«Asakabank» bosh ofisi hamda Buxoro viloyat filiali mansabdor shaxslari, G. B. A. kompaniyasi rahbari va K. S. MCHJ xodimlari firibgarlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Buxoro viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, ular «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish» loyihasi doirasida «Osiyo taraqqiyot banki» mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan imtiyozli kredit mablag‘larini soxta hujjatlar asosida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda gumon qilinmoqda.

Gumondorlar o‘zaro jinoiy til biriktirib, «Asakabank» AJning 2017 yilga mo‘ljallangan kredit siyosatida belgilangan kredit ajratishning umumiy mezoni talablariga zid ravishda, kredit summasining garov ta’minoti bilan yetarli miqdorda ta’minlanmagan holda ayrim hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan 2 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan.

Ular davlat va bank manfaatlariga kreditning asosiy qismi to‘lanmaganligi natijasida 1,28 mln dollar (ekvivalentda 13,57 mlrd so‘m) hamda foiz va penya qarzdorligi hisobidan 358 ming dollar (ekvivalentda 3,79 mlrd so‘m) miqdorida zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish» loyihasi doirasida O‘zbekiston OTB o‘rtasida 154,0 mln dollar miqdorida 2017 — 2021 yillarda amalga oshirishga mo‘ljallangan qarz bitimi imzolangan.

Ikki yil davomida 151 mln dollar miqdoridagi kredit liniyalari uchun ajratilgan mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirilgan, shuningdek, loyihani boshqarish va monitoring qilish uchun 3 mln dollar ajratilgan.

Xabar qilinishicha, ajratilgan mablag‘lar hisobidan 161 ta fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan: 137 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimlari hamda zamonaviy issiqxonalarni joriy etish bilan 3370 gektar maydonda intensiv bog‘lar; 67 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan 58 ta sovutish omborlari, yillik quvvati 121 ming tonnaga teng bo‘lgan 28 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash liniyalari hamda 3500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar kengashi 2018 yil 14 iyunda qo‘shimcha 198 mln dollar miqdorida loyihani qo‘shimcha moliyalashtirish uchun, 5 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, to‘lash muddati 25 yil bo‘lgan qarzni O‘zbekistoga taqdim etilishini ma’qullagan.