bir laboratoriyada ikki kishi bir xil test tizimidan foydalangan holda neytrallashtiruvchi antitanachalar sonini tekshirsa va bittasida 4, ikkinchisida 400 bo‘lsa, birinchisi kam, ikkinchisi juda ko‘p deb solishtirish mumkin.

Men shifokorlarga kovid bilan kasallangan odamni umumiy qon tahlili va shu bilan birga antitanachalar tahliliga yuborishning hojati yo‘qligini yetkazmoqchiman. Shifokorlar koronavirus uchun IFT tayinlashadi. Bu umuman noto‘g‘ri.

Himoya haqida gapirish uchun biz neytrallashtiruvchi antitanachalar miqdoriga e’tibor qaratamiz. Ammo ular kasallikdan keyin ikki hafta o‘tgach ishlab chiqariladi. Bundan tashqari ma’lum qiymatdan pastroq titr himoya qila olmasligi, bu ko‘rsatkichdan yuqoriroq titr himoya qila olishi haqida gapirishga hali erta.

Yaqinda, olimlar neytrallashtiruvchi antitanachalar miqdori koronavirus infeksiyasida kasallikning o‘tishiga qanday ta’sir qilishini ko‘plab odamlarda o‘rgangan tadqiqot e’lon qilindi. Ko‘rsatkichlar, masalan, 50−80 AU/ml`dan past bo‘lgan odamlar guruhida kasallik og‘irroq kechgan. 80 dan 160 AU/ml`gacha — yengilroq. Va kimda 320 AU/ml`dan ortiq bo‘lgan bo‘lsa esa kasallik juda yengil kechgan.

Bizga xalqaro o‘lchov birliklari kerak — hamma tushuna oladigan universal raqamlar. Chunki turli mamlakat olimlari juda ko‘p izlanishlar olib bormoqdalar. Ular umumiy ko‘rsatkichda to‘xtalishlari lozim, shunda turli mamlakatlardagi turli test tizimlarining natijalari hamma uchun tushunarli bo‘ladi.

Kovid uchun standart xalqaro panellar ham mavjud bo‘lib, ulardan foydalangan holda test tizimlari sifatini nazorat qilish, keyinchalik ularning o‘lchov birliklarini birlashtirish mumkin.

Dildora Sekler «Gazeta.uz»ga bergan intervyusining ikkinchi qismida nima uchun O‘zbekistonda pnevmoniya bilan kasallanganlar sonining ko‘payayotgani, «delta» koronavirusi avvalgilaridan nimasi bilan farq qilishi va nima uchun vaksinalar — insoniyatning eng katta yutug‘i ekanligi va nima uchun ulardan qo‘rqmaslik kerakligi haqida gapiradi.