Farg‘ona viloyatida to‘rt kishi, jumladan uch nafar voyaga yetmagan bola taksi haydovchisini o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov habar qildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, 20 iyul kuni soat 02:50 larda fuqaro T.K. (2003 y.t.) voyaga yetmagan tanishlari D.A. (2004 y.t., maktab o‘quvchisi), N.A. (2004 y.t.) va M.T. (2005 y.t., maktab o‘quvchisi) bilan aholiga pulli transport xizmati ko‘rsatuvchi biron-bir haydovchini xilvat joyga olib borib, o‘zini o‘ldirib, avtomashinasi va mol-mulklariga egalik qilishga o‘zaro kelishishgan. Ular telefon orqali Farg‘ona shahrida joylashgan Eva Taxi MCHJning xizmat ko‘rsatuvchi operatoriga qo‘ng‘iroq qilishib, Quva tumaniga borishlari haqida buyurtma berishgan.

Ushbu buyurtma asosida soat 02:58 larda ushbu jamiyatga a’zo bo‘lgan haydovchi A.A. (1975 y.t.) Nexia-3 avtomashinasida yetib kelgan va ular A.A. bilan 150 ming so‘m evaziga Farg‘ona shahridan Quva tumanida joylashgan «Karkidon» suv omboriga borib-kelishga o‘zaro kelishib, Quva tumani, Tolmazor mahallasida joylashgan «Muxammadsaid Ozodbek» fermer xo‘jaligi dala maydoniga yetib kelishgan vaqtida, A.A.ga hujum qilishib, avtomashinani to‘xtatishib, uni qasddan o‘ldirishgan.

So‘ngra, avtomashina va marxumning yonida bo‘lgan 50 ming so‘m pul hamda 1 dona Xiaomi Mi Note Pro telefonini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan.

20 iyul kuni viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi «i, p» bandlari (tamagirlik niyatida, bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirish) va 164-moddasi 3-qismi «g» bandi (Bosqinchilik: badanga og‘ir shikast yetkazgan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular gumondor sifatida ushlangan.