Tojikistonning Jayxun tumanida qochqinlarni vaqtinchalik saqlash bazasi qurilishi uchun maxsus joy ajratildi. Bu haqda 19 iyul kuni matbuot anjumanida Xatlon viloyati raisi Qurbon Hakimzoda ma’lum qildi, deya xabar berdi «Aziya-plyus».

Buning uchun viloyat byudjetidan zarur mablag‘ ajratilgan. Qurilish ishlarini Tojikiston IIV xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Hudud rahbari ilk qochqinlarning Quyi Panj ko‘prigi orqali Xatlon viloyatiga qurol-yarog‘ va texnikalari bilan kirib kelgan 113 nafar harbiy bo‘lganini ham aytib o‘tdi.

«Biz ularni qabul qildik, chodirlar va issiq ovqat bilan ta’minladik. 94 kishi Shamsiddin Shoxin tumaniga chegaradan o‘tishdi. Ular uchun chegaradosh bozorda chodirli shaharcha qurdik. Mo‘minobod tumanidagi Mo‘mirakda [qishlog‘i] ham markazlashtirilgan chodirli shaharcha tashkil etildi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Qurbon Hakimzoda Xatlon viloyatida bo‘lgan va Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hududiga davlat chegaralari orqali o‘tgan barcha qochqinlar Ko‘lob aeroportidan Kobulga qaytganini ma’lum qildi.

U Tojikistondagi fuqarolik urushi vaqtida afg‘onlar fuqarolarni qabul qilib, oylar davomida turar-joy, oziq-ovqat bilan ta’minlaganini eslatib o‘tdi.

«Bugun ular boshiga mushkul ish tushdi va biz shunchaki odamgarlik yuzasidan yordam berishga majburmiz. Albatta, xavfsizlik va sanitariya me’yorlarini hisobga olgan holda», — deya ta’kidladi Qurbon Hakimzoda.

Eslatib o‘tamiz, 7 iyul kuni Tojikiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXSHT) Afg‘oniston bilan chegarada xavfsizlikni kuchaytirishga yordam berishni so‘ragan edi. O‘shanda Tojikistonning KXSHTdagi doimiy vakili so‘nggi ikki hafta ichida Afg‘oniston hukumat kuchlarining 1500 ga yaqin harbiy xizmatchilari Tojikiston hududiga o‘tganini ma’lum qildi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Iyul boshida Eurasianet hukumat kuchlari va «Tolibon» o‘rtasidagi janglar bo‘lib o‘tayotgan Afg‘onistonning chegaradosh hududlaridan qochqinlar oqimi kirib kelishi kutilayotgani munosabati bilan O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida Termiz yaqinida chodirli shaharcha qurilgani haqida xabar bergan edi. «Gazeta.uz» mazkur xabarni tekshirish uchun 8 iyul kuni DXX Chegara qo‘shinlari rahbariyati nomiga yozma so‘rov jo‘natgan edi, biroq hozircha javob olgani yo‘q.