AnotherDay Telegram kanali muallifi Jahongir Azimov AQShdagi Emori Universitetida fan doktori unvonini olgan Donoxon Abdug‘afurova bilan uning akademik sohadagi yo‘li, tadqiqotlari hamda afsonaviy yozuvchi, Anbar Otin haqida suhbatlashdi. «Gazeta.uz» ushbu intervyuning o‘zbek tiliga tarjimasini taqdim etadi.

Namangan viloyatining Yorqo‘rg‘on qishlog‘ida katta bo‘lgan Donoxon Abdug‘afurova yoshligidan — dalada ishlab yurgan vaqtlaridan — universitetda o‘qishni orzu qilardi. U o‘z maqsadiga erishdi. Avval Namangan davlat universitetida bakalavr darajasini oldi, 2001−2002 o‘quv yilida gumanitar fanlar sohasida prezident stipendiyasi sohibasi bo‘ldi, keyin Vayoming universitetida (AQSh) magistraturada o‘qidi, endi esa Emori Universitetida Islom sivilizatsiyalari (gender, din va tarix bo‘yicha) yo‘nalishida fan doktori unvonini oldi.

Donoxon ortga nazar tashlab, bolaligini eslaydi. «Men o‘zbek adabiyotini doim yaxshi ko‘rardim», — deydi u. Uning ta’lim olishida katta rol o‘ynagan akasi uyga gazeta olib kelar va uni katta sarlavhalar orqali o‘qishga o‘rgatar edi. (Keyinchalik, u qarindoshi Farog‘at bilan badiy asarlarni muhokama qilar edi). Adabiyotning katta ixlosmandi bo‘lgan akasi o‘z yozgan she’rlarini Donoxonga o‘qib berar edi. «Lekin men she’r yoza olardim deyolmayman», — aniqlashtiradi u. O‘sha vaqtlardayoq Donoxon o‘zini tadqiqotchi sifatida sinab ko‘rar va akasining she’rlarini tahlil qilar edi. Yillar o‘tib, bu qiziqishlar uni AQShning Jorjiya shtatidagi Emori Universitetining doktoranturasiga yetaklab keldi.

Donoxon — tadqiqotchi, olima va fan doktori. Uning keng qamrovli qiziqishlari o‘zbek adabiyoti, o‘zbek she’riyati, o‘zbek jamiyatida odobning (madaniyatlilik) roli hamda O‘zbekiston tarixida ayol yozuvchilar va shoiralarni o‘z ichiga oladi. «Mening qiziqishlarim uzoq vaqt davomida shakllangan, — deydi Donoxon. — Bunda muhim rolni Namangan davlat universitetidagi ta’lim o‘ynagan». Buni u doktoranturaga suhbatdan o‘tayotganida tushungan.

Ba’zan sen to‘g‘ri yo‘lda ekanligingni tushunish uchun juda ko‘p vaqt talab etiladi. O‘shanda Donoxondan «Nega aynan siz ushbu dasturga mossiz?» deb so‘rashganida, u O‘zbekistonda olgan ta’limi orqali Markaziy Osiyo tarixi, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha kuchli nomzod ekanligi va qolaversa mutaxassislikka mo‘ljallangan O‘zbekiston ta’lim tizimi Amerika oliy ta’lim tizimidan farq qilishini aytadi.

O‘zbekiston ta’lim tizimi bilan solishtirganda, Amerikadagi bakalavr talabalari o‘qishga kirishda ma’lum mutaxassislikni tanlashni talab qilmaydi. Talabalar o‘qish jarayonida umumiy bilimlarini olishadi va hattoki uchinchi va to‘rtinchi kurslarida ham o‘z yo‘nalishlarini o‘zgartirishlari mumkin.

Donoxon Kibriyo Qahhorovaga doir ilmiy ishlari haqida maktab o‘quvchilariga so‘zlab bermoqda (Rasmda Adabiyotshunos Olima Marxabo Qo‘chqorova bilan) Abdulla Qahhor Uy Muzeyi, Toshkent, 2018 yil. Foto: Donoxon Abdug‘afurovaning shaxsiy arxividan.

Donoxon ilmiy ishlari orqali stereotiplarni yengishni xohlaydi, doktoranturani esa o‘zining aniq maqsadi deb ataydi. «Men AQShda doktoranturadagi o‘qishimga qancha vaqt sarflashimni bilmasdim, lekin o‘z maqsadimga erishishni xohlardim», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Donoxonning aytishicha, Amerikada universitetga kirish uchun faqat xohishning o‘zi yetishmaydi. Yo‘nalishni aniqlash va qayerga topshirishni ham bilish kerak. Boshida u Amerikadagi oliygohda o‘zbek tilidan dars berish haqida ham o‘ylagan, lekin bunday imkoniyatlar kam bo‘lganligi uchun u boshqa imkoniyatlarni izlagan. Shunda u «Emori»ga to‘qnash keladi. «Bu imkoniyat menga o‘z qiziqishlarim va oldingi tajribamni birlashtirish imkoniyatini berdi», — deydi u.

Donoxonning disertatsiyasi quyidagicha nomlanadi: «Public Selves, Private Selves and Mirrored Selves: Muslim Central Asian Women’s Approaches to Life Writing». Boshqacha qilib aytganda, u Sovet O‘zbekistonida o‘zbek yozuvchi-ayollari va shoiralari o‘z hayotlarini asarlarida qanday tasvirlaganlarini o‘rganadi. Ular orasida Saida Zunnunova, Zulfiya, Zarifa Saidnosirova, Kibriyo Qahhorovalar bor. Ijoddan tashqari, ushbu ayollarni o‘zbek yozuvchilarining turmush o‘rtoqlari bo‘lganliklari ham birlashtiradi, shuningdek, ular ilmiy/badiiy asarlar ham yozishgan. «Mirrored (Oyna) metaforasini men ayollarning jamoatchilik oldidagi va shaxsiy obrazlarining o‘zaro aloqasini adabiy asarlardagi ko‘rinishini ifodalash uchun ishlataman», — deya tushuntiradi u.

Donoxon o‘rgangan yozuvchi-ayollar orasida Anbar Otin ham bor, lekin u dissertatsiyaga kiritilmagan. Anbar — o‘zbek adabiyotida yorqin, lekin afsonaviy shaxs, uning hayot bo‘lganligi adabiyot doiralarida shubha ostiga olinsada, uning asarlari, ayniqsa «Qoralar Falsafasi» asari jamiyatdagi bir qator muammolarni ko‘taradi. Donoxon u haqida bir nechta maqolalar yozgan. Maqolalarida Anbarning haqiqatda bo‘lganligi yoki bo‘lmaganligi emas, mavjud asarning ayollar qayg‘usi, tashvishi va orzularining ifodasi ekanligiga va asrning badiiy va ijtimoiy qimmatiga e’tibor qaratadi.

— Men ko‘proq Anbar Otin haqida gaplashmoqchi edim. U haqida ozgina ma’lumot bera olasizmi?

— Payqagan bo‘lsangiz kerak, Anbar Otin juda qiziq shaxs, ba’zilar u hayot bo‘lmagan ham deyishadi. Biroq bizda uning asarlari bor. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, u 1870 yilda Qo‘qonda tug‘ilgan va taxminan 1915 yilda vafot etgan. U juda qisqa umr ko‘rgan — bor yo‘g‘i 45 yil. Boy xotinlar uni «tili o‘tkirligi» sababli zinadan itarib yuborishganligi oqibatida Anbar umrining oxirigacha falaj bo‘lib qoladi.

Anbar «Risalai Falsafai Siyohon» asari orqali shuhrat qozonadi. «Risala» faqatgina 43 betdan iborat bo‘lganligiga qaramasdan juda ham muhim asar. U asarda oddiy va xo‘rlangan odamlar hayoti haqida yozadi. U yordamga muhtojlarni barcha narsaga qodirlardan ajratadi. Uning qalami o‘tkir, bu esa ayrim erkaklarning g‘azabini keltirgan.

O‘ylaymanki, erkaklar tomonidan bunday munosabat bo‘lishi tabiiy holat edi, bunday munosabatlar boshqa jamiyatlarda ham kuzatilgan. Fors shoiralarini o‘rganuvchi eronlik tadqiqotchi yozgan edi. Jamiyatdagi mavjud qoidalar asosida : «Agar oldingizda yaxshi adabiy asar turgan bo‘lsa, u ayol kishining qalamiga mansub bo‘lishi dargumon (deb o‘ylashadi). Agar ayolning talantini tan olsang, adabiyotga hurmatsizlik qilgan bo‘lasan». Bu yerda erkaklar ayollar kuchli asar yozolmaydi degan fikrga yopishib qolishgani va shu orqali adabiyotni o‘z nazoratlari ostida ushlashlari ko‘rsatib o‘tilgan. Men Anbar hayot bo‘lganligi yoki yo‘qligini isbotlash bilan shug‘ullanmoqchi emasman. Bizda uning jamiyatning og‘riqli nuqtalarini ochib beruvchi ijtimoiy muammolar haqida hikoya qiladigan asarlari bor, shuning uchun ularni o‘rganish muhim.

— Anbar mahalladagi maktabda ta’lim olgan. 19 asrning ikkinchi yarmida ta’lim olgan o‘zbek qizi bo‘lish qanday bo‘lardi?

— Bu o‘qishni bilish va yoza olishni anglatardi. Bu qizlar uchun boshlang‘ich bosqich bo‘lgan. Tarixdan bilamizki, qizlarni yozishdan ko‘ra o‘qishga ko‘proq o‘rgatishgan, chunki odamlar: «Agar qiz bola yozishni o‘rgansa, u ishqiy xatlar yozishni boshlaydi», deb o‘ylashgan va ta’qiqlashgan.

Anbar Dilshod Barnodan ta’lim olgan. Dilshod mahalladagi otin bo‘lgan. Qizlar boshlang‘ich ta’limni otinlardan olishardi. Ular mahallalardagi diniy bilimli ayollar bo‘lgan. Shuningdek, o‘qimishli ayollar ham otin sanalgan. Ba’zida imomlarning xotinlari yoki adabiyot bilan tanish bo‘lganlar ham qizlarga dars berishgan, chunki boshlang‘ich ta’lim dinga ham, dunyoviy ilmlarga ham o‘qitishni o‘z ichiga olardi.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi, Vashington, 2019 yil. Foto: Donoxon Abdug‘afurovaning shaxsiy arxividan.

— Anbarning o‘zi ham otin bo‘lgan, lekin taxallus olmagan. Otin bo‘lish jamiyatda nimani anglatar edi?

— Agar ayol kishiga otin deb murojaat qilinsa, bu odamlar uning ziyoli ekanligini tan olishlarini anglatar edi. Anbar o‘z bilimlari bilan o‘zini ushbu maqomga loyiq deb bilgan. Nodiriy, Uvaysiy va Moxlar-Oyimdan farqli o‘laroq, Anbar o‘zining haqiqiy ismi bilan ijod qilgan. Buni uning shaxsiyatining bir qismi deb bilaman.

— Anbar nogiron bo‘lib qolgan ekan. Siz boy xotinlar uni zinadan itarib yuborganligi, natijada uning oyoqlari sinib, falaj bo‘lib qolganligi haqida yozgansiz. Bu fojia ro‘y berganida Anbar necha yoshda bo‘lgan? Uning bunday holatga tushishi ijodiga qanday ta’sir ko‘rsatgan?

— U 45 yil yashadi. Bu fojia uning farzandlari bo‘lgan paytda sodir bo‘lgan. U kasal bo‘lgan yillarda qizi unga yordam bergani haqida yozadi. Anbar o‘g‘li va boshqa farzandlari haqida ham yozgan.

Bu baxtsiz hodisa albatta uning ijodida iz qoldirgan. Biz uning asarlarida melanxolik va depressiv kayfiyatni ko‘rishimiz mumkin. Biroq, u kelajakni o‘zi ko‘ra olmasligini bilsa ham, uni yorqin deb tasavvur qilardi.

— Siz u kelajakni yorqin deb tasavvur qilganligini aytdingiz va maqolangizda Anbarning ta’rifidagi zulmat vaqtinchalik hodisa ekanini yozgansiz. Uning fikricha bu zulmat qachon tugashini taxmin qilib ko‘rish mumkinmi?

— Bilim olish orqali. U «qaro tun» va «qaro zulmat» so‘zlarini ishlatadi. Yorug‘lik bilim ma’nosida ham ishlatiladi.

— Anbar siyosiy jihatdan faol bo‘lgan deya ta’kidlash mumkinmi?

 — Men u siyosiy faol bo‘lgan deyishdan tiyilardim, chunki 19−20 asrdagi siyosiy faollik jadidlarga xos bo‘lgan. Ayollar unchalik faol bo‘lmagan, deb o‘ylaymiz, lekin Temur Ko‘chi O‘g‘li bunday fikrda emas. To‘g‘ri, jadidlar doirasida faol ayollar bo‘lgan, lekin men Anbar ularga taalluqli bo‘lgan demasdim. U shunchaki o‘zining hissiyotlari, fikrlari va umidlari bilan bo‘lishgan.

— Siz o‘z maqolangizda 19-asrda Markaziy Osiyoda keng ayollar adabiy jamiyati shakllanganligi haqida yozasiz. Sizningcha, ushbu jamiyatning o‘sishiga qanday omillar sabab bo‘lgan?

— Markaziy Osiyoda adabiy an’analar kuchli bo‘lgan, bu Qo‘qon xonligida Umarxon hukmronligi bilan ham bog‘liq. Umarxon adabiyotni yaxshi ko‘rgan, o‘zi ham ijod qilgan, shoirlarni qo‘llab-quvvatlagan. Uning turmush o‘rtog‘i, Nodira ham she’riyatni yaxshi ko‘rgan va ayollar o‘rtasida adabiy aloqalarni o‘rnatgan. U Uvaysiyni xonlikka taklif qilgan. Va bu adabiy doiralarda «domino effekti» ish bergan, bu Anbarning adabiyotga qiziqishini ham tushuntiradi.

— Maqolangizdan iqtibos: «U (Anbar) ijodi ruxsat berilgan chegaralardan tashqariga chiqayotganligini va erkaklar hududiga o‘tayotganligini bilardi». Xuddiki u ushbu chegaralarni atayin buzgandek.

— U ba’zi she’rlarida shunday yozadi: «Ex, Anbarotincha, bu haqida gapirma, ko‘p odamlar bunday so‘zlarni deb jonidan ayrilgan, sen shunchaki ayolsan». U yozuvchilik erkaklarga tegishli ekanligini tushungan, bu bir tomondan u nima uchun o‘z asarlarini ommaga taqdim etishdan qo‘rqqanini tushuntiradi. Adabiy doiralar ayol yozuvchilar uchun ochiq bo‘lsa ham, hukumat va diniy rahbarlarning tanqid qilinishi katta jasorat edi.

AQShdagi Jorj Vashington Universiteti, 2019 yil. Foto: Donoxon Abdug‘afurovaning shaxsiy arxividan.

— Anbar o‘z she’rlarida bu dunyoga yomon soatda kelganini yozadi. Siz bu so‘zlarni maqolangiz nomida ishlatgansiz. Sizga falsafiy savol berishga ruxsat bering: U haqiqatdan ham yomon soatda dunyoga kelganmi? Biz buni qanday qilib aniq tushunishimiz mumkin?

 — Ha, u quyidagi so‘zlarni yozadi:

Jahon-og‘uga kelgan Anbar Otinman,

G‘amu qayg‘uga kelgan Anbar Otinman.

Yamon soatda keldim men jahonga,

Ini joduga kelgan Anbar Otinman.

Adab ahli oyoq ostida xordur,

Chunin yog‘uga kelgan Anbar Otinman.

Uning ijodida vaqt tushunchasi va tarifi juda qayg‘uli. O‘quvchi Anbarning noto‘g‘ri vaqtda dunyoga kelganman degan iddaosini tushunadi, chunki uning dunyosi himoyasiz edi, u vaqtda juda ayanchli narsalar sodir bo‘layotgan edi. Shuning uchun ham, u hayotida duch kelgan barcha qiyinchiliklar o‘sha vaqtga xos ilojsiz ekanini tan oladi.

— Savolni boshqacha bersam. Barchamiz ushbu hayotga aniq bir maqsad va missiya bilan ma’lum bir vaqt oralig‘ida kelamiz. Anbar dunyoga yomon vaqtda kelgani haqida yozadi, lekin, fikrimcha bu u qilgan ishlarni inkor qilish bilan teng. U biz bilan bir vaqtda dunyoga keldi deb tasavvur qilaylik, unda biz u o‘z vaqtida tug‘ildi deya olamizmi?

— Nima haqida gapirayotganligingizni endi tushundim. «Erta» yoki «o‘z vaqtida» tushunchalari ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning melanxolik kayfiyatini inobatga olsak, balki uning so‘zlarida og‘ir psixologik holat aks etgandir. Agar ayollar qandaydir maqsadlariga erisha olishlari haqida gapirsak, u yaxshiroq vaqtlar oldindaligini nazarda tutgan. Uning fikriga ko‘ra, ayol kishi ta’lim olishi va kuchli bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaqt keladi. U shu orqali o‘zini kelgusi zamon yaxshi bo‘lishiga ishontirgan.


Donoxonning akademik yo‘li shu bilan tugab qolmaydi, balki endi boshlanmoqda. Kelajakda u islom etikasi, kelinlarning qariyalar va ota-onalar haqida g‘amxo‘rlik qilishdagi o‘rni masalalarini o‘rganishni rejalashtirmoqda. «Qariyalar haqida qayg‘urish bo‘yicha g‘arb ijtimoiy normalari sharqnikidan farq qiladi, va men uchun bu muhim yo‘nalish», — deydi u.

Intervyumiz so‘ngida men Donoxondan unga qanday savol berishimni xohlashini so‘radim. U esa «Donoxon o‘zi kim?» degan savol bilan yuzlanishimni so‘radi. Donoxon — dalada ishlashni yomon ko‘rgan va ta’limni yagona qutqaruv yo‘li deb bilgan qishloq qizi. Onasi erisha olmagan maqsadni ro‘yobga chiqargan qizaloq ta’lim olib, onasining faxri bo‘ldi. Akademik karera qilish uchun ota-onasining oq fotihasini olgan va turmush o‘rtog‘i tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, fan doktori bo‘lgan «qizaloq».